22.07.2022 950

Shanxay hamkorlik tashkilotining Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi (MATT) o‘zining butun faoliyati davomida mazkur Tashkilot rivojiga salmoqli hissa qo‘shib, terrorizm, separatizm va ekstremizmga qarshi kurash bo‘yicha uning mintaqaviy va global darajadagi tayanch ustuni hamda muvofiqlashtiruvchi markaziga aylanmoqda.

Ma’lumot uchun, 2002-yil 7-iyunda ShHTga a’zo davlatlar rahbarlari kengashining Sankt-Peterburgda o‘tkazilgan majlisida Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi ShHTning doimiy organi sifatida va shtab-kvartirasi Toshkent shahrida joylashgan terrorizm, ekstremizm va separatizmga qarshi kurashini muvofiqlashtirish va o‘zaro hamkorligi bo‘yicha Mintaqaviy aksilterror tuzilmasini tashkil etish to‘g‘risida bitim imzolangan.

Tuzilmaning xalqaro nufuzi yildan-yilga ortib, ko‘p tomonlama hamkorlikning yorqin namunasiga aylanib bormoqda.

Shu sababli O‘zbekistonda ShHTning Xalq diplomatiyasi markazi bilan hamkorlikda joriy yilning 21-iyul kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining bir qator talabalari uchun Mintaqaviy aksilterror tuzilmasining Ijroiya qo‘mitasida uchrashuv tashkil etildi.

Uchrashuv davomida MATT Ijroiya qo‘mitasi direktori Ruslan Mirzayev ishtirokchilarni tuzilmaning shakllanish bosqichlari, tashkiliy-huquqiy asoslari hamda faoliyatining asosiy tamoyillari va yo‘nalishlari bilan tanishtirdi.

O‘z navbatida, ShHT Xalq diplomatiyasi markazi direktori Qobiljon Sobirov talabalarning Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi vakillari bilan uchrashuvini tashkil etishdan asosiy maqsad - ekstremizm va terrorizm g‘oyalari tarqalishining oldini olish, yoshlar qalbida vatanparvarlik va sadoqat tuyg‘usini shakllantirishda xalq diplomatiyasi vositalaridan kengroq foydalanish g‘oyalarini ilgari surishdan iborat ekanini ta’kidladi.

Uchrashuvda butun jamiyatda ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish va ularga barham berish bilan bog‘liq xavfsizlik sohasidagi yangi chaqiriq va tahdidlar yuzasidan fikr almashildi.

Tuzilma rahbari mintaqadagi vaziyat, jumladan, Afg‘oniston mavzusi, kibermakondagi tahdidlarga qarshi kurashish, narkotik moddalarning noqonuniy aylanishi, terrorizmga qarshi kurashish, shuningdek, ShHT davlatlarining xalqaro-huquqiy sohadagi o‘zaro hamkorligiga oid savollarga atroflicha javob berdi.

Talabalar tadbir tashkilotchilariga samimiy minnatdorchilik bildirib, uchrashuv Shanxay hamkorlik tashkilotining doimiy tuzilmasi faoliyatini yanada chuqurroq o‘rganishga, umuman olganda, xalqaro xavfsizlikni ta’minlash, zaminda barqarorlik va tinchlikni saqlash bo‘yicha Tashkilotga a’zo davlatlarning sa’y-harakatlarini rag‘batlantirish uchun qulay imkoniyat ekanligini ta’kidladilar.

Yoshlar kelgusida ham bu kabi mazmunli tadbirlarni o‘tkazishga katta qiziqish bildirdilar.