12.05.2022 181

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti hamda Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti bilan hamkorlikda “Yangi O‘zbekistonda ayol imidji: nazariya va amaliyot” mavzusida tadbir o‘tkazildi.

Tadbirda so‘zga chiqqan siyosiy fanlar doktori, professor E. Sultanova ayollarga quydagicha ta’rif berdi: “Hozirgi paytda faol xotin-qizlarimizni davlat va jamoat tashkilotlarida, siyosiy partiyalarda, ilg‘or tadbirkorlar qatorida, olim-u shoiralar safida istagancha uchratish mumkin. Nazarimda, ayrim sohalarda ayollar o‘z salohiyatlari, mehnatkashliklari bois erkaklardan ham o‘zib ketdi. Jamiyatimizda raqamli iqtisodiyotning rivojlanishini ko‘rsatayotgan hozirgi yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida fidokorona mehnatda aynan ayollarimizning ma’lum bir qatlami zamon talablariga “labbay” deb javob bermoqda”.

Ma’ruzaga chiqqan  JIDU Xalqaro munosabatlar fakulteti dekan muovuni Tillaxodjayeva Sayyora Kabuldjanovna jamiyatni demokratlashtirish,  erkinlashtirish va sog‘lomlashtirish sharoitida xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy va ma’naviy-huquqiy mavqeini oshirish omillari takomillashmoqda ekanligini ta’kidladi. Ayollarimiz ijtimoiy hayotning hamma sohalarida o‘z aql-zakovati,  bilimdon va shijoatlarini namoyon etmoqdalar. Yurtimizda davlat va jamiyat ishlarida ayollar ishtirokini ta’minlashda huquqiy kafolatlar yaratish, ularni ta’lim-tarbiya ishlarida, rahbarlik lavozimiga ko‘tarishga katta ahamiyat  berilmoqda. Shuning uchun talaba qizlarni jamiyatdagi o‘rni hozirgi kunda oshib borayotganligini asoslab berdi.

Bu tadbirda JIDUning LIDER qizlar klubi raisi 3 kurs Xalqaro munosabatlar fakulteti talabasi Ilmiddinova Madina, LIDER qizlar klubi raisi muovini 2 kurs siyosatshunoslik yo‘nalishi talabasi Satarova Saida zamonaviy talaba qizlarning imidji va kiyinish uslubi bo‘yicha taqdimot qilishdi.

Tadbirda so‘zga  chiqqan  JIDU Siyosatshunoslik kafedrasi doktoranti  Zakirova Munisa quyidagi fikrlarni bildirdi: “Ayolni ulug‘lash – oilani, vatanni, hayotni ulug‘lashdir. Chunki, oilani ham jamiyat va millatni birlashtirib, unga fayz-baraka kiritadigan xonadonlarimiz mehr-muhabbat, iffat-nafosat, ezgulik va yaxshilik hamda saxovat nuri bilan munavvar qiladigan zotlar moʻtabar onalarimiz, opa-singillarimizdir. Ular o‘zlarining oqil-u donoligi, samimiy, xushfe’lligi, oriyat-u latofati, saxovati bilan oila, jamiyat va jamoadagi sog‘lom muhit va muvozanatni saqlab turadi. Shuning uchun ayollarimizni yurtboshimiz, hayotimiz chirog‘i, umrimiz guli, odob gultoji deb e’zozlaydi. Mamlakatning mustahkamligi - oilalarimizning mustahkamligidir. Aqlli ayollarimiz esa mustahkamligimiz tayanchidir”.

Ushbu tadbirda shuningdek, TDIU Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori, iqtisod fanlari doktori, professor Gulnora Abduraxmonova so‘zga chiqdi. U quyidagilarni ta’kidlab o‘tdi: “Har bir davlatning barqaror taraqqiyotini ta’minlashda asosiy poydevor - inson omili, uning intellektual salohiyati bilan uzviy bog‘liq”.

So‘ngra talabalar qiziqtirgan savollarga atroflicha javob berildi. Talabalar faol ishtirok etgan holda o‘zlarining fikr-mulohazalari bilan uchrashuvning ikki tomonlama foydali bo‘lishiga o‘z xissalarini qo‘shishdi. 

O‘tkazilgan tadbir har taraflama o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlarga erishdi, shu yo‘nalishda LIDER qizlar klubi bilan turli uchrashuv va tadbirlar o‘tkazish bo‘yicha har ikkala taraflar kelishib olishdi.