27.07.2022 1700

Joriy yil 23 iyulda “Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti faoliyatini tizimli isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori imzolandi.

2022/2023 o‘quv yilidan yangi avlod oliy taʼlim muassasasi – “Smart universitet” konsepsiyasi asosida universitet faoliyati transformatsiya qilinadi.

Universitetda akademik faoliyat ilmiy-tahliliy yo‘naltirilganlik va akademik yaxlitlik taʼlim texnologiyalari hamda ularni taʼminlovchi dasturiy-apparat kompleksi asosida tashkil etiladi.

Har yili universitetning kamida 10 nafar professor-o‘qituvchilari, doktorantlari va magistrantlari xorijiy davlatlarning yetakchi taʼlim muassasalariga ilmiy stajirovka va malaka oshirish uchun yuboriladi.

Universitet professor-o‘qituvchilariga ilmiy unvonlarni berish hamda ularni ishga qabul qilishda akademik mustaqillik negizida berilgan ilmiy unvonlar va ilmiy darajalarni tan olish vakolati beriladi.

2022/2023 o‘quv yilidan universitetning iqtidorli talabalari ishlab chiqarish amaliyotini o‘tash uchun O‘zbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalariga yuboriladi. Universitet huzurida “Xalqaro munosabatlar: siyosat, iqtisodiyot, huquq” jurnali tahririyati tashkil etiladi.

Manba: uza.uz (https://uza.uz/uz/posts/jahon-iqtisodiyoti-va-diplomatiya-universiteti-smart-universitetga-aylantiriladi_392903)