Oʻzbekiston-Ozarbayjon: oʻzaro ishonch va qardoshlik munosabatlariga asoslangan hamkorlik
Oʻzbekiston-Ozarbayjon: oʻzaro ishonch va qardoshlik munosabatlariga asoslangan hamkorlik
Aslida Alisher Navoiy va Nizomiy Ganjaviy shaxsiyatiga murojaat qilganimizni oʻzidayoq bu ikki qardosh xalq qarashlarida hamdoʻstlik gʻoyalari mujassamligiga guvoh boʻlamiz.
Darhaqiqat, Oʻzbekiston va Ozarbayjon mamlakatlarini uzoq tarixi, tili, dini, urf-odat va anʼanalari, oʻzaro doʻstlik va qardoshlik rishtalari bogʻlab turadi. Bugun ikki davlat yetakchilarining oʻzaro ishonchga asoslangan munosabatlari tufayli Oʻzbekiston va Ozarbayjon oʻrtasidagi hamkorlik yuksak darajaga chiqib, ijobiy va barqaror rivojlanish surʼatini namoyon etmoqda.
Birgina iqtisodiy aloqalarni oladigan boʻlsak, 2022-yilda oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi 53 foizga oʻsganligiga guvoh boʻlishimiz mumkin. Oldinda turgan muhim vazifalardan biri bu oʻzaro savdo aylanmasini 1 milliard dollarga yetkazishdan iborat. Boisi, mamlakatlarimizda savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni chuqurlashtirish, talabga ega mahsulotlar ishlab chiqarishni koʻpaytirish va ularni istiqbolli bozorlarga olib chiqish maqsadida sanoat kooperatsiyasini kengaytirishda katta salohiyat mavjud. Bu borada neft-kimyo, oziq-ovqat, toʻqimachilik, farmatsevtika, mexanika va elektrotexnika uskunalarini koʻpaytirish tarmoqlari yetakchi.
Aslida, mamlakatlarimiz oʻrtasida yildan-yilga oʻzaro manfaatli aloqalar mustahkamlanib borayotganligining asosini ikki davlat rahbarlarining doʻstona munosabatlari, oʻzaro tashriflar chogʻida erishilgan hujjatlar, ularda belgilangan maqsad va vazifalar tashkil etadi.
Ayni paytda Oʻzbekiston va Ozarbayjon oʻrtasida tarixan oʻrnatilgan yaqin qardoshlik munosabatlari oʻz taraqqiyotida sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarildi. Oliy darajadagi muntazam va samarali muloqot tufayli Oʻzbekiston-Ozarbayjon strategik sheriklik munosabatlari barcha sohalarda jadal rivojlanmoqda.
2022-yilning 21-22-iyun kunlari Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev davlat tashrifi bilan Oʻzbekistonda boʻldi. Ushbu tashrif ikki tomonlama munosabatlar tarixidagi muhim voqea boʻldi, chunki mazkur tashrif davomida ikki davlat oʻrtasida strategik sheriklikni chuqurlashtirish va har tomonlama hamkorlikni rivojlantirish toʻgʻrisidagi deklaratsiya imzolandi.
Oʻzbekiston va Ozarbayjon rahbarlari 2022-yil sentyabr oyida Samarqand shahrida Shanxay hamkorlik tashkilotiga (SHHT) aʼzo mamlakatlar Davlat rahbarlari kengashi yigʻilishi doirasida ham uchrashgan edi.
Oʻtgan yilning 10-11-noyabr kunlari Prezident Ilhom Aliyev rafiqasi, Birinchi vitse-prezident Mehribon Aliyeva bilan Turkiy davlatlar tashkiloti Davlat rahbarlari kengashi (TDT) majlisida ishtirok etish uchun Samarqand shahriga tashrif buyurdi.
Joriy yilning mart oyida davlatimiz rahbarining Qoʻshilmaslik harakati sammitidagi ishtiroki doirasida Boku shahrida ikki davlat prezidentlarining uchrashuvi boʻlib oʻtgan edi.
Mazkur uchrashuvlar doirasida yetakchilarimiz ikki tomonlama munosabatlarni yanada rivojlantirish masalalarini muhokama qildilar.
Bundan tashqari, joriy yilning 22-23-iyul kunlari yurtboshimizning saylovdan keyingi ilk davlat tashrifining aynan Ozarbayjon Respublikasiga boʻlishi mamlakatlarimiz oʻrtasida oʻzaro yaqin qoʻshnichilik aloqalarini qanchalik mustahkam ekanligini isboti, desak mubolagʻa boʻlmaydi.
Davlatimiz rahbarining oliy darajadagi tashrifi davomidagi ilk manzili Haydar Aliyev nomidagi Faxr hiyoboni boʻlishi, u yerda yurtboshimiz tomonidan Ozarbayjon xalqining milliy yetakchisi qabriga gul qoʻyib, uning yorqin xotirasiga hurmat bajo keltirilishi bu – oʻzbek xalqining Haydar Aliyevning mustaqil Ozarbayjonni barpo etish va mustahkamlash yoʻlidagi xizmatlarini qanchalik yuksak darajada eʼtirof etishidan dalolatdir.
Davlat tashrifining birinchi kuni davomida ikki mamlakat rahbarlari oʻrtasida keng va tor doiradagi muzokaralar va oʻzaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlashga asoslangan hujjatlarning imzolanishi strategik sheriklikni chuqurlashtirishga hamda uni yanada boyitishga asos boʻladi.
Jumladan, Shavkat Mirziyoyev va Ilhom Aliyev Oʻzbekiston Respublikasi va Ozarbayjon Respublikasi oʻrtasida Oliy davlatlararo kengash tashkil etish toʻgʻrisidagi shartnomani imzoladilar. Bu esa oʻz navbatida yangi tuzilgan kengash doirasida muntazam ravishda oliy darajadagi uchrashuvlar oʻtkazilishiga zamin yaratadi.
Bundan tashqari, tashrif doirasida davlatlar, hukumatlar va idoralar darajasida 2023-2024-yillarda har tomonlama strategik sheriklikni chuqurlashtirish boʻyicha “yoʻl xaritasi”, energetika sohasidagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirish toʻgʻrisida, yoshlarga oid siyosat va sport sohalaridagi hamkorlik toʻgʻrisidagi bitimlar, Media sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” kabi qator hujjatlar qabul qilindi. Shuningdek, joriy yilda mamlakatimizda Birinchi Oʻzbekiston-Ozarbayjon yoshlar forumi tashkil etilishi belgilandi.
Ishonib ayta olamizki, mazkur hujjatlar qardosh mamlakatlarimiz oʻrtasidagi munosabatlarning bir qator istiqbolli yoʻnalishlarida amaliy hamkorlikni kengaytirishga xizmat qiladi.
Oʻzbekiston Prezidentining Ozarbayjonga davlat tashrifining ikkinchi kuni Fizuli va Shusha shaharlarida boʻlib oʻtdi. Ikki davlat rahbarlari rafiqalari bilan birgalikda Fizuli shahridagi Mirzo Ulugʻbek nomidagi 1-sonli umumtaʼlim maktabining ochilishiga bagʻishlangan marosimda ishtirok etdi.
Shuni alohida taʼkidlash lozimki, Fizuli shahrida Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning oʻzbek xalqi nomidan tuhfasi sifatida bunyod etilgan maktab 960 oʻquvchiga moʻljallangan. Qurilish ishlari oʻtgan yili boshlanib, yuqori sifat bilan yakunlandi. 3 gektar maydonda qurilgan maktab binosi ikki qavatli va muhtasham binolardan iborat. Maktabda 40 oʻquv xonasi, oltita laboratoriya, ikkita kompyuter sinfi, beshta funksional oʻquv xonasi, 500 oʻrinli majlislar zali, sport zali, 320 oʻrinli bufet, kutubxona mavjud. Maktab hovlisida futbol maydoni, dam olish va tadbirlar oʻtkazish joylari, yugurish yoʻlaklari, suhbat xonalari, nazorat-oʻtkazish punkti, qozonxona, suv idishlari, transformator podstansiyasi barpo etildi. Darhaqiqat, yangi maktab xalqlarimizni yanada yaqinlashtirish, oʻsib kelayotgan ozarbayjonlik oʻgʻil-qizlarni mamlakatimizning boy tarixi va madaniyatiga, buyuk ajdodlarimizning merosiga oshno qilishga xizmat qiladi.
Bundan tashqari, ikki mamlakat yetakchilari “Qorabogʻ durdonasi”, “Kavkaz sanʼati markazi” va “Ozarbayjon musiqasi beshigi” nomlari bilan maʼlum va mashhur boʻlgan Shusha shahriga ham tashrif buyurib, u yerning diqqatga sazovor joylari bilan tanishdilar.
Davlatimiz rahbarining Ozarbayjonga boʻlib oʻtgan ikki kunlik davlat tashrifi oʻzining sermahsulligi, mamlakatlarimiz oʻrtasidagi oʻzaro manfaatga asoslangan hamkorlik hamda yaqin qardoshlik munosabatlari qanchalik mustahkam ekanligini yana bir bor tasdigʻi boʻldi.
Dilmurod DILMURODOV,
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti
3-bosqich talabasi,
O‘zbekiston Respublikasining Ozarbayjon Respublikasidagi Elchixonasi amaliyotchisi