21.07.2022 1181

Joriy yilning 20-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov taklifiga binoan Cho‘lponota shahriga jo‘nab ketdi. Ayni paytda bu yerda Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining to‘rtinchi Maslahat uchrashuvi o‘tkazilmoqda.

Shuni alohida qayd etish lozimki, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlarini o‘tkazish tashabbusi davlatimiz rahbari tomonidan 2017-yilda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida ilgari surilgan.

Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov raisligida o‘tayotgan ushbu sammitda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon va Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhammedov ishtirok etmoqda.

Davlatimiz rahbari o‘z nutqida bunday tarzdagi muloqotlar natijasida do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlash, Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlik bo‘yicha yangicha konstruktiv muhit yaratishga erishilganligini ta’kidlab, muhim tashabbuslarni ilgari surdi.

“Shu yilning may oyida Toshkentda o‘tkazilgan Markaziy Osiyo yoshlar forumining samarali natijalariga alohida to‘xtalib o‘tmoqchiman. Biz yoshlarimizning qarash va intilishlari o‘xshash, kuchli intellektual salohiyatga ega ekaniga yana bir bor guvoh bo‘ldik.

Biz ularning ilg‘or tashabbuslari, ijodiy yondashuvlari va startap loyihalarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashda davom etishimiz kerak. Navbatdagi uchrashuvimizga yoshlar siyosatining umumiy yo‘nalishlari bo‘yicha ko‘p tomonlama shartnoma tayyorlashni taklif qilamiz”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvida Qosim-Jo‘mart To‘qayev Qozog‘iston “Mozori-Sharif–Kobul–Peshovar” temir yo‘li qurilishida ishtirok etishga tayyorligini ma’lum qildi.

“Qozog‘iston “Mozori Sharif-Qobul-Peshovar” temir yo‘li qurilishida qatnashishga tayyor. Xususan, biz qurilish materiallarini uzluksiz yetkazib berishni ta’minlashimiz mumkin. Hamkorlarimizni Qozog‘iston-Turkmaniston-Eron temir yo‘llaridan faol foydalanishga chaqiramiz” —  dedi To‘qayev.

Bundan tashqari, Prezident Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyo davlatlari maxsus xizmatlari rahbarlari doimiy maslahatlashuvini yo‘lga qo‘yishni taklif qildi

“Afsuski, O‘zbekistonda so‘nggi paytlarda ro‘y bergan fojiali voqealar bizning rejalarimizni buzishga, mintaqamizda tartibsizlik va beqarorlik keltirib chiqarishga urinayotgan buzg‘unchi kuchlar borligini yana bir bor tasdiqladi”, dedi davlatimiz rahbari.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Maslahat uchrashuvi davomida qator takliflarni ilgari surildi:

tovarlarni yetkazib berishning yagona qoidalari va soddalashtirilgan tartib-qoidalariga ega bo‘lgan chegara savdo zonalari tizimini yaratish;

har yili Markaziy Osiyo mintaqalari forumi o‘tkazilishini yo‘lga qo‘yish;

Hindiston, Pokiston va Xitoy bozorlariga chiqish uchun muqobil transport yo‘laklarini ilgari surish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish;

aholini keng nomenklaturadagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan kafolatli taʼminlashning kompleks sxemasini birgalikda ishlab chiqish;

Markaziy Osiyo madaniyat, sanʼat va kino festivalini mamlakatlarimizda navbatma-navbat o‘tkazish;

o‘zaro turistik oqimlarni ko‘paytirish bo‘yicha aniq takliflar tayyorlash uchun qo‘shma ekspertlar guruhini tashkil etish;

yoshlar siyosatining umumiy yo‘nalishlari bo‘yicha ko‘p tomonlama shartnomani tayyorlash.

O‘z nutqini yakunlar ekan, davlatimiz rahbari Maslahat uchrashuvining natijalari Markaziy Osiyodagi birodar xalqlarning ko‘p qirrali sherikligini yanada mustahkamlashga munosib hissa qo‘shishiga ishonch bildirdi.

 

Dilmurod Dilmurodov,

“Xalqaro munosabatlar” fakulteti 2-bosqich talabasi