Salento universiteti (Italiya) talabalari JIDUda akademik almashinuv dasturida ishtirok etmoqda

Salento universiteti (Italiya) talabalari JIDUda akademik almashinuv dasturida ishtirok etmoqda

    Salento universiteti (Italiya) talabalari JIDUda akademik almashinuv dasturida ishtirok etmoqda

    Salento universiteti (Italiya) talabalari JIDUda akademik almashinuv dasturida ishtirok etmoqda

    Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida (JIDU) talabalar almashinuvi dasturi doirasida Toshkentga tashrif buyurgan Salento universiteti (Università del Salento, Lecce, Italiya) talabalar guruhi bilan tanishuv uchrashuvi o‘tkazildi. Uchrashuv JIDUning Roman-german tillari kafedrasi hamda Xalqaro akademik hamkorlik ofisi tomonidan tashkil etildi.

    Almashinuv dasturi ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida 2024-yil iyulda imzolangan Hamkorlik bitimiga asosan amalga oshirilmoqda. Mazkur dastur akademik mobillikni rivojlantirish, qo‘shma ta’lim tashabbuslarini amalga oshirish, shuningdek, talabalar va o‘qituvchilar o‘rtasidagi madaniyatlararo muloqotni kengaytirishni ko‘zda tutadi.

    2024-yil noyabr oyida JIDUning to‘rt nafar talabasi Università del Salentoda bir oylik ta’lim oldi. Ular u yerda italyan tilini va turli ixtisoslik fanlarini o‘rganib, universitetning akademik va madaniy hayoti bilan tanishdilar. Hozirgi kunda esa JIDUga Lechchedan uch nafar talaba tashrif buyurgan bo‘lib, ular bir oy davomida til o‘rganish bilan birga, universitet o‘quv dasturi bilan tanishib, loyihalar va talabalar tashabbuslarida ishtirok etadilar.

    Kutib olish uchrashuvida Roman-german tillari kafedrasi va Xalqaro akademik hamkorlik ofisi vakillari mehmonlarni JIDUning ta’lim imkoniyatlari, o‘quv dasturining tuzilishi, shuningdek, faoliyat yuritayotgan talabalar klublari va tashabbuslari haqida batafsil ma’lumot berdilar. Madaniy tadbirlar, ekskursiya dasturlari va universitet hayotida faol ishtirok etish imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratildi. Hamkorlikning ushbu turi Barqaror rivojlanish maqsadlari, xususan “Sifatli ta’lim” vazifalarini amalga oshirish bo‘yicha tajriba almashish amaliyotini o‘z ichiga oladi.

    Ishtirokchilar ikki tomonlama hamkorlikning strategik ahamiyati va istiqbolini ta’kidlab, uning ochiq ilmiy makonni shakllantirishga va ta’lim tizimlarini o‘zaro boyitishga qo‘shayotgan hissasini alohida qayd etdilar. Salento universiteti talabalari samimiy qabul uchun minnatdorchilik bildirib, kelgusi oyda o‘qish, yangi taassurotlar orttirish va O‘zbekistonning boy madaniyati bilan tanishish imkoniyati haqidagi umidlari bilan o‘rtoqlashdilar.