1992- yil sentabr oyida Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti tashkil etilgandan boshlab, «Jahon iqtisodiyoti va xalqaro iqtisodiy munosabatlar»  kafedrasi tashkil etilgan. Dastlab, i.f.d.. prof X.M.Murodova rahbarligidagi “Marketing va xalqaro biznes” dasturi asosida faoliyat yo‘lga qo‘yilgan. 1993-1994- yillarda o‘quv dasturi “Jahon iqtisodiyoti va xalqaro biznes” dasturiga, keyinchalik esa “Xalqaro iqtisodiy munosabatlar” dasturiga o‘zgartirilgan. 1995- yildan boshlab, mazkur o‘quv dasturi negizida asos solingan “Jahon iqtisodiyoti” kafedrasi o‘z faoliyati davomida universitetning yetakchi va mutaxassis tayyorlovchi kafedrasi bo‘lib qoldi. 2008 yildan boshlab ikki mustaqil “Jahon iqtisodiyoti” va “Xalqaro iqtisodiyot” kafedralarining qo‘shilishi natijasida “Jahon iqtisodiyoti va xalqaro iqtisodiy munosabatlar” kafedrasi nomini oldi.

Kafedrani turli paytlarda i.f.d., prof. X.M.Muradova (1992-1996); i.f.n., dots. E.R.Maxmudov (1996-1997, 2004-2008); i.f.d., prof. R.X.Shodiyev (1997-2004); i.f.n., dots. S.A.Zakirova (2008-2012), i.f.n., dots. E.A.Xoshimov (2012-2015) kabi olim-mutaxassislar boshqargan. 2016 yil yanvaridan boshlab kafedraga i.f.d., SH.Sharifxodjayev rahbarlik qilib kelmoqda.

Shu kunga qadar kafedrada jahon iqtisodiyoti va xalqaro iqtisodiy munosabatlar sohasidagi taniqli iqtisodchi-olimlar i.f.n. V.A. Golishev, i.f.d., prof. B.A. Baxritdinov, i.f.d., prof. N. Sirojiddinov, i.f.d., prof. A.A. Isadjanov, i.f.n., prof. G.A. Xachiyev, i.f.d., prof. B.A. Abdurashidov i.f.n., dots. S.A.Akchurina, i.f.n.,dots. N.T. Tolipova va boshqalar faoliyat yuritgan.

Hozirgi paytda “Jahon iqtisodiyoti va xalqaro iqtisodiy munosabatlar” kafedrasi “XIM” fakultetining yetakchi kafedrasi hisoblanib, oliy ta'limning barcha darajalari (bakalavriatura, magistratura, katta ilmiy xodim va mustaqil izlanuvchilar instituti) bo‘yicha malakali mutaxassislarni tayyorlab kelmoqda. Xususan, bakalavriaturada 5231100 - Jahon iqtisodiyoti va xalqaro iqtisodiy munosabatlar”(mintaqalar va faoliyat turlari bo‘yicha) ta'lim yo‘nalishi, magistraturada esa, 5A231101-  “Jahon iqtisodiyoti” (mintaqalar va faoliyat turlari bo‘yicha) mutaxassisligi bo‘yicha kadrlar tayyorlovchi kafedra hisoblanadi. Shuningdek, kafedrada 08.00.09-“Jahon iqtisodiyoti ixtisosligi bo‘yicha katta ilmiy xodim va mustaqil izlanuvchilar tayyorlanadi.

Kafedraning asosiy maqsadi jahon iqtisodiyoti va xalqaro iqtisodiy munosabatlar sohasida malakali mutaxassislarni tayyorlashda universitetning yetakchi kafedrasi sifatidagi rolini saqlab qolish va mustahkamlash uchun faoliyatning barcha yo‘nalishlarini ( o‘quv, o‘quv-uslubiy, ilmiy-tadqiqot, tashkiliy-uslubiy, ma'naviy-ma'rifiy va tarbiyaviy ishlar) takomillashtirish hisoblanadi.

Bakalavriaturadagi “Jahon iqtisodiyoti”, Jahon iqtisodiy geografiyasi va ekologiya”, “Xalqaro iqtisodiy munosabatlar”, “Xalqaro iqtisodiy tashkilotlar”, “Xalqaro iqtisodiy integratsiya”, “O‘zbekiston Respublikasining milliy iqtisodiyoti”,  “Tadbirkorlik asoslari”, “Menejment”, Strategik menejment”, “Ilmiy tadqiqot metodi asoslari”, fanlari, magistraturada esa “Jahon iqtisodiy tizimlari”, “Global iqtisodiyot”, “Jahon mintaqalari iqtisodiyoti”, “Erkin iqtisodiy hududlar” kabi o‘quv kurslari talabalar va magistrantlarga jahon iqtisodiyoti va xalqaro iqtisodiy munosabatlar rivojlanishining zamonaviy tendensiyalarini tahlil qilish va ilmiy tadqiqot olib borish malakasini shakllantirish imkonini beradi.

O‘quv jarayonini tashkil etishda asosiy e'tibor zamonaviy o‘quv-taqdimot va multimediya vositalarini keng qo‘llashga qaratilgan interfaol ta'lim texnologiyalariga qaratiladi. Kafedrada seminar-amaliy mashg‘ulotlar mustaqil ilmiy-tadqiqot loyihalari, taqdimotlar, keyslarni tuzish va yechish, muammoli  munozara o‘tkazish kabi innovatsion ta'lim texnologiyalari asosida o‘tkaziladi. Kafedraning ilmiy-tadqiqot ishlari sohasidagi asosiy strategik yo‘nalishi bo‘lib, manfaatdor tashkilotlarning buyurtmasi bo‘yicha makro va mikro darajadagi fundamental va amaliy tadqiqotlarni rivojlantirish, jahon iqtisodiyotining dolzarb muammolarini tadqiq qilishda iqtidorli yosh olimlarning ishtirokini kengaytirish hisoblanadi.

Kafedra faoliyatining natijalari. Kafedra faoliyati davomida professor-o‘qituvchilar jamoasi tomonidan 5 ta darslik, 14 ta o‘quv qo‘llanma, 12 ta o‘quv-uslubiy majmua tayyorlangan. Ilmiy-tadqiqot sohasida 8 ta fan nomzodi tayyorlangan, 8 ta monografiya va 280 dan ortiq ilmiy maqolalar chop etilgan. Kafedra jamoasi TEMPUS (Erasmus +), Jean Monnet kabi xalqaro loyihalarda, Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo‘mitasi loyihalarida, shuningdek, shartnoma asosida yirik xususiy korxonalarning ilmiy-tadqiqot loyihalarida faol ishtirok etib kelmoqda.

Yangilangan sana: 10.08.2017