
JIDU o‘zbek va rus tillari kafedrasi tashabbusi bilan Abdulla Qodiriy uy-muzeyida ta’limiy trening o‘tkazildi
JIDU o‘zbek va rus tillari kafedrasi tashabbusi bilan Abdulla Qodiriy uy-muzeyida ta’limiy trening o‘tkazildi

2025-yil 10-aprel kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti o‘zbek va rus tillari kafedrasi tashabbusi bilan buyuk o‘zbek yozuvchisi Abdulla Qodiriy uy-muzeyiga tashrif uyushtirildi.
Buyuk yozuvchining tavallud kuni munosabati bilan tashkillashtirilgan mazkur tashrifdan maqsad millatimiz tarixida yorqin iz qoldirgan, istiqlol fidoyisi, nodir iste’dod sohibi bo‘lmish ulug‘ ajdodimiz xotirasini yod etish edi.
Abdulla Qodiriy XX asr o‘zbek adabiyotining eng yorqin namoyandalaridan biridir, u o‘zining o‘lmas romanlari bilan yangi o‘zbek adabiyotiga asos soldi, uning kelgusi taraqqiyotiga mustahkam zamin yasadi, kelajak avlod adiblariga kuchli ta’sir ko‘rsatdi. Jadid g‘oyalaridan ilhomlangan adib ijodi istiqlol, ozodlik g‘oyalarini tarannum etganligi bilan ham qadrli hamda ahamiyatlidir.
Yozuvchi xonadonidagi tashrif - ta’limiy treningda JIDU o‘zbek va rus tillari kafedrasi a’zolari hamda “Xalqaro iqtisodiyot va menejment” va “Xalqaro munosabatlar” fakultetining 1-kurs talabalari, shuningdek, Abdulla Qodiriy mahalla qo‘mitasi faollari ishtirok etdilar.
Abdulla Qodidriy uy-muzeyiga sayohat talaba yoshlarning yozuvchi yashab ijod etgan davr ruhi, oilaviy muhiti, ijod jarayoni va asarlari mazmun-mohiyati borasidagi tasavvurlarini boyitdi, muzey eksponatlari ushbu tasavvurni hayotiy tafsilotlar bilan to‘ldirdi. Talabalarda ayniqsa Qodiriy uy-muzeyining direktori, tarixchi olim yozuvchining nabirasi Xondamir Qodiriy bilan tanishuv va suhbat chuqur taassurot qoldirdi. Xondamir Qodiriy talabalar bilan suhbat chog‘ida taniqli adabiyotshunos professor Umarali Normatovning ushbu so‘zlarini esatdi: “30-yillarning mash’um yuhosi Qodiriyni oʻz komiga tortib ketdi, uni jisman yoʻq qildi, ammo u yaratgan ma’naviy boylikni yoʻqotolmadi. Qodiriy barpo etgan bogʻ – goʻzallik chamani mangu qolaveradi, necha-necha avlodlarga ma’naviy oziq, bitmas-tugamas zavq-shavq ato etaveradi. Biroq shunday ulugʻ zotning fojiaviy qismati avlodlar koʻnglida mangu armon boʻlib qoladi”. U Abdulla Qodiriy kabi millat o‘glonlarining xalq, vatan kelajagi, istiboli uchun qayg‘urishi, fidoyiligi yosh avlod uchun ibrat, namuna ekanligini ta’kidlab, yoshlarni faollikka, bilimi va qobiliyatalarini yurt ravnaqi yo‘lida sarflashga chaqirdi.
Tashrif maroqli va taassurotlarga boy bo‘ldi, talablar yana shunday tadbirlar uyushtirilsa bajonidil qatnashish istagini bildirdilar.