09.10.2021 264

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti va Shveysariyadagi Bern universitetining Jahon savdo instituti (JSI) oʻrtasida oʻzaro hamkorlikning turli yoʻnalishlari muhokamasiga bagʻishlangan virtual uchrashuv boʻlib oʻtdi. Uchrashuv avvalida tomonlar oʻzbek siyosatchilari, qizuquvchilar va keng jamoatchilikni Jahon savdo tashkiloti siyosati va huquqiy asoslari, Oʻzbekistonning JSTga kirishi bilan bogʻlik hamkorlikdagi amaliy vazifalar bilan tanishtirib oʻtishdi.

Shuningdek, tomonlar JIDUda mavjud akademik dasturlarga mos keluvchi “JST huquqi va amaliyoti” yangi oʻquv modelining ishlab chiqilish jarayonlari haqida ham fikr almashdilar. Ushbu hamkorlik Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtiriluvchi “Oʻzbekistonning Jahon savdo tashkilotiga kirish jarayoniga koʻmak” loyihasining bir qismi boʻlib, Xalqaro savdo markazi va Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan amalga oshirilmoqda. Mazkur amaliyot doirasida JSI mehmon mutaxassislari ishtirokida bir nechta maʼruzalar, Toshkentda ham Berndagi singari mavjud potensialni oshirishga yoʻnalgan qisqa muddatli treninglar oʻtkazish rejalashtirilgan. Bu tadbirlarda professor Piter Van den Bosshe, Jennifer Xillman va Tomas Kottye singari xorijiy ekspertlarning ishtiroki etishi JIDU professor-oʻqituvchilari, talabalari hamda davlat idoralarida faoliyat yurituvchi xodimlarining bilim va malakasini oshirishga yoʻnaltirilgan.

Uchrashuv yakunida JSI va JIDU oʻrtasida ikki tomon uchun ham qiziqarli boʻlgan sohalarda bilim va tajriba almashinish, talabalar va xodimlar almashinuvi boʻyicha ilmiy loyihalarni yoʻlga qoʻyish, shuningdek birgalikda ilmiy uchrashuv va tadbirlar (konferensiya va seminarlar) oʻtkazishni tashkil qilish kabi maqsadlarni koʻzlagan kelishuv Memorandumi imzolandi. Unga koʻra, jumladan JIDU xodimlari va bitiruvchilari JSIning PhD dasturida rezident yoki tashqi tadqiqotchi sifatida oʻqishga ariza topshirishlari mumkin. Bern universiteti va JSI talablariga javob bergan nomzodlar PhDda xorijda oʻqishni davom ettirishadi. Bunga qoʻshimcha sifatida dastlab JIDU tomonidan tanlangan va BSTning dasturida oʻqishga qabul qilingan nomzodlar xorijiy OTMning MILE yoki TRAIL + dasturlarida oʻqish uchun 15 foizlik chegirmaga ega boʻlishadi. JIDU va JSI Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida xalqaro savdo huquqi va investitsiyalar yoʻnalishida qishki akademiyani yoʻlga qoʻyish ustida ham hamkorlikda ish olib borishmoqda.

Maʼlumot oʻrnida:

JSIning qarorgohi Shveysariyaning Bern shahrida joylashgan boʻlib, talabalar, davlat xizmatchilari va xususiy sektor vakillarini oʻqitish va yetkazib berish dasturi boʻyicha 20 yillik xalqaro tajribaga ega. Bu yuqori standartlariga mos keluvchi ilmiy tashkilot boʻlib, oʻz tarkibiga oliy taʼlim va xalqaro huquq, iqtisodiyot va siyosatshunoslik fanlariaro tadqiqotlarni ham oladi.

Jahon savdo institutining maqsadi – xalqaro iqtisodiy boshqaruv jamiyatga sezilarli foyda keltirishi uchun davlat siyosatini shakllantirish; globallashuv va barqaror rivojlanishni boshqaradigan huquqiy, iqtisodiy va siyosiy asoslarni yaxshiroq tushunishga koʻmaklashish; chegara hududlarida zamonaviy tadqiqotlar, ilmiy izlanishlar va siyosiy masalarga yechimlarini taqdim etishdan iborat.