Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida Birlashgan Millatlar tashkiloti modeli tadbiri o‘tkazildi
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida Birlashgan Millatlar tashkiloti modeli tadbiri o‘tkazildi
Joriy yilning 6-oktabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida “Hamma uchun barqaror dunyo sari” shiori ostida UWED MUN 2023 konferensiyasining ochilishi bo‘lib o‘tdi. Bu voqea O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning joriy yilning 19-sentabr kuni Nyu-York shahrida bo‘lib o‘tgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 78-sessiyasidagi tarixiy nutqidan so‘ng o‘tkazilayotgani bilan alohida ahamiyat kasb etadi.
Anjumanni Oliy Majlis Senati Raisining birinchi o‘rinbosari, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektori Sodiq Safoyev ochib berdi. U o‘z nutqida O‘zbekistonning xalqaro maydondagi yuksak nufuzi va roli ortib borayotgani, O‘zbekiston rahbari tomonidan BMT minbaridan ilgari surilgan muhim tashabbuslarni ta’kidladi. S.Safoyev global g‘oya va tashabbuslarni ishlab chiqish va hayotga tatbiq etishda talabalar ishtiroki muhimligini ta’kidlab, tadbirlarning barcha ishtirokchilariga muvaffaqiyatlar tiladi.
BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili o‘rinbosari Anas Karman o‘zining qutlov so‘zida zamonaviy xalqaro muammolarni hal etishda hamkorlik va diplomatiyaning muhim ahamiyatini ta’kidladi.
Universitet tomonidan 6-8 oktabr kunlari boʻlib oʻtadigan BMT modeli konferensiyasi Yoshlar ishlari agentligi bilan hamkorlikda tashkillashtirilmoqda. Unda diplomatiya, xalqaro munosabatlar va muhim jahon muammolarini hal etishni o‘rganish va amaliyotga qiziquvchi turli universitet va maktablardan 300 ga yaqin talabalar ishtirok etmoqda.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti modeli ishtirokchilari diplomatlar roliga kirishib, turli mamlakatlardan kelgan delegatlar rolini o‘ynaydi va Birlashgan Millatlar Tashkiloti oldida turgan masalalarni muhokama qiladi, muhim global muammolar bo‘yicha munozaralarni olib boradi.
UWED MUN 2023 konferensiyasi faol fikr almashish, yangi diplomatik aloqalarni yaratish va xalqaro hamjamiyat rivojiga ijobiy hissa qo‘shish uchun muhim platforma hisoblanadi.