09.06.2021        24062

Yosh avlod kelajagi hamisha Oʻzbekiston davlat siyosatining markazida boʻlgan. Bugun ham yurtimizda yuzaga kelgan muammolarni bartaraf etish, yoshlarning kamoloti va tarbiyasiga ijobiy taʼsir qiluvchi shart-sharoit yaratish uchun barcha sohada keng koʻlamli islohotlar jadallik bilan olib borilmoqda.

Oʻzbekiston haqiqiy maʼnoda yoshlar mamlakati. Bu yurtda ulgʻayotgan yigʻit-qizlarning orzulari va oʻz oldiga qoʻygan maqsadlari bisyor. Davlat rahbarining tashabbusi va qoʻllab-quvvatlashi esa ularga bu maqsadlarni amalga oshirishda koʻmak beradi. Prezident Shavkat Mirziyovning: “Biz oʻz oldimizga mamlakatimizda Uchinchi Renessans poydevorini barpo etishdek ulugʻ maqsadni qoʻygan ekanmiz, buning uchun yangi Xorazmiylar, Beruniylar, Ibn Sinolar, Ulugʻbeklar, Navoiy va Boburlarni tarbiyalab beradigan muhit va sharoitlarni yaratishimiz kerak. Bunda, avvalo, taʼlim va tarbiyani rivojlantirish, sogʻlom turmush tarzini qaror toptirish, ilm-fan va innovatsiyalarni taraqqiy ettirish milliy gʻoyamizning asosiy ustunlari boʻlib xizmat qilishi lozim”, soʻzlari yoshlar uchun katta marralar sari yoʻl ochdi.

Yoshlarning boʻsh vaqtlarini samarali oʻtkazish, ularni ajdodlarimizning boy merosi bilan tanishtirish, ona vatanga muhabbat va iftixor tuygʻularini qaror toptirish maqsadida Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti oʻqituvchilari Qudratullo Abduraimov va Dilnoza Xudoyberganovalar boshchiligida Beshkapa mahallasi yoshlari Gʻalaba bogʻida joylashgan Shon-sharaf muzeyida boʻlishdi. Yoshlar barcha davrlarda jamiyatning faol qatlami sifatida eʼtirof etib kelingan. Sharq Uygʻonish davrida ham, jadidlar faoliyatida ham, jamiyatning yangilanishida ularning oʻrni beqiyos boʻlgan. Shu jihatdan muntazam shakllanib boruvchi bu qatlam doimiy yoʻnaltirib va qoʻllab-quvvatlab turishni talab etadi.

Yoshlar siyosati boʻyicha amalga oshirilayotgan islohotlarni tahlil eta turib davlat va yoshlarning uzviy bogʻliqligini koʻrishimiz mumkin. Har bir yoʻnalishda yoshlarning bandligini taʼminlash davom etmoqda. Yigit va qizlarning har tomonlama kamol topishlari, bilim olishlari uchun zarur sharoitlar yaratilmoqda. Bu esa ularning kelgusida vatan ravnaqiga hissa qoʻshuvchi avlod boʻlib yetishishlarida ahamiyatlidir.