23.09.2021 447

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Birlashgan Millatlar Tashkiloti oliy minbaridan turib, so‘zlagan nutqi nafaqat yurtimizda, balki butun jahon hamjamiyatida katta aks-sado berdi.

Chunki nutqda bugun insoniyatni o‘ylantirayotgan barcha o‘tkir muammolar, keskin o‘zgarishlar shiddati va mavjud xavf-xatarlarga qarshi samarali kurashish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar va takliflar to‘liq qamrab olindi, desam mubolag‘a bo‘lmaydi.

Davlatimiz Rahbari oliy minbardan chiqish qilar ekanlar, BMTning global jarayonlarda yetakchilik roli va ahamiyati yanada kuchayishi lozimligiga, uning ta’siri va o‘rni yangi mazmun va sifat bilan boyishi zarurligiga urg‘u berdilar.

Bugun bashariyatni qattiy o‘ylantirayotgan pandemiya va uning salbiy iqtisodiy oqibatlarini hal qilish uchun barcha mamlakatlar o‘rtasida birdamlik, o‘zaro hamkorlik va hamjihatlik muhitini mustahkamlash kerakligi ta’kidlandi.

Emlash jarayonlarida dunyoning barcha xalqlari uchun, teng va adolatli foydalanish imkoniyatlarini taqdim etayotgan BMT doirasidagi KOVAKS global platformasi g‘oyatda ta’sirchan mexanizm sifatida o‘zini oqlayotgani alohida ta’kidlandi.

Ammo bu jarayonda ham bugun ko‘plab muammolar yuzaga kelayotganini inkor qilib bo‘lmaydi. Dunyoning qudratli davlatlari ana shunday murakkab bir sharoitda o‘zlari ishlab chiqargan vaksinalarni ko‘proq sotish, geosiyosiy maqsadlari yo‘lida foydalanish, boshqa mamlakatda tayyorlangan bu kabi emlash vositalarining ahamiyatini pasaytirishga urunish kabi nomaqbul amaliyotga berilib ketishmoqda. Vaholanki, sayyoramiz aholini to‘liq emlash uchun barcha ishlab chiqaruvchilar yaqindan, qo‘lni-qo‘lga berib ishlashlari eng to‘g‘ri yo‘l bo‘lar edi.

Shu ma’noda Prezidentimizning “pandemiyalarga qarshi samarali kurashda vaksinatsiya natijalarini xalqaro miqyosda tan olish jarayonlarida Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining muvofiqlashtiruvchi rolini yanada kuchaytirish tarafdorimiz”, deya aytgan ulug‘vor fikrlari ayni paytda juda dolzarb va o‘rinlidir.

Hozirgi sharoitda, ko‘plab qit’alarda odamlar uchun vaksinalar shunday ham taqchil bo‘lib turgan davrda davlatlar tomonidan bu masalani ortiq siyosiylashtirmaslik, ko‘proq foyda topish niyatida harakat qilmaslik juda muhim.

O‘tgan yili O‘zbekiston Respublikasining tashabbusi bilan ishlab chiqilgan va joriy yilda Bosh Assambleyaning rasmiy hujjati sifatida tarqatilgan Pandemiyalar davrida davlatlarning ixtiyoriy majburiyatlari to‘g‘risidagi Kodeks bizning bu xayrli yo‘ldagi amaliy hissamiz ekanligi aytib o‘tildi.

Muhtaram Prezidentimiz inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash hamda himoya qilish demokratik islohotlarimizning asosini tashkil etishini, bu o‘zgarishlar ortga qaytmas muqarrar tus olganini va boshlagan islohotlarni izchil davom ettirish maqsadida Yangi O‘zbekiston strategiyasini ishlab chiqilganini xalqaro hamjamiyat e’tiboriga yana bir bor yetkazdilar.

Ushbu Strategiyaning bosh g‘oyasi fuqarolik jamiyati institutlari rolini kuchaytirish, inson huquqlarini himoya qilish, kambag‘allikni kamaytirish, har bir kishini kafolatli daromad manbai bilan ta’minlash hamda barqaror ekologik rivojlanishga erishishdan iboratdir.

Yana bir muhim masala – Afg‘oniston muammosiga jiddiy e’tibor qaratildi. Hozirgi qiyin davrda Afg‘onistonni yakkalab, uni muammolar girdobiga tashlab qo‘yish mumkin emasligini, bu holat faqatgina jafokash afg‘on xalqiga katta ziyon yetkazishini nihoyatda kuyunchaklik bilan qayd etib o‘tdilar.

Bundan tashqari, nutqda ko‘tarilgan ishsizlik va kambag‘allikni qisqartirish, mintaqalar o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqni kuchaytirish, yoshlarga e’tibor va g‘amxo‘rlik, transmilliy jinoyatchilikka qarshi kurash, atrof-muhit va bio xilma-xillikni muhofaza qilish, qayta tiklanadigan energiya hajmlarini oshirish kabi ustuvor masalalarning barchasi Birlashgan Millatlar Tashkilotining 2030 yilgacha bo‘lgan Barqaror rivojlanish maqsadlari ruhiga uyg‘un va hamohang ekanini aytib o‘tmoqchiman.

Gulnoza Ismailova,
Yuridik fanlari doktori,
JIDU prorektori

Manba: O‘zA