24.10.2019 3868

“O‘zbek tili hayotimizning barcha jabhalarida – davlat va jamiyat boshqaruvi, davlatlararo munosabatlar, ilm-fan, ta’lim-tarbiya, tibbiyot, madaniyat va san’at sohalarida faol qo‘llanilayotgan” bir paytda har bir mutaxassisning davlat tilida erkin muomala qila olishi, yozma nutq savodxonligi yuqori bo‘lishi talab etiladi.

JIDUda “Davlat tili haqida”gi qonun qabul qilinganligining 30 yilligini  munosib nishonlash maqsadida 2019-yil 21-oktabrda  “Tariximsan, taqdirimsan, kelajagimsan, ona tilim” ezgu shiori ostida uyushtirilgan ”O‘ZBEK TILI BILIMDONLARI” tadbiri katta tantana bilan o‘tdi. Tadbirda unversitet professor-o‘qituvchilari,talabalar va mehmonlar ishtirok etdilar.

Tadbirni Jahon iqtidodiyoti va diplomatiya universiteti prorektori Laziz O‘tkirovich Mingishev kirish nutqi bilan ochib berdi. U o‘z nutqida dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri bo‘lgan o‘zbek tili xalqimiz uchun milliy o‘zlik va mustaqil davlatchilik timsoli, bebaho ma’naviy boylik, mamlakatimizning siyosiy-ijtimoiy, ma’naviy-ma’rifiy taraqqiyotida g‘oyat muhim o‘rin egallab kelayotgan buyuk qadriyat ekanligi, hukumatimiz tomonidan ona tilimizga mustahkam huquqiy asos yaratib berilgani va yuksak maqomga egaligini e’tirof etish kerakligini alohida ta’kidladi.

Ushbu  tadbirda 2-kurs talabalari o‘rtasida o‘tkazilgan esselar tanlovi g‘oliblari e’lon qilindi: Xalqaro iqtisodiyot va menejment fakulteti talabalari Agzamxo‘jayev E’zoz “O‘tkir qalam sohibi”, Mamarasulov Sardor “Jamiyat hodisalariga teran nigoh”, Xalqaro huquq fakulteti talabasi Kaliknazarova Ayimgul “O‘ziga xos g‘oya”  nominatsiyasi g‘olibligini qo‘lga kiritdilar.  “Keling, savodxonlikda bellashamiz” ommaviy diktant tanlovida Xalqaro iqtisodiyot va menejment fakulteti o‘qituvchisi Inagamov Sarvar “Eng savodxon o‘qituvchi”,   Sharq tillari kafedrasi kabinet mudiri Jalilova Nilufar “Eng savodxon xodim”, Xaqaro munosabatlar fakulteti 1-kurs talabasi Abduraupov Jaloliddin “Eng savodxon talaba” deb topilib, faxriy yorliq hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.

Tadbirda Janubiy Koreyaning Xanguk chet tillari unversiteti talabalari ham ishtirok etib, bayram bilan o‘zbek tilida barchani qutlab, o‘z san’atlarini namoyish etdilar. Ularning  nutqiti talabalarda katta taassurot qoldirdi.

Tadbirda talabalar “Tanishtiruv”, “Men xalq tilini qanchalar yaxshi bilaman”, “Muqobil tarjimani top” va “Ifodali o‘qish va badiiy deklamatsiya” shartlari  asosida bellashdilar.

Til bayrami nihoyasida  jamoalar JIDU rahbariyati tomonidan diplom va esdalik sovg‘alari   bilan taqdirlandilar.  Tadbir bayramona ruhda, xush kayfiyatda o‘tdi.