23.11.2022 276

Joriy yilning 21-25-noyabr kunlari Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining Executive Education (Oliy boshqaruv taʼlimi) fakulteti Italiyaning LUISS biznes maktabi bilan hamkorlikda “Zamonaviy sanoat siyosati” oʻquv dasturini boshladi.

LUISS biznes maktabi Executive Education yoʻnalishida dunyoning eng ilgʻorlar qatoriga kiradi. LUISS Italiyaning eng yetakchi taʼlim muassasasi va elita taʼlim maktabi sifatida koʻp martalab tan olingan ( Golden BIP mukofoti, EQUIS sertifikati).

Dasturda anʼanaviy va zamonaviy sanoat siyosatlari, rejalashtirish usullari, barqaror sanoat rivojlantirish yoʻllari, sanoat siyosatini olib borishda xavflarni oldini olish masalalari koʻrib chiqiladi. Bunda Yevropa ittifoqi sanoat siyosati, Italiya sanoatining tiklanishi, Yaponiya, Singapur sanoat siyosatlari va boshqa halqaro tajriba oʻrganiladi.

Barqaror rivojlanishni boshqarish va raqobat strategiyalari sohasida xalqaro miqyosda tan olingan mutaxassis, LUISS biznes maktabining Iqtisodiyot fakulteti professori Matteo Djuliano Karoli dasturni olib boradi. U LUISS biznes maktabining amaliy tadqiqotlar markazi boshqaradi va nufuzli halqaro nashrlarda koʻplab maqolalar muallifi.

Dasturda Oʻzbekiston vazirliklari va davlat muassasalarining, shahar va tumanlarining rahbarlari, yirik davlat va xususiy kompaniyalarning top-menedjerlari ishtirok etmoqda.

Oʻquv jarayoni Oʻzbekiston tajribasidan kelib chiqqan holda xalqaro amaliyotdan misollar (keyslar) asosida interfaol seminarlar va munozaralar shaklida oʻtkaziladi.

Dastur yakunida ishtirokchilarga xalqaro sertifikatlar topshiriladi.