16.10.2018 11291

2018 yilning 12 oktyabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qoʻmitasi va Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti hamkorligida “Oʻzbekiston-BMT: tinchlik va barqarorlik sari hamkorlik” mavzusidagi davra suhbati tashkil etildi.

Taʼkidlanganidek, BMT bilan sheriklikning ustuvor yoʻnalishlari davlatimizning tinchlikparvar siyosati va xalqaro huquqiy prinsiplar va meʼyorlarga amal qilishi bilan belgilanadi.

Oʻzbekiston uchun BMTning xalqaro munosabatlarda noyob tuzilma sifatida muhimligi mamlakatning kun tartibidagi global va mintaqaviy muammolarni hal etishda, jahon miqyosida qarorlar qabul qilish jarayonida bevosita ishtirok etish imkoniyatini yaratishida koʻrinadi.

Xavfsizlikning zamonaviy tahdidlariga qarshi kurash, ommaviy qirgʻin qurollarini tarqalishining oldini olish, ekologik muammolarni hal qilish, ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotni har tomonlama qoʻllab quvvatlash, inson huquqini himoya qilish va ragʻbatlantirish mamlakatimizning BMT bilan hamkorligining ustuvor yoʻnalishidir.

Bu borada mamlakatimizning xavfsizlikni taʼminlash borasidagi katta tajribasi samarali munosabatlarning asosini tashkil qiladi. Oʻzbekiston qurolsizlanish va qurollar tarqalishiga qarshi qator asosiy bitim va shartnomalarning ishtirokchisidir. Respublikamiz BMTning terrorizmga qarshi 13 ta konvensiyasiga qoʻshilgan.

Tadbirda bugungi kunda Oʻzbekiston BMTning inson huquqlariga tegishli 60 ta xalqaro huquqiy hujjatlarining, jumladan, oltita asosiy kelishuvning ishtirokchisi sifatida oʻzining xalqaro majburiyatlarini uzluksiz bajarish barobarida, bu boradagi siyosatini ishlab chiqayotganiga eʼtibor qaratildi.

Mamlakatimiz BMTning Afgʻonistondagi tiklanish va bunyodkorlikka koʻmaklashish boʻyicha dasturlarini amalga oshirishida oʻzining harbiy infratuzilmalari elementlarini taqdim qilish, xalqaro gumanitar yuklarni yetkazish uchun oʻzbek-afgʻon chegarasidagi koʻprikni ochib berish, infratuzilmalarni qayta tiklash va turli obyektlarni qurishga koʻmaklashish bilan oʻzining samarali hissasini qoʻshib kelmoqda.

Tuzilma bilan Oʻzbekiston oʻrtasidagi hamkorlik munosabatlariga toʻxtalinar ekan, bu borada mamlakatimizda 1993 yildan boshlab BMTning Taraqqiyot dasturi oʻz faoliyatini boshlagani, 1999 yildan boshlab esa ushbu dastur mamlakat hamkorligidagi dastur sifatida amalga oshirib kelinayotganiga urgʻu berildi. Bu hamkorlikning asosiy vazifasi Oʻzbekistonning ijtimoiy va iqtisodiy rivojlanishining qisqa va oʻrta muddatlarga moʻljallangan ustuvor vazifalarini bajarish boʻyicha texnikaviy yordam va maslahatlashuvlar orqali koʻmak koʻrsatishdan iboratdir.

Bugun mamlakatda BMTning qator tuzilmalari, yaʼni Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti, Taʼlim, fan va madaniyat tashkiloti (YUNЕSKO), Jahon banki, Oziq ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti, Bolalar fondi, Aholishunoslik jamgʻarmasi, Taraqqiyot dasturi, Narkotik moddalar va jinoyatchilikka qarshi kurash boshqarmasi, OIV/OITS boʻyicha birlashgan dastur faoliyat yuritib kelmoqda. Ushbu tashkilotlar bilan hamkorlikda 1993 yildan buyon, Oʻzbekistonda davlat boshqaruvini kuchaytirish, atrof-muhit muhofazasi, qishloq xoʻjaligi, sogʻliqni saqlash, madaniyat, ilm-fan, taʼlim, energetika, kommunikatsiya va boshqa sohalarda jami 434 mln. dollardan ziyod mablagʻ jalb qilinib, 440dan ortiq loyihalar amalga oshirildi. Hozirgi vaqtda 70 dan ortiq loyihalar muvaffaqiyatli olib borilmoqda.

2016-2020 yillarga moʻljallangan BMTning taraqqiyotga koʻmaklashuvchi Doiraviy dasturi Oʻzbekiston va BMTning oʻzaro munosabatlaridagi yangi bosqich boʻlib, 2017-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirish boʻyicha Harakatlar strategiyasida belgilangan ustuvor yoʻnalishlarning ham amalga oshirilishida ijobiy taʼsirini koʻrsatishi taʼkidlab oʻtildi.

O`zbekiston Respublikasi Qonunchilik Palatasi