15.04.2021        2958

O'zbekiston Respublikasining ichki turizmini rag'batlantirish Davlat dasturi doirasida JIDU talabalari Toshkent shahridagi Navro'z bog'idagi etnografik shaharchada bo'lishdi. Bu joy o‘zida boy madaniyat, urf-odatlar, oshxona, hunarmandchilik va noyob me'morchilikni aks ettirgan miniatyuralarni jamlagan.

Ekskursiya Xalqaro munosabatlar fakultetining uchinchi bosqich talabalari bilan o'tkazildi. Miniatyura bog‘ida, O'zbekiston mintaqalaridagi an'anaviy urf-odatlar, kulolchilik, zargarlik buyumlari, matolar va kiyim-kechak ustalarining ko'rgazmasi namoyish etildi.

"Xorazm qismi" nafaqat ko'plab qiziqarli eksponatlar bilan, balki turizm bo'yicha xalqaro ekspert Shaabasova Nodira bilan bo'lgan suhbatlar bilan ham esda qoldi. U turoperatorlar uchun gid kurslari va bunday kurslarni tashkil etish to'g'risida gapirdi.

Majmuaning markazida marmar polda mamlakatning ulkan xaritasi tushirilgan amfiteatr va gul shaklida metall ramka bilan qoplangan bayram konsertlari uchun sahna joylashgan. Bu yerda siz butun O'zbekistonni kaftdek ko'rishingiz mumkin: amfiteatr yonida tarixiy diqqatga sazovor joylarning kichraytirilgan nusxalari - masjidlar, Samarqand, Buxoro va Xivaning saroylari va madrasalari hamda kichik Toshkent teleminorasi joylashgan.

Ushbu tadbir nafaqat ma'naviy jihatdan foydali bo‘ldi, balki har bir o'quvchiga o'zbek xalqining diqqatga sazovor joylari bilan tanishish imkonini berdi. Etnografik shaharchaga tashrif talabalarning dunyoqarashini kengaytirishga, san'atga yaqindan tanishishga va O'zbekistonning buyukligini his etishga yordam beradi.