Test Title

Test Title

    JIDUda Iordaniya Podshohi Abdulla II ning kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi

    JIDUda Iordaniya Podshohi Abdulla II ning kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi

    2026-yil 13-noyabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida (JIDU) Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi Podshohi Abdulla II qalamiga mansub “Our Last Best Chance: The Pursuit of Peace in a Time of Peril” (“So‘nggi eng yaxshi imkoniyatimiz: tahlika davrida tinchlikka intilish”) kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Mazkur tadbir Iordaniya Podshohining asarida yoritilgan xalqaro munosabatlar, diplomatiya, mintaqaviy xavfsizlik va nizolarni tinch yo‘l bilan hal etish istiqbollariga oid dolzarb masalalarni muhokama qilish uchun muhim muloqot maydoniga aylandi. Taqdimotda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi o‘rinbosari, JIDU rektori Sodiq Safoyev, Iordaniya Hoshimiylar Podshohligining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Demiya Zuhayr Haddad, shuningdek, Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI), akademik va ekspert doiralari vakillari ishtirok etdi. “Our Last Best Chance: The Pursuit of Peace in a Time of Peril” avtobiografik asar bo‘lib, unda Podshoh Abdulla II davlat boshqaruvi va diplomatik faoliyatdagi tajribasi, xalqaro siyosat haqidagi mulohazalari hamda zamonaviy dunyoning asosiy muammolariga doir qarashlari bilan o‘rtoqlashadi. Kitobda Isroil–Falastin mojarosi, mintaqaviy barqarorlik, terrorizmga qarshi kurashish va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratilgan. Tadbirda asosiy ma’ruza bilan elchi, JIDU Xalqaro munosabatlar kafedrasi dotsenti Anvar Abduhalimov ishtirok etdi. U asarning asosiy g‘oyalarini taqdim etib, muallifning Yaqin Sharqdagi siyosiy jarayonlar, xavfsizlik masalalari hamda xalqaro nizolarni tinch yo‘l bilan hal etishda diplomatiyaning o‘rni haqidagi qarashlarini yoritib berdi. Tadbir davomida barqaror tinchlikni ta’minlashda siyosiy muloqot, xalqaro hamkorlik va diplomatik tashabbuslarning ahamiyatiga alohida e’tibor qaratildi. Ishtirokchilar Iordaniyaning tashqi siyosiy yondashuvlari, Yaqin Sharq mintaqasidagi zamonaviy tahdidlar hamda global beqarorlik sharoitida davlatlar o‘rtasidagi konstruktiv hamkorlikning muhim jihatlarini muhokama qildilar. Shuningdek, asarda ilgari surilgan siyosiy yetakchilik, davlat arboblarining mas’uliyati va murakkab xalqaro ziddiyatlarni hal etishda o‘zaro murosaga erishish zarurati haqidagi fikrlar alohida qiziqish uyg‘otdi. Muhokamalar kitobda bayon etilgan g‘oyalarni zamonaviy geosiyosiy jarayonlar nuqtayi nazaridan tahlil qilish imkonini berdi. Mazkur taqdimot akademik va ekspertlar muloqotini kengaytirish, Yaqin Sharqdagi siyosiy jarayonlarni chuqurroq anglash, shuningdek, O‘zbekiston va Iordaniya o‘rtasidagi madaniy-gumanitar hamda intellektual aloqalarni mustahkamlashga xizmat qildi.

    Birinchi kurs talabalari uchun “Notiqlik san’atini qanday egallash mumkin” mavzusida master-klass bo‘lib o‘tdi

    Birinchi kurs talabalari uchun “Notiqlik san’atini qanday egallash mumkin” mavzusida master-klass bo‘lib o‘tdi

    Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti Ingliz tili kafedrasi tomonidan 12-noyabr kuni birinchi kurs talabalari uchun “How to Master Public Speaking Skills” (“Notiqlik san’atini qanday egallash mumkin”) mavzusida master-klass tashkil etildi. Tadbir kafedra o‘qituvchisi Shohsanam Usmanova tashabbusi bilan o‘tkazildi. Master-klassga taniqli mutaxassis, xalqaro miqyosdagi ELT eksperti, pedagog va mukofotlarga sazovor bo‘lgan notiq Rimajon Sotlikova mehmon-ma’ruzachi sifatida taklif etildi. Rimajon Sotlikova O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida ingliz filologiyasi yo‘nalishi bo‘yicha bakalavr, Indoneziyaning Yogyakarta davlat universitetida amaliy lingvistika bo‘yicha magistr hamda ingliz tili ta’limi fanlari bo‘yicha PhD darajalarini olgan. Hozirda u Toshkent shahridagi Webster universitetining MA TESOL dasturida dotsent, shuningdek Yangi O‘zbekiston universitetining MA TESOL va amaliy lingvistika dasturlarida professor sifatida faoliyat yuritmoqda. Master-klass talabalarda o‘ziga bo‘lgan ishonchni mustahkamlash, fikrni aniq va ta’sirchan ifodalash hamda auditoriyani ilhomlantira olish ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratildi. Mashg‘ulot davomida ma’ruzachi notiqlikning samarali usullari, nutqni tayyorlash va tuzish, auditoriya bilan aloqa o‘rnatish, hayajonni boshqarish hamda g‘oyalarni ishonarli taqdim etish sirlari bilan o‘rtoqlashdi. Tadbir interaktiv shaklda o‘tib, talabalar savollar berish, amaliy mashqlarda ishtirok etish va o‘z fikrlarini ingliz tilida bayon qilish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Ushbu master-klass talabalarning nafaqat o‘qish jarayonida, balki kelajakdagi kasbiy faoliyatida ham zarur bo‘lgan muhim kommunikativ ko‘nikmalarni shakllantirishga xizmat qildi. Shu bilan birga, tadbir Barqaror rivojlanish maqsadi 4: Sifatli ta’lim tamoyillari bilan hamohang bo‘lib, talabalarga amaliyotga yo‘naltirilgan va zamonaviy ta’lim imkoniyatlarini yaratishga hissa qo‘shdi. Ingliz tili kafedrasi mehmon-ma’ruzachi Rimajon Sotlikovaga mazmunli va foydali master-klass uchun, shuningdek tadbirda faol ishtirok etgan barcha talabalar va universitet ma’muriyatiga samimiy minnatdorlik bildiradi.

    Barqaror rivojlanish maqsadlari: talabalar ekologik muammolarni BRM nuqtai nazaridan tahlil qildilar

    Barqaror rivojlanish maqsadlari: talabalar ekologik muammolarni BRM nuqtai nazaridan tahlil qildilar

    2026-yil 12-noyabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti (JIDU) Xalqaro huquq va Xalqaro munosabatlar fakultetlarining 1- va 2-kurs talabalari uchun ingliz tili fanidan Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror rivojlanish maqsadlariga (BRM) bag’ishlangan poster taqdimoti loyihasi o’tkazildi. Mashg’ulot o’qituvchi Muratova Marxabo Safarovna rahbarligida tashkil etildi. Loyihaning asosiy yo’nalishi ekologik muammolarni BRM bilan bog’lash bo’ldi. Talabalar guruhlarda ishlab, ekologik maqolalarni tanladilar va har bir muammo kamida ikkita BRM ga erishishga qanday to’sqinlik qilishini tahlil qildilar. Posterlarda quyidagi maqsadlar yoritildi: · BRM 3 – Sog’liq va farovonlik · BRM 6 – Toza suv va sanitariya · BRM 11 – Barqaror shaharlar va aholi punktlari · BRM 12 – Mas’uliyatli iste’mol va ishlab chiqarish · BRM 13 – Iqlim o’zgarishiga qarshi kurash · BRM 14 – Suv ostidagi hayot · BRM 15 – Quruqlikdagi hayot Shuningdek, posterlarda maqola sharhi, asosiy dalillar, ekologik va ijtimoiy oqibatlar, yechimlar hamda O’zbekiston sharoitida BRM ga erishish bo’yicha amaliy takliflar aks etdi. Har bir guruh 10-12 daqiqalik taqdimot o’tkazdi, nutq vaqti a’zolar o’rtasida teng taqsimlandi va talabalar savollarga javob berdilar. Loyiha talabalarning tadqiqot, tanqidiy fikrlash, jamoada ishlash va ingliz tilida ommaviy nutq ko’nikmalarini rivojlantirib, ularda barqaror rivojlanish masalalariga mas’uliyatli munosabatni shakllantirdi.

    JIDU talabalari Oliy Majlis Qonunchilik Palatasining faoliyati bilan yaqindan tanishdilar

    JIDU talabalari Oliy Majlis Qonunchilik Palatasining faoliyati bilan yaqindan tanishdilar

    Joriy yilning 12-noyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi qoʻmitasi aʼzolarining Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti talabalari bilan uchrashuvi boʻlib oʻtdi. Uchrashuvda Qonunchilik palatasi deputatlari va Oʻzbekiston Ekologik partiyasi vakillari qatnashdi. Deputatlar talabalarga Qonunchilik palatasining tuzilishi va vakolatlari haqida soʻzlab berdi. Qonun loyihalari qanday tayyorlanishi, muhokama qilinishi va qabul qilinishi, qoʻmitalar va siyosiy partiya fraksiyalari parlamentda qanday ishlashi haqida ham maʼlumot berildi. Mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarda parlamentning oʻrni, parlament diplomatiyasi va xalqaro parlamentlararo hamkorlikka ham alohida toʻxtalindi. Oʻzbekiston Ekologik partiyasi vakillari partiyaning faoliyati va ustuvor yoʻnalishlarini tanishtirdi. Ular atrof-muhitni muhofaza qilish, ekologik barqarorlikni taʼminlash hamda bu sohadagi qonunchilikni takomillashtirish masalalarida olib borilayotgan ishlar haqida gapirdi. Shu kuni talabalar Qonunchilik palatasining diqqatga sazovor joylari, jumladan, Oliy Majlis tarixi aks etgan muzey, parlament kutubxonasi hamda qonunlar qabul qilinadigan katta majlislar zali bilan yaqindan tanishdilar. Uchrashuv ochiq muloqot shaklida oʻtdi. Talabalar oʻzlarini qiziqtirgan savollarni berib, ularga batafsil javob oldilar. Bunday uchrashuvlar yoshlarning huquqiy va siyosiy madaniyatini oshirishga xizmat qiladi. Shuningdek, talabalar davlat hokimiyati organlarining faoliyatini amalda yaqindan oʻrganish imkoniga ega boʻladi.

    JIDUda yapon iyerogliflarini o‘rganishning samarali usullariga bag‘ishlangan mahorat darsi bo‘lib o‘tdi

    JIDUda yapon iyerogliflarini o‘rganishning samarali usullariga bag‘ishlangan mahorat darsi bo‘lib o‘tdi

    2026-yil 11-noyabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti Sharq tillari kafedrasida yapon iyeroglif yozuvini o‘rganishning zamonaviy metodlariga bag‘ishlangan interaktiv mahorat darsi tashkil etildi. Tadbirda Xalqaro iqtisodiyot va menejment fakultetining yapon tilini o‘rganayotgan birinchi bosqich talabalari ishtirok etdi. Taklif etilgan ekspert — Nagoya iqtisodiyot universiteti professori Asami Tsukada yapon iyerogliflarini o‘rganish va eslab qolish jarayonini yengillashtirishga qaratilgan mualliflik metodik ishlanmalari hamda samarali ta’lim vositalarini taqdim etdi. Mahorat darsining nazariy qismida talabalar iyerogliflarning tuzilishi va shakllanish mantiqi, ularning asosiy tarkibiy elementlari hamda eslab qolishning kognitiv usullari bilan tanishdi. Murakkab iyerogliflarni tezroq o‘zlashtirishga yordam beruvchi assotsiativ metodlarga alohida e’tibor qaratildi. Mashg‘ulotning amaliy qismi interaktiv trening shaklida o‘tkazildi. Ekspert rahbarligida talabalar iyerogliflarni yozishda chiziqlarning to‘g‘ri ketma-ketligini mashq qildi, murakkab belgilarni tarkibiy qismlarga ajratib tahlil qilishni o‘rgandi hamda yangi so‘zlarni samarali yodlash uchun vizualizatsiya usullarini qo‘lladi. Mahorat darsi talabalarga olgan bilimlarini tizimlashtirish, yapon tilini mustaqil o‘rganish uchun amaliy ko‘nikmalarni egallash hamda til o‘rganishga bo‘lgan qiziqish va motivatsiyasini oshirish imkonini berdi. Mazkur tadbir BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlaridan biri — BRM 4 «Sifatli ta’lim» doirasida tashkil etilib, ilg‘or xalqaro pedagogik tajriba almashinuviga hamda JIDUda sharq tillarini o‘qitish metodikalarini takomillashtirishga xizmat qildi.

    Ma’muriy odil sudlov va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish: JIDU o‘qituvchisi Odil sudlov akademiyasidagi davra suhbatida ishtirok etdi

    Ma’muriy odil sudlov va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish: JIDU o‘qituvchisi Odil sudlov akademiyasidagi davra suhbatida ishtirok etdi

    2026-yil 11-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Odil sudlov akademiyasida “Ma’muriy organlarning qarorlari, harakatlari (harakatsizligi) yuzasidan nizolashish: sud amaliyoti” mavzusida davra suhbati bo'lib o'tdi. Tadbir oflayn va onlayn shaklda tashkil etildi. Unda sudyalar, Adliya vazirligi vakillari, olimlar hamda mamlakatimizning yetakchi yuridik oliy ta'lim muassasalari o'qituvchilari ishtirok etdi. Tadbirni Odil sudlov akademiyasi rektori, yuridik fanlar doktori, dotsent Sherzod Yoqubjonovich Abduqodirov kirish so'zi bilan ochib berdi. Davra suhbatini Akademiyaning Ma'muriy-huquqiy fanlar kafedrasi o'qituvchisi Nozimaxon Mo'ydinjonovna Tojiyeva moderatorlik qildi. Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti nomidan Xalqaro huquq va ommaviy-huquqiy fanlar kafedrasi katta-o'qituvchisi Soliyev Dilshod Baxtiyor o‘g‘li tomonidan “Ma’muriy organlar qarorlari ustidan nizolar bo‘yicha yagona sud amaliyoti: ma’muriy sudlar tizimini rivojlantirishning tashkiliy-huquqiy mexanizmlari sifatida” mavzusi bilan ishtirok etib, Oliy sud Plenumi faoliyatiga taalluqli holatlar, ma’muriy sudlar tizimidagi mavjud amaliy muammolar, shuningdek, sud amaliyotidagi mavjud holatlar yuzasidan ilmiy-nazariy fikrlar bildirildi. Shuningdek, Xalqaro huquq va ommaviy-huquqiy fanlar kafedrasi o'qituvchisi Naubaxar Baxadir qizi Uzakbayeva "Jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish mexanizmida ma'muriy sud ishlarini yuritish" mavzusida ma'ruza qildi. U pul yuvishga qarshi kurashish tizimida ma'muriy sudlarning o'rni haqida so'zlab berdi. Xususan, vakolatli va nazorat qiluvchi organlar qarorlarining qonuniyligi ustidan sud nazorati hamda JDLQK/TMQK talablarini bajarishga majbur bo'lgan subyektlar huquqlarini himoya qilish masalalariga to'xtaldi. Shuningdek, moliyaviy monitoring samaradorligi bilan sud himoyasi kafolatlari o'rtasidagi muvozanatga alohida e'tibor qaratdi. Ishtirokchilar turli masalalarni muhokama qildilar. Jumladan, FHDYo organlari bilan bog'liq nizolar bo'yicha sud amaliyoti, ma'muriy organlar ustidan sud va prokuror nazoratining dolzarb muammolari ko'rib chiqildi. Mahalliy davlat hokimiyati organlari qarorlari ustidan nizolashishda sud himoyasining samaradorligi, isbotlash yuki va sudning faol ishtiroki haqida fikr almashildi. Soliq organlari hujjatlari ustidan nizolashish tartibi, yagona sud amaliyoti, jamoatchilik nazorati va ma'muriy sud hujjatlarini ijro etish masalalari ham muhokama qilindi. Uchrashuv umumiy muhokama va fikr almashish bilan yakunlandi. Davra suhbati yakunlari bo'yicha barcha ishtirokchilarning tezislari alohida to'plam shaklida nashr etiladi. Davra suhbati mavzusi 16-Barqaror rivojlanish maqsadi “Tinchlik, odil sudlov va samarali institutlar” bilan bevosita bog'liq. Ma'muriy organlar qarorlari ustidan nizolashish mexanizmlarining muhokamasi 16.3-vazifaga — qonun ustuvorligini ta'minlash va barcha uchun odil sudlovdan teng foydalanish imkoniyatini yaratishga xizmat qiladi. Shuningdek, u 16.6-vazifaga — barcha darajalarda samarali, hisobdor va shaffof institutlarni shakllantirishga ham mos keladi. Jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish bo'yicha ma'ruza esa 16.4-vazifa — noqonuniy moliyaviy oqimlarni sezilarli darajada qisqartirish va uyushgan jinoyatchilikning barcha shakllariga qarshi kurashish bilan bog'liq. Tadbir, shuningdek, 17-BRM “Barqaror rivojlanish yo'lida hamkorlik”ga ham hissa qo'shadi. U O'zbekistonda ma'muriy odil sudlovni rivojlantirish bo'yicha umumiy yondashuvlarni ishlab chiqish uchun sud hamjamiyati, davlat organlari va akademik muhitni birlashtirdi.

    Barqaror taraqqiyot yo‘lidagi yangi imkoniyatlar

    Barqaror taraqqiyot yo‘lidagi yangi imkoniyatlar

      Iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish bugun nafaqat ekologik zarurat, balki davlatlarning iqtisodiy raqobatbardoshligi, energetika xavfsizligi va xalqaro hamkorlik salohiyatini belgilaydigan muhim omilga aylanmoqda.  Shu nuqtai nazardan, Turkiyaning Antali­ya shahrida bo‘lib o‘tayotgan BMTning Iqlim o‘zgarishi to‘g‘risidagi Hadli konvensiyasi tomonlari konferensiyasining 31-sessiyasi (COP31) O‘zbekiston uchun xalqaro iqlim diplomatiyasidagi ishtirokini mustahkamlash, “yashil” investitsiyalarni jalb etish va barqaror iqtisodiy taraqqi­yotni jadallashtirishda yangi imkoniyatlar eshigini ochadi. So‘nggi yillarda iqlim o‘zgarishi xalqaro muno­sabatlarning ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Global haroratning ko‘tarilishi, suv resurslarining kamayishi, qurg‘oqchilik va ekstremal ob-havo hodisalarining ko‘payishi davlatlardan nafaqat milliy darajada choralar ko‘rishni, balki o‘zaro kelishilgan xalqaro siyosat yuritishni ham talab qilmoqda. Ayniqsa, Markaziy Osiyo uchun iqlim o‘zgarishi oqibatlari jiddiy ahamiyat kasb etadi. Mintaqada suv resurslaridan oqilona foydalanish, cho‘llanishning oldini olish, qishloq xo‘jaligini yangi iqlim sharoitlariga moslashtirish va energetika tizimini modernizatsiyalash dolzarb vazifalardan hisoblanadi. O‘zbekiston ushbu jarayonlarda faol ishtirok etib, iqlim masalalarini tashqi siyosat, iqtisodiy islohotlar va mintaqaviy hamkorlik bilan uzviy bog‘lashga intilmoqda. COP31 ana shu yondashu­vni xalqaro maydonda ilgari surish uchun muhim diplomatik platforma bo‘lishi mumkin. O‘zbekiston Parij bitimi ishtirokchisi sifatida iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish bo‘yicha xalqaro majburiyatlarni amalga oshirishga qaratilgan siyosat yuritmoqda. Mamlakatda qayta tiklanu­vchi energiya manbalarini rivo­jlantirish, energiya samaradorligini oshirish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va iqtisodiyot tarmoqlarida ekologik barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha islohotlar olib borilyapti. Bu jarayonda iqlim diplomatiyasi alohida o‘rin tutadi. U ilg‘or texnologiyalarni jalb etish, xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlikni kengaytirish, milliy manfaatlarni himoya qilish va mintaqaviy tashabbuslarni ilgari surishni ham o‘z ichiga oladi. O‘zbekistonning Orolbo‘yi mintaqa­sida ekologik vaziyatni yaxshilashga qaratilgan tashabbuslari bunga yaqqol misoldir. COP31 doirasida ushbu tajribani xalqaro hamjamiyatga taqdim etish, Orolbo‘yida amalga oshirilayotgan loyihalar uchun qo‘shimcha moliyaviy va texnologik resurslarni jalb qilish imkoniyatlari mavjud. Yana bir jihati, bugungi kunda “yashil” iqtisodiyotga o‘tish O‘zbekiston­ning uzoq muddatli rivojlanishida mu­him ahamiyat kasb etmoqda. Mamlakatimizning bu boradagi siyosati resurslardan samarali foydalanish, atrof-muhitga salbiy ta’sirni kamaytirish va innovatsion texnologiyalarni joriy etish orqali iqtisodiy taraqqiyotni ta’minlashga qaratilgan. Xususan, quyosh va shamol energetikasini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan loyihalar ushbu o‘zgarishlarning amaliy ifodasidir. Mamlakatda mazkur energiyalarga o‘sib borayotgan talab qayta tiklanuvchi energetikaga inves­titsiya kiritish uchun qulay sharoit yaratadi. Shu bilan birga, “yashil” iqtisodiyot faqat energetika sohasi bilan cheklanmaydi. Sanoat korxonalarida en­ergiya tejamkor texnologiyalarni joriy etish, suvni tejaydigan sug‘orish tizimlarini kengaytirish, ekologik transportni rivojlantirish va chiqindilarni qayta ishlash ham ushbu jarayonning ajralmas qismidir. Biroq “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirish katta hajmdagi investitsiyalarni talab qiladi. Shu sababli iqlim moliyasi COP31 kun tartibida O‘zbekiston uchun eng muhim masalalardan biri bo‘lishi mumkin. Xususan, “yashil” obli­gatsiyalar, imtiyozli kreditlar, grantlar, davlat-xususiy sheriklik mexanizmlari va xalqaro iqlim jamg‘armalari orqali moliyalashtirish manbalarini kengaytirish muhim ahamiyatga ega. Shu jihatdan COP31 O‘zbekiston uchun aniq investitsiyaviy takliflarni xalqaro hamkorlarga taqdim etish va yangi sheriklik munosabatlarini shakllantirish maydo­niga aylanadi. Shuni ta’kidlash kerakki, Markaziy Osiyo mintaqasida suv resurslari, transchegaraviy daryolar, energetika tizimlari va qishloq xo‘jaligi o‘zaro cham­barchas bog‘liq. O‘zbekiston bu borada ko‘p tomonlama muloqotni mustahkamlash, suv va energetika sohalarida o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish hamda iqlim o‘zgarishiga moslashish bo‘yicha qo‘shma tashabbuslarni ilgari surish imkoniyatiga ega. Iqlim siyosati samaradorligi esa faqat “issiqxona gazlari” chiqindilarini qisqartirish bilan o‘lchanmaydi. Uning muhim mezonlaridan biri aholi hayoti va iqtisodiyotning iqlim xavflariga nisbatan bardoshliligini oshirishdir. O‘zbekiston sharoitida bu, avvalo, suv tanqisligiga moslashish, qishloq xo‘­jaligida hosildorlikni saqlash, issiqlik to‘lqinlarining aholi salomatligiga ta’sirini kamaytirish va tabiiy ofatlarga tayyorgarlikni kuchaytirishni anglatadi. Qolaversa, xalqaro iqlim konferensiyalarining ahamiyati ularda qabul qilingan bayonotlar bilangina emas, balki erishilgan kelishuvlarning amalda qanday bajarilishi bilan ham belgilanadi. Shu bois O‘zbekistonning COP31 doirasidagi ishtirokini aniq iqtisodiy va institutsional natijalarga yo‘naltirish muhim. Bunda investitsiyaga tayyor “yashil” loyihalar portfelini shakllantirish, xalqaro moliyalashtirish mexanizmlar­idan foydalanish salohiyatini oshirish va davlat hamda xususiy sektor o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash ustuvor vazifalar bo‘lib qolmoqda. COP31 O‘zbekiston uchun xalqaro iqlim diplomatiyasidagi ishtirokini yan­gi bosqichga olib chiqish va “yashil” iqti­sodiyotga o‘tish jarayonini jadallashtirish imkoniyati bo‘lib, endilikda asosiy va­zifa global iqlim tashabbuslarini milliy iqtisodiyotning aniq ehtiyojlari bilan uyg‘unlashtirish, xalqaro kelishuvlarni amaliy loyihalarga aylantirishdan iborat. Suriya TO‘RAYEVA, JIDU Xalqaro iqtisodiyot kafedrasi dotsenti “Xalq so‘zi” gazetasi №236