Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetiga 2023-2024 o‘quv yili uchun abituriyentlarning hujjatlari 2023-yil 15-iyundan 5-iyulgacha bo‘lgan muddatlarda onlayn ariza topshirish orqali qabul qilinadi.

Hujjatlar quyidagi bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha qabul qilinadi:

60310800 – “Xalqaro munosabatlar”

60310700 – “Siyosatshunoslik”

60412000 – “Xalqaro iqtisodiyot va menejment (mintaqalar va faoliyat turlari bo‘yicha)”

60420100 – “Yurisprudensiya (faoliyat turlari bo‘yicha)”

Abituriyentlar tomonidan elektron ro‘yxatdan o‘tish tizimi – https://admission.uwed.uz orqali onlayn ariza to‘ldirilib, ro‘yxatga olish mobaynida talab etiladigan hujjatlarning elektron nusxasi yuklangach, dastlabki imtihonga yo‘llanma beriladi. Ro‘yxatga olingandan so‘ng, abituriyent dastlabki imtihon sanasi va vaqti haqida ma’lumotga ega bo‘ladi.

Diqqat! 2023-yilda dastlabki imtihon 1-iyuldan 6-iyulgacha bo‘lgan muddatlarda abituriyentlarning xohishiga ko‘ra, onlayn yoki an’anaviy shakllarda o‘tkaziladi.

Dastlabki imtihon uch blokdan iborat quyidagi savollarni o‘z ichiga oladi:

1-blok. Abituriyentning intellektual darajasini aniqlash (IQ test sinovlari, 40 ball).

2-blok. Ona tilini (o‘zbek yoki rus tili) bilish darajasini aniqlash. Madaniyat, san’at, tarix, geografiya kabi fanlar va dolzarb ijtimoiy mavzular yuzasidan savod darajasi va o‘z fikrini bayon etish qobiliyati baholanadi (100-150 so‘zdan iborat qisqacha esse, 30 ball).

3-blok. Xorijiy tillarni (ingliz, fransuz yoki nemis tillari) bilish darajasini aniqlash (Test, 30 ball).

IELTS bilim darajasi kamida 5,5 ball, TOEFL IBT  kamida 61 ball, shuningdek, DaF Test, GOETHE sertifikati, DELF imtihonlari uchun Multilevel usuli (CEFR) bo‘yicha B2 minimal darajasini belgilovchi tegishli til sertifikatiga ega bo‘lgan abituriyentlar uchun xorijiy til bo‘yicha maksimal  30 ball belgilanadi.

Jami 50 ball va undan yuqori ball to‘plagan abituriyentlarga Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan JIDUga o‘qishga kirish uchun o‘tkaziladigan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha kirish imtihonlarida ishtirok etish uchun ruxsat beriladi.

Faqatgina dastlabki imtihonni muvaffaqiyatli topshirgan abituriyentlargina https://my.gov.uz/ saytining “Abituriyentni onlayn ro‘yxatdan o‘tkazish” xizmati orqali yo‘riqnoma bo‘yicha JIDU ta’lim yo‘nalishlaridan birini tanlash imkoni beriladi. Ayni paytda abituriyentlar istagiga ko‘ra, turli OTMlardan JIDU ta’lim yo‘nalishlarini hisobga olganda jami 5tagacha ta’lim yo‘nalishlarini tanlash imkoniyati mavjud.

Qo‘shimcha savollar bo‘yicha JIDU Qabul komissiyasiga murojaat qilishingiz mumkin:

Elekron pochta manzili: admission@inno.uwed.uz

Telegram: @uwed_admission

Call-Markaz telefon raqamlari:

+998 (71) 268-35-40

+998 (71) 267-08-16

+998 (71) 267-08-52