18.09.2021 487

Joriy yilning 24-oktabr kuni mamlakatimizda muhim siyosiy jarayon – Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi boʻlib oʻtadi. Aholimizning 60 foizini tashkil etuvchi yoshlar ushbu saylovda faol ishtirok etadi. 

Saylash va saylanish huquqi har bir shaxsning siyosiy huquqlaridan hisoblanadi. Albatta, mamlakatda boʻlib oʻtadigan saylovlarda aholining ishtiroki bevosita oʻsha mamlakat xalqining siyosiy faolligi bilan baholanadi.

Ekspertlar fikriga koʻra, soʻnggi yillarda butun dunyo yoshlari orasida siyosiy faollik sezilarli darajada oshib bormoqda. Ayniqsa, yoshlar nafaqat oʻz siyosiy huquqlaridan foydalangan holda saylash, balki saylanish huquqidan ham foydalanib kelmoqdalar. 

Darhaqiqat, soʻnggi besh yil mobaynida mamlakatimizda amalga oshirilgan keng koʻlamli islohotlar natijasida yoshlarning siyosiy savodxonligi sezilarli darajada oshdi. Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi hamda Yoshlar ishlari agentligi tashkilotlarining tashkil etilishi, har ikkala palata huzurida Yoshlar parlamentining faoliyat boshlashi, 30-iyun sanasini “Yoshlar kuni” deb e’lon qilinishi bu mamlakatimizda yoshlarga qaratilayotgan e’tiborning ulkan namunasi hisoblanadi. 

Xulosa qilib aytadigan boʻlsak, saylov huquqi bu Sizning, bizning, barchamizning siyosiy huquqimizdir. Biz saylash orqali oʻz kelajagimizni hal qilamiz. Unutmang, Sizning ovozingiz oʻz kelajagingiz uchun muhim ahamiyatga ega.

Dilmurod Dilmurodov,
“Xalqaro munosabatlar” fakulteti 2-bosqich talabasi.