16.07.2021 270

Muloqot avvalida JIDU Xalqaro aloqalar boʻyicha prorektori, professor S.Saidqosimov joriy yilning 6-mayida davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoev tomonidan “Chet tillarini oʻqitish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari” yuzasidan oʻtkazgan videoselektor yigʻilishida belgilangan vazifalar va maqsadlar haqida yanada batafsil maʼlumot berdi.

JIDUda yaqinda tashkil etilgan va tez orada davlat xizmatchilari, oʻqituvchilar va yoshlarning xorijiy tillar boʻyicha bilimini mustahkamlashga yordam beruvchi chet tillarini chuqur oʻrgatish markazida yapon madaniyati, anaʼnalari va tilini oʻrgatuvchi yapon tili boʻlinmasining tashkiliy masalalari muhokama qilindi.

Janob Fujiyama Yoshinori JIDUda Markaz yaratish gʻoyasi va unda yapon tilini oʻqitilishini yana bir bor yuksak baholab, uning yapon tili va madaniyati bilan tanish boʻlgan oʻzbek mutaxassislarini tayyorlash sifatini oshirishga zamin yaratishini taʼkidladi. Shuningdek, birinchi navbatda, Yaponiya xalqaro tashkilotlari, xususan, Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) vakolatxonasi va boshqa bir qator Yaponiya tashkilotlari va jamgʻarmalarining moliyaviy salohiyatidan keng foydalanishni tavsiya etdi.

Yaponiya Elchisi F.Yoshinori ushbu tashkilotlar tomonidan zarur grantlarni ajratish mexanizmi haqida gapirib, JIDUning Markaz faoliyati uchun zarur uskuna va jihozlarni shu yoʻl bilan olishdagi saʼy-harakatlarini qoʻllab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi.

Shuningdek, Elchi kelgusi yili markazda ishlash uchun JICAning yapon tili boʻyicha 2 nafar malakali koʻngilli oʻqituvchilarini taqdim yetishda koʻmaklashishini ham tasdiqladi.

Uchrashuv soʻngida, professor S.Saidqosimov mazkur uchrashuvni tashkil etish tashabbusi bilan chiqqan Yaponiya tomoniga minnatdorchilik bildirdi va Yaponiyaning Oʻzbekistondagi madaniyati, tili, zamonaviy texnologik yutuqlarini oʻrganish va targʻib qilish boʻyicha aniq natijalar hamda amaliy harakatlarga erishish uchun konstruktiv muloqotni davom ettirishga umid bildirdi.