Test Title

Test Title

    JIDUda “Ma’rifat ulashib” loyihasi doirasida ijodkorlar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

    JIDUda “Ma’rifat ulashib” loyihasi doirasida ijodkorlar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

    Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida talaba-yoshlarni kitob mutolaasiga keng jalb etish, ularning badiiy savodxonligi va kitobxonlik madaniyatini oshirish, shuningdek, yosh avlodni vatanparvarlik va yurtimiz kelajagiga daxldorlik ruhida tarbiyalash maqsadida “Ma’rifat ulashib” loyihasi doirasida adiblar hamda talabalar ishtirokida ijodiy uchrashuv tashkil etildi. Uchrashuvda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zolari — Mehri Abdurahmonova, Shodi Otamurod va Asror Mo‘minov ishtirok etib, talaba-yoshlar bilan adabiyot, ijod, kitobxonlik va ma’naviyatning inson hayotidagi o‘rni xususida suhbatlashdilar. Muloqot davomida badiiy adabiyotning yoshlar dunyoqarashini kengaytirish, ularning tafakkuri va nutq madaniyatini rivojlantirish, ezgu qadriyatlar hamda milliy o‘zlikni anglashdagi ahamiyatiga alohida e’tibor qaratildi. Ijodkorlar o‘zlarining hayotiy va ijodiy tajribalari bilan o‘rtoqlashib, kitob mutolaasiga bo‘lgan qiziqishni oshirish, muntazam o‘qish va o‘qilgan asarlar ustida fikr yuritish yuzasidan tavsiyalar berdilar. Samimiy va mazmunli muloqot davomida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilish, adiblar bilan fikr almashish hamda ijodkorlarning qarashlari va tajribalaridan bahramand bo‘lish imkoniga ega bo‘ldilar. Bunday uchrashuvlar yoshlarning ma’naviy-intellektual salohiyatini yuksaltirish, kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish, milliy adabiyotimizga bo‘lgan qiziqishini kuchaytirish hamda ularni yurt taqdiriga daxldor, faol va vatanparvar insonlar etib tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi.

    Taniqli diplomat va jurnalist JIDU talabalariga mahorat darsi o‘tdi

    Taniqli diplomat va jurnalist JIDU talabalariga mahorat darsi o‘tdi

    2026-yil 29-oktabr kuni taniqli diplomat va jurnalist Abror G‘ulomov Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining Siyosatshunoslik fakultetida “Siyosat va OAV” fanini o‘rganayotgan 2-bosqich talabalari uchun mahorat darsi o‘tkazdi. A. G‘ulomov Milliy universitetning jurnalistika fakultetini tamomlaganidan so‘ng boshlangan kasbiy faoliyati haqida so‘zlab berdi. U “Toshkent haqiqati” gazetasidagi faoliyati, Madaniyat vazirligi matbuot xizmatidagi mehnat faoliyati, keyinchalik O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devonidagi mas’uliyatli faoliyati hamda mamlakat Tashqi ishlar vazirligidagi qariyb 25 yillik xizmat faoliyati haqidagi xotiralari bilan o‘rtoqlashdi. U Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi “Jahon” (hozirgi “Dunyo”) axborot agentligining tashkil etilishida faol ishtirok etgan, o‘n yildan ortiq vaqt davomida O‘zbekistonning Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasiga rahbarlik qilgan, shuningdek, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi (O‘zA)ning xalqaro bo‘limida faoliyat yuritgan. Talabalar bilan uchrashuv davomida tajribali jurnalist va diplomat O‘zbekistonning xalqaro maydondagi ijobiy imijini ilgari surish maqsadida mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik qilish borasidagi tajribasi haqida so‘zlab berdi. U dunyoning yetakchi ommaviy axborot vositalari bilan qanday aloqalar o‘rnatgani, shuningdek, mustaqillikka endigina erishgan mamlakatga qarshi qaratilgan axborot kampaniyalariga qarshi kurashish bo‘yicha olib borgan faoliyati bilan o‘rtoqlashdi. Diplomat Turkiya ommaviy axborot vositalari faoliyatining o‘ziga xos xususiyatlari haqida ham batafsil fikr bildirdi. Uchrashuv yakunida A. G‘ulomov so‘nggi o‘n yil davomida ommaviy axborot vositalari sohasida yuz bergan keng ko‘lamli o‘zgarishlarga alohida to‘xtalib, bugungi kunda dunyoning yetakchi nashrlarida keng yoritilayotgan Yangi O‘zbekistonning zamonaviy qiyofasi haqida so‘z yuritdi. Mahorat darsi yakunida A. G‘ulomov talabalarning ommaviy axborot vositalarining xalqaro munosabatlar va jahon siyosatidagi o‘rniga oid ko‘plab savollariga javob berdi.

    JIDU Yuridik klinikasida Sayyor sud majlislari tashkil etildi

    JIDU Yuridik klinikasida Sayyor sud majlislari tashkil etildi

    Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti Yuridik klinikasida Mirzo Ulug‘bek tumani jinoyat ishlari bo‘yicha sudining sayyor sud majlislari bo‘lib o‘tdi. Mazkur tadbir talabalarning nazariy bilimlarini amaliyot bilan mustahkamlash, kasbiy ko‘nikmalarini rivojlantirish hamda huquqiy madaniyatini yuksaltirish maqsadida tashkil etildi. Sud majlislarida universitet professor-o‘qituvchilari va talabalari, sudyalar, tuman prokurori yordamchisi hamda ichki ishlar organlarining mas’ul xodimlari ishtirok etdi. Sayyor sud majlislari davomida giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq huquqbuzarliklar, soliq qonunchiligi buzilishi, yo‘l harakati xavfsizligi qoidalariga rioya etmaslik hamda ma’muriy va jinoiy javobgarlikka oid ishlar ko‘rib chiqildi. Talabalar sud jarayonlarini bevosita kuzatish, protsessual tartib-taomillar bilan yaqindan tanishish hamda huquqni qo‘llash amaliyoti bo‘yicha bilimlarini mustahkamlash imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Shuningdek, tadbir davomida yoshlar o‘rtasida huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish, ularning huquqiy ongi va madaniyatini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Mutaxassislar tomonidan huquqbuzarliklarning kelib chiqish sabablari tahlil qilinib, ularning profilaktikasi yuzasidan amaliy tavsiyalar berildi. Ma’lumot uchun: Klinikada talabalar nazariy bilimlarini amaliy mashg‘ulotlar, treninglar va tajribali professor-o‘qituvchilar hamda huquqshunoslar ishtirokidagi o‘quv jarayonlari orqali mustahkamlab kelmoqda. Faoliyati davomida klinikaning o‘quv-amaliy dasturlarida mingga yaqin talaba ishtirok etgan. Shuningdek, minglab ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarga bepul huquqiy maslahat va tavsiyalar berilgan. Bugungi kunda universitetning Xalqaro huquq fakulteti 2-bosqichida tahsil olayotgan yuz nafarga yaqin talaba Yuridik klinika doirasidagi amaliy mashg‘ulotlar va treninglarda faol qatnashib, bo‘lajak kasbiy faoliyati uchun zarur bilim va ko‘nikmalarni egallamoqda. Mazkur sayyor sud majlislari universitetda amaliy va dual ta’lim elementlarini rivojlantirish, ta’lim jarayonini sud-huquq amaliyoti bilan uzviy bog‘lash hamda bo‘lajak huquqshunoslarning kasbiy tayyorgarligini oshirishga xizmat qildi.

    JIDU rektori Yevropa qo‘shnichilik kengashi boshqaruvchi direktori bilan uchrashdi

    JIDU rektori Yevropa qo‘shnichilik kengashi boshqaruvchi direktori bilan uchrashdi

    2026-yil 29-oktabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi o‘rinbosari, JIDU rektori Sodiq Safoyevning Yevropa qo‘shnichilik kengashi (European Neighbourhood Council — ENC) ijrochi direktori Samuel Doveri Vesterbye bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv davomida tomonlar Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi munosabatlarning bugungi holati hamda rivojlanish istiqbollari yuzasidan fikr almashdilar. Siyosiy va iqtisodiy hamkorlikni yanada chuqurlashtirish, mintaqalararo aloqalarni kengaytirish hamda strategik sheriklikni mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Muhokamalarning asosiy mavzularidan biri Markaziy Osiyo va Yevropa o‘rtasidagi transport-logistika bog‘liqligini mustahkamlashga xizmat qiluvchi muhim yo‘nalish sifatida O‘rta koridorni rivojlantirish masalasi bo‘ldi. Uchrashuv ishtirokchilari mazkur yo‘nalishning savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, transport yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish va xalqaro tranzit hamkorligini rivojlantirishdagi salohiyatini ko‘rib chiqdilar. Shuningdek, ta’lim hamda ilmiy-tahliliy sohalardagi hamkorlik istiqbollariga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, tomonlar Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi munosabatlarga bag‘ishlangan Executive Education qo‘shma ta’lim dasturini ishlab chiqish tashabbusini muhokama qildilar. Mazkur dasturni manfaatdor akademik institutlar, tahlil markazlari va boshqa ixtisoslashgan tashkilotlarni jalb etgan holda amalga oshirish ko‘zda tutilmoqda. Ushbu tashabbus ekspertlar muloqotini rivojlantirish, bilim va ilg‘or tajriba almashinuvini kengaytirish, shuningdek, xalqaro munosabatlar va mintaqalararo hamkorlik sohasida yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlashga qaratilgan. Mazkur tashabbusning muhokama qilinishi JIDU va yevropalik hamkorlar o‘rtasidagi akademik hamda ekspertlik aloqalarini kengaytirish, shuningdek, Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi ta’lim sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash uchun yangi istiqbollarni ochib beradi.

    JIDU vakillari Markaziy Osiyo xalqaro ta’lim forumida ishtirok etdilar

    JIDU vakillari Markaziy Osiyo xalqaro ta’lim forumida ishtirok etdilar

    2026-yil 28-oktabr kuni Toshkent shahridagi «O‘zbekiston» xalqaro anjumanlar saroyida «Markaziy Osiyo — ta’lim, fan va innovatsiyalarning yangi makoni» mavzusidagi Markaziy Osiyo xalqaro ta’lim forumi bo‘lib o‘tdi. Mazkur anjumanda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti (JIDU) Siyosatshunoslik kafedrasi xorijiy o‘qituvchilari Jingyi Dong va Akbikesh Mukhtarova hamda Xalqaro akademik hamkorlik ofisi bosh mutaxassisi Xojimurod Anvarov faol ishtirok etdilar. Forum Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida ta’lim va ilm-fan sohasidagi aloqalarni mustahkamlash, ilg‘or tajriba almashinuvini rivojlantirish hamda oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikning yangi istiqbollarini belgilashga xizmat qiluvchi muhim xalqaro muloqot maydoni bo‘ldi. Tadbir doirasida JIDU vakillari xorijiy oliy ta’lim muassasalari vakillari va xalqaro ekspertlar bilan fikr almashib, ta’lim sohasidagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qildilar. Shuningdek, universitetning xalqaro aloqalarini kengaytirish, yangi hamkorlik yo‘nalishlarini yo‘lga qo‘yish va istiqbolli sheriklik aloqalarini o‘rnatish yuzasidan muloqotlar olib borildi. Forumda oliy ta’lim sifatini oshirish, qo‘shma ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish, innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash hamda mintaqaviy akademik hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. JIDU vakillarining mazkur xalqaro anjumandagi ishtiroki universitetning xalqaro akademik aloqalarini rivojlantirish, yangi hamkorlik imkoniyatlarini o‘rganish va Markaziy Osiyoda ta’lim hamda ilm-fan sohasidagi mintaqaviy integratsiyani mustahkamlashga qaratilgan sa’y-harakatlarining muhim qismi bo‘ldi.