Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida Sayyor sud majlisi bo‘lib o‘tdi
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida Sayyor sud majlisi bo‘lib o‘tdi
Joriy yilning 16-may kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudi sudyasi S.Abduganiyev raisligida Sayyor sud majlisi bo‘lib o‘tdi.
Sud jarayonida Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor O.Yusufjonov, JIDU Yuridik klinikasi direktori Z.Ubaydullayev, sud kotibi, davlat ayblovchisi, sudlanuvchi, advokat hamda Xalqaro huquq fakulteti talabalari ishtirok etdi.
Sayyor sud majlisida Jinoyat kodeksining 276-moddasi: “Giyovandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlamay qonunga xilof ravishda tayyorlash, egallash, saqlash va boshqa harakatlar” 1-qismida ko‘rsatilgan jinoyat sodir qilgan shaxsga oid jinoyat ishi ko‘rib chiqildi.
Talabalar sud protsessi bosqichlari, ishga doir umumiy ma’lumotlar bilan tanishish, sud amaliyotini joylarda tadbiq etilishi bilan yaqindan tanishishdi. Mazkur ish bo‘yicha og‘irlashtiruvchi va yengillashtiruvchi holatlar bo‘yicha zaruriy ma’lumotlar berildi va bu talabalarning nazariy bilimlarini amaliy ko‘nikmalar bilan boyitish qatorida bu turdagi jinoyatlarga qarshi immunitetini shakllantirishga xizmat qildi. Hukm chiqarilishidan oldin sudya sud hukmi toʻgʻrisida tinglovchilarning fikrini soʻrashga qaror qildi. Jarayon yakunida talabalar oʻzlarini qiziqtirgan savollariga javob oldilar.