
JIDU vakili Toshkent tumani 8-son umumiy o‘rta ta’lim maktabi yuqori sinf o‘quvchilari bilan muloqotda ishtirok etdi
JIDU vakili Toshkent tumani 8-son umumiy o‘rta ta’lim maktabi yuqori sinf o‘quvchilari bilan muloqotda ishtirok etdi

Joriy yilning 26-fevral kuni Toshkent tumani “Iqbol” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan 8-umumiy o‘rta ta’lim maktabida Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti Til ta’limi markazi, maktab ma’muriyati va mahalla bilan hamkorlikda “Uch avlod uchrashuvi” hamda “Kasbim - faxrim” mavzularida davra suhbati tashkil qilindi.
Muloqot davomida mahalladagi kasb faxriylari hamda nuroniylar o‘zlarining bosib o‘tgan hayot yo‘llari, turmush qiyinchiliklari, tanlagan kasblari sharofati bilan erishgan muvaffaqiyatlari, mehnat tajribalari hamda hozirgi kunda yoshlarning hayotda o‘z o‘rinlarini topish uchun muhim bo‘lgan maslahatlari va tavsiyalari bilan o‘rtoqlashdilar.
JIDU Til ta’limi markazi boshlig‘i L. Xodjayev bitiruvchi o‘quvchilar uchun Universitet faoliyati, undagi ixtisoslik yo’nalishlari, ta’lim olish uchun yaratilgan qulay sharoitlar hamda o‘qishni muvaffaqiyatli tamomlagan talabalar mamlakatimiz Tashqi ishlar, turli vazirliklar, idoralar, xususiy kompaniyalar, Toshkent shahrida akkreditatsiyadan o‘tgan xorijiy davlatlar elchixonalari, turli xalqaro va mintaqaviy tashkilotlarda ishlash imkoniyatlariga ega bo‘lishlari haqida ma’lumot berdi.
Shuningdek, tadbir ishtirokchilariga Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning joriy yilning 14-fevral kuni yoshlar bilan videoselektor shaklida o‘tgan uchrashuvining mazmuni va mohiyati yetkazildi. Yoshlarning bandligini ta’minlash, ayniqsa xotin-qizlarning o‘qish va intilishlariga sharoit yaratish davlatimizning ustuvor siyosatiga aylangani bayon etildi. Jumladan, xotin-qizlarga shartnoma to‘lovi davlat tomonidan qoplab berilayotgani hisobiga, ularning soni 11 karra ko‘paygani yorqin misol ekanligi ta’kidlandi.
Uchrashuv so‘ngida, o‘quvchilarni qiziqtirgan turli savollariga javob berildi va bunday muloqotni muntazam tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.