16.09.2021 564

Lider jamoadagi eng obroʻli, eʼtiborli shaxs boʻlib, u birgalikdagi faoliyatni tashkil qilishda yetakchi rol oʻynaydi va jamoadagi munosabatlarni tartibga soladi.

Samarali rahbarlik boʻlmasa,  hech narsa amalga oshmaydi. Zero, boshqalarni tegishli vazifani bajarishga ilhomlantiradigan kuchli shaxslar boʻlmaguncha hech narsa qilish mumkin emas.

Mamlakatimizda katta tajribaga ega, kuchli mutaxassislarning yetakchi sifatida jamiyatimizdagi oʻzgarishlarning islohotchisi va ishtirokchisi boʻlib, aniq maqsadlarni amalga oshirish borasida olib borayotgan saʼy-harakatlari diqqatga sazovordir.

Ijtimoiy tarmoqlarda saylovlar jarayonida “Oʻzbekistonda muqobil harakatlar yoʻq, partiyalar tomonidan Prezidentlikka loyiq kuchli, munosib nomzodlar taqdim etilmagan” degan fikrlarning paydo boʻlishi bir tomondan, jamiyatimizda jonlanish va boʻlayotgan jarayonlarga fuqarolar tomonidan oʻz munosabatlarini bildirish kayfiyati paydo boʻlganidan dalolat beradi. Bu ijobiy oʻzgarish!

Ikkinchi tomonidan, agar yuqoridagi fikrlar jamiyatga nafi tegmaydigan bir hovuch “oʻyinbuzuqilar”ning shunchaki luqma tashlab, suvni loyqalatishga qaratilgan harakatlari boʻlsa, bu juda achinarli hol. Har bir fikr tagida asos, xolis maʼlumotlar boʻlishi kerak. 

Hozirgi kunda Prezident  lavozimiga siyosiy partiyalar tomonidan tanlangan va ilgari surilayotgan nomzodlar oʻz-oʻzidan shu darajaga kelib qolmagan. Agar ularning faoliyati bilan tanishib chiqsak, har biri ulkan tajribaga ega, katta yutuqlarga erishgan, oʻz kasbining kuchli mutaxassislaridir. Albatta, butun xalq eʼtirofiga ega boʻlish oson emas, oʻzining yaratuvchanlik faoliyati, ezgu ishlari, xalq manfaati yoʻlidagi xizmati bilan qadam-baqadam erishiladi bunga. Lekin, hozirgi nomzodlarning faoliyatini yaqindan oʻrganganlar ular jamiyatning ilgʻor vakillaridanligini inkor eta olmaydilar.

Jumladan, “Milliy tiklanish” partiyasidan nomzod Alisher Qodirov haqiqatda faol, turli mavzularda keskin pozitsiyalari bilan ajralib turadi. Ijtimoiy tarmoqlarda ham jamiyatdagi jarayonlarga muntazam ravishda oʻz shaxsiy fikrini bildirib boradi. Ommaviy shaxs. Shuningdek, u tomonidan ilgari surilgan ayrim fikrlar keng jamoatchilik orasida rezonans uygʻotadi. Alisher Qodirovning nutqida oʻziga boʻlgan ishonch sezilib turadi, demak, u oʻz ishiga sodiq, maqsadlarini aniq biladi. Har bir  davr oʻz yetakchilarini ilgari suradi, ularni qoʻllab-quvvatlash, ularga izdosh boʻlish esa har birimizning shaxsiy tanlovimizdir.  

Shuningdek, yana bir nomzod, Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasi tomonidan tavsiya etilgan  Maqsuda Varisovani jamiyatimizning yorqin yetakchilaridan biri deyish mumkin. Bugun butun dunyo mamlakatlarida xotin-qizlarning davlat boshqaruvi sohasida, baʼzan davlat va hukumat rahbarligi vazifasini bajarayotgan sharoitda Maqsuda Varisovaning nomzodi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga koʻrsatilishi bu mamlakatimizda nafaqat gender tengligini taʼminlash uchun, balki xotin-qizlarning jamiyat va davlat miqyosida mavqeini koʻtarishga qaratilganligi bilan ahamiyatlidir.  Bu fidoyi ayol oʻz faoliyatini xalq va jamiyat orasida xotin-qizlarning obroʻsini yuksaltirishga, ularning huquqini taʼminlashga hamda davlat va jamiyat hayotida munosib oʻrin olishi uchun imkoniyatlarni yaratishga qaratgan. Bunday ayol liderlarga har bir demokratik jamiyatda ehtiyoj bor va boʻladi. Tanlov esa oʻzimizda.

"Adolat" sotsial demokratik partiyasi prezidentlik saylovlariga partiya rahbari Bahrom Abduhalimovni nomzod sifatida koʻrsatdi. Baxrom Abduhalimov nafaqat mamlakatimizda, balki dunyo miqyosida tan olingan olimlardan biri boʻlib, uzoq yillar davomida Oʻzbekistonda fan va taʼlim rivoji uchun xizmat qilmoqda. Filolog-sharqshunos olim, mohir tarjimon, tarix fanlari doktori, professor. Xorijiy mamlakatlarda ish faoliyatini olib borgan katta hayotiy va boshqaruv tajribasini toʻplagan qobiliyatli va iqtidorli shaxs. Menimcha, lider uchun sohaning kuchli mutaxassisi, chuqur tahlilchi  boʻlish juda muhimdir.  U juda katta hajmdagi maʼlumotlarni idrok eta oladi va undan asosiy fikrni ajrata oladi. Tafakkuri yuksak boshqaruvchi, ilmiy dunyoqarashi keng, vatanparvar olim Abduhalimovni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga munosib nomzodlardan biri sifatida eʼtirof etish mumkin.

Yana bir nomzod Narzulla Oblomurodov boʻlib, hali yosh, faol, xorijda taʼlim olgan, fan nomzodi, maʼlum vaqt Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasida, Oʻzbekiston ekologiya va atrof-muhitni himoya qilish qoʻmitasida ishlagan. 1996-yilda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetini, 2000-yilda esa Buyuk Britaniyadagi Birmingem Universitetini tamomlagan. N. Oblomurodov bebaho va koʻp qirrali amaliyotga ega boʻlib, mamlakatda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar ishtirokchisi. Mamlakat miqyosida oʻsib kelayotgan istiqbolli boshqaruv kadrlaridan biri sifatida doim eʼtirof etilgan. Strategik fikrlash imkonini beruvchi muhim ilmiy va amaliy tajribaga ega,  bu esa mamlakat, mintaqa va xalqaro maydondagi mavjud vaziyatni toʻgʻri baholash va murakkab siyosiy jarayonlarni bashorat qilish imkonini beradi.

Koʻrinadiki, jamiyatimizda sezilarli oʻzgarishlar yuz bermoqda. Jamiyat faollashdi. Yorqin, bilimli, tashabbuskor shaxslar siyosat maydonida paydo boʻlmoqda. Oʻzimizga munosib lider tanlashni esa faqat Oʻzbekiston xalqi prezidentlikka saylov kuni hal qiladi.

Mehribon ABDURAHMONOVA,
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti oʻzbek va rus tillari kafedrasi mudiri.