15.04.2021        3883

Turkmanistonning Oʻzbekistondagi elchixonasi tomonidan ikki davlat oʻrtasida mustaqillik yillaridagi hamkorlikka bagʻishlangan tahliliy maqolalar tanlovi eʼlon qilingan edi. Kuni kecha Elchixonada tanlov gʻoliblari va faol ishtirokchilarini taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi. 

Dastlab diplomatik korpusda JIDU professor-oʻqituvchilari, talabalari va OAV vakillarini qarshi olgan Turkmanistonning Oʻzbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Yazguli Mammedov mehmonlarni Elchixonaning faoliyati bilan yaqindan tanishtirdi. Elchixonadagi muzey, uchrashuv va muzokaralar xonasi hamda fotokoʻrgazma haqida maʼlumotlar berildi. Ekskursiya davomida Turkmaniston Elchisi talabalarning nazariy bilimlari asosidagi savollariga amaliyotdan misollar bilan javob berdi.

Shundan soʻng tadbirning asosiy qismiga oʻtildi, unda Elchi janoblari Turkmaniston Mustaqilligining 30 yilligi, Neytralitetining 25 yilligi hamda Turkmaniston Respublikasida 2021 – Xalqaro tinchlik va ishonch yili munosabati bilan oʻtkazilayotgan tadbir qatnashchilarini yana bir bor elchixonada qarshi olishdan mamnunligini bildirdi. Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rahbariyati, jonkuyar ustoz-murabbiylari hamda talabalariga faollik uchun oʻz minnatdorchiligini izhor etdi. “Deyarli barcha topshirilgan maqolalarda, bizlar qardosh xalqlar ekanligimizni, oʻxshash madaniyat, til, anaʼna, urf-odatlarga egaligimizni hamda doʻstona qoʻshnilik munosabatlarimiz namunasini uchratish mumkinligi, meni quvontirdi”, deydi Turkmaniston Elchisi Ya.Mammedov. – Biz xalqaro va regional masalalarda va yangi hamkorliklarda doimo bir-birimizni qoʻllab-quvvatlab kelamiz. Turkman-oʻzbek hamkorligida ayniqsa soʻnggi yillarda turli sohalarda ijobiy oʻzgarishlarni uchratish mumkin. Savdo-iqtisodiy, gumanitar sohalarda, transport-tranzit aloqalari, suv manbalari boʻyicha masalalarda hamkorlik jadal rivojlanmoqda. Davlatlarimiz oʻrtasida tovar aylanishi ham yildan-yilga ortib boryapti”.

Oʻz navbatida JIDU Yoshlar masalalari va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha prorektori Laziz Mingishov soʻzga chiqib Turkmaniston Respublikasining yurtimizdagi elchixonasi vakillariga universitet bilan hamkorlikdagi faoliyat, oʻzaro ishonch va xurmat uchun minnatdorchilik bildirdi. Ikki davlat rahbarlarining harakatlari tufayli Oʻzbekiston-Turmaniston oʻrtasida strategik hamkorlikning yangi pogʻonaga koʻtarilayotganini eʼtirof etdi.

Tanlov uchun JIDU talabalarining maʼruzalari ikki tomonlama oʻzbek-turkman munosabatlari tahliliga bagʻishlangan boʻlib asosan quyidagi mavzularda boʻldi:

  • “Turkmaniston – tinchlik va ishonch mamlakati”
  • “Turmaniston va Oʻzbekistonning mustaqillik yillarida hamkorligi, yangi tendensiyalar va istiqbollar”
  • “Neytral Turkmanistonning tashqi siyosatdagi xususiyatlari va oʻziga xosligi”.

Yakuniy natijalarga koʻra birinchi oʻringa “Xalqaro huquq” fakulteti 3 bosqich talabasi Ayimgul Kaliknazarova sazovor boʻldi. Ikkinchi oʻrin bilan “Xalqaro huquq” fakulteti 2 bosqich talabasi Abu Tolib Gʻiyosov va “Xalqaro munosabatlar” fakulteti 1 bosqich talabasi Muborak Sotkulova, 3 oʻrin bilan esa “Xalqaro munosabatlar” fakulteti 1 bosqich talabasi Dilmurod Dilmurodov va shu fakultetning 3 bosqich talabalari Gulxayo Janiyeva i Tuvakmurat Tuvakovlar taqdirlanishdi. Gʻoliblarga Turkmaniston elchixonasining diplom va esdalik sovgʻalari topshirildi.

Bundan tashqari, tanlovda oʻz maqolalari va tashkilotchiligi bilan faol qatnashgan barcha talabalar va universitet xodimlari tashkilotchilar tomonidan tashakkurnomalarni qabul qilib oldilar. Universitetning Elchixona bilan hamkorlikdagi bunday faoliyati talabalarni kelgusi faoliyatlari bilan tanishtirish bu orqali ularni izlanishga, ilm olishga yanada motivatsiya berishda muhimdir.