Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida “Aholiga huquqiy yordam ko‘rsatish va huquqiy savodxonligini oshirishda fuqarolik jamiyati institutlarining o‘rni” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida “Aholiga huquqiy yordam ko‘rsatish va huquqiy savodxonligini oshirishda fuqarolik jamiyati institutlarining o‘rni” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi
Joriy yilning 16-noyabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida “Aholiga huquqiy yordam ko‘rsatish va huquqiy savodxonligini oshirishda fuqarolik jamiyati institutlarining o‘rni” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbir “Fuqarolik jamiyati haftaligi” doirasida “Yuksalish” umummiliy harakati tomonidan JIDU hamda O’zbekiston Notarial palatasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Mamlakatimizda aholining huquqiy savodxonlik darajasini oshirish, bepul yuridik yordam ko‘rsatish tizimi samarali yo‘lga qo‘yilgan. Buning natijasida fuqarolarga huquqiy maslahatlar va tushintirishlar berish yo’li bilan birlamchi bepul yuridik yordam ko‘rsatilmoqda.
Ushbu davra suhbatida aholiga huquqiy xizmat ko‘rsatuvchi davlat organlari, bepul yuridik yordam ko’rsatish bilan shug‘ullanuvchi nodavlat notijorat tashkilotlari va keng jamoatchilik vakillari O‘zbekistonda aholining huquqiy savodxonligi holatini tahlil qildi. Shuningdek, notijorat tashkilotlarning bepul yuridik yordam ko‘rsatishda duch kelayotgan muammo va qiyinchiliklari muhokama qilindi, aholining huquqiy bilimini oshirish va bepul yuridik yordam olish imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha takliflar o‘rtaga tashlandi.
Tadbirda Toshkent davlat yuridik universiteti qoshida tashkil qilingan yuridik klinikaning tajribasi, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini o’qitish va bepul yuridik yordam ko‘rsatish bo‘yicha JIDU yuridik klinikasi faoliyati haqida ma’lumotlar berildi.
Ma’lumki Vazirlar Mahkamasining qaroriga muvofiq, Adliya vazirligi tomonidan “Advice.uz” (e-maslahat.uz) huquqiy axborot portal ishga tushirilgan. Shuningdek, “Madad” nodavlat notijorat tashkiloti, “Yuridik yordam” axborot tizimi, “Yuksalish” umummilliy harakati aholiga yuridik yordam berib kelishmoqda. Loyihalar doirasida aholiga huquqiy va psixologik maslahatlar berish amaliyoti va natijalar bo‘yicha 18 dan 35 gacha bo’lgan yoshlar uchun Toshkent shahrida ochilgan Ijtimoiy markaz taqdimot qilindi.
Tadbir yakunida aholiga huquqiy yordam ko‘rsatishda fuqarolik jamiyati ishtirokini kengaytirishning galdagi qadamlari belgilab olindi.