JIDU talabalari V Toshkent xalqaro investitsiya forumida faol ishtirok etdilar

JIDU talabalari V Toshkent xalqaro investitsiya forumida faol ishtirok etdilar

    JIDU talabalari V Toshkent xalqaro investitsiya forumida faol ishtirok etdilar

    JIDU talabalari V Toshkent xalqaro investitsiya forumida faol ishtirok etdilar

    Joriy yilning 16–18-iyun kunlari Toshkent shahrida “Investitsion barqarorlik: yangi ufqlar, yangi hamkorliklar” shiori ostida V yubiley Toshkent xalqaro investitsiya forumi bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi tomonidan tashkil etilgan nufuzli anjumanda dunyoning 102 davlatidan 10 409 nafar ishtirokchi qatnashdi.

    Forum yakunlariga ko‘ra, energetika, transport, “yashil” iqtisodiyot, sanoat va boshqa strategik yo‘nalishlarda umumiy qiymati 43,1 milliard AQSH dollariga teng bo‘lgan 177 ta bitim imzolandi. Mazkur ko‘rsatkich forum tarixidagi rekord natija bo‘lib, O‘zbekistonning xalqaro investitsiyaviy jozibadorligi tobora ortib borayotganini yana bir bor namoyon etdi.

    Forum doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Germaniya Federal Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer, Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohim, shuningdek, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki hamda Yangi taraqqiyot banki rahbarlari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazdi. Yalpi majlisda davlatimiz rahbari investitsiyalarni texnologiyalar, bilim va taraqqiyotning muhim asosi sifatida baholab, mamlakat investitsiya siyosatining oltita ustuvor yo‘nalishini belgilab berdi.

    Mazkur global anjumanda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti Xalqaro iqtisodiyot va menejment fakulteti talabalari ham faol ishtirok etdilar. Odil Po‘latov, Jamshid Abdulazizov, Nazarbek G‘oziyev va boshqa talabalar BlackRock, JPMorgan Chase hamda Frankfurt Finance kabi xalqaro kompaniyalar vakillariga hamrohlik qilib, tarjimonlik va tashkiliy masalalarda o‘z bilim va ko‘nikmalarini namoyish etdilar.

    Talabalarning yuqori darajadagi xalqaro forumdagi ishtiroki ularga nazariy bilimlarini amaliyotda qo‘llash, xalqaro ishbilarmonlik muhiti bilan yaqindan tanishish hamda professional muloqot, tarjimonlik va protokol ko‘nikmalarini rivojlantirish imkonini berdi. Forum doirasida erishilgan kelishuvlar esa O‘zbekiston iqtisodiyotiga zamonaviy texnologiyalarni jalb etish, yangi ish o‘rinlarini yaratish va mamlakatning xalqaro nufuzini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.