09.04.2021        3783

Buyuk ajdodlar hayotini oʻrganish, ularning boy madaniy merosini targʻib qilish va bu orqali yoshlar bilim va tafakkurni oshirish maqsadida Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida davra suhbati boʻlib oʻtdi. Tadbir Sohibqiron Amir Temur tavalludining 685-yilligi munosabati bilan sarkarda va davlat rahbari, XIV asrda qadim Movarounnahr zaminida markazlashgan davlat barpo etgan buyuk shaxs hayot yoʻli va “Temur tuzuklari” asari muhokamasiga bagʻishlandi.

Uchrashuvda JIDU Yoshlar masalalari va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha prorektori Laziz Mingishov, tarix fanlari doktori professor Rahmon Farmonov soʻzga chiqib talabalarni buyuk bobokalonimiz toʻgʻrisidagi qiziqarli maʼlumotlar bilan tanishtirdilar.

Amir Temurning adolatli boshqaruvi 35 yil davom etgan. Uning saltanati Hindistondan Zarafshon vodiysigacha, Tyan-Shandan Bosforgacha boʻlgan yirik hududni egallagan. Temur muallifligida davlat boshqaruvi, tajriba va oʻgitlari haqida yozilgan "Temur tuzuklari" nomli asari bugungacha oʻz dolzarbligini yoʻqotmagan. Asarda bayon qilingan Amir Temurning boshqa davlatlar bilan olib borgan diplomatik munosabatlari oʻsha davr tashqi siyosatini oʻzida namoyon qiladi.