04.05.2021 312

9-may Xotira va qadrlash kunini arafasida “Xalqaro huquq” fakulteti talabalari Toshkent shahrining Olmazor tumanida joylashgan G'alaba bog'i hamda Shon-sharaf muzeyiga borishdi. Ushbu muzey ilmiy-tadqiqod maskani ham hisoblanib, O‘zbekistonning harbiy tarixini o’rganish, boyitish va o'z fidoyiligi bilan jonini qurbon qilgan ajdodlarimizni xotiralash hamda harbiy burchini o‘tayotgan fuqarolar, yoshlar va aholini vatanparvarlik, ma’naviy-axloqiy  qadriyatlar ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi.

Ekskursiya davomida talabalar muzeyning boy va keng ko’lamga ega Markaziy Osiyo va O’zbekiston xalqining Ikkinchi jahon urushi davridagi harbiy arsenallari hamda tarixi ekspozitsiyasi bilan tanishib chiqishdi.

Ayniqsa, bog‘ va muzeydagi urush davri manzaralari, jumladan, okop va blindajlar, palatkalar, dala oshxonalari va boshqa lavhalar aks etgan kompozision majmualar talabalarning tasavvurini yana boyitdi va milliy iftixor tuyg'ularini jo'shqinlantirdi.

Shuningdek, talabalar diqqatini turli qurol-yaroq predmetlari: kremniy toshlardan ishlangan o‘q otish moslamalari, shuningdek, Ulug' vatan urushi davrida ishlangan qurol-aslahalar, zamonaviy harbiy texnika buyumlari jalb etdi. Talabalar xilma-xil monumentlar oldida esdalik uchun suratlarga tushdilar. G'alaba bog'i va Muzeyga bo‘lgan tashrif talabalarda katta qiziqish va taassurot uyg’otdi.

Ushbu bog'ning yaratilishi tashabbuskori – prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning ta'birida e'tirof etilgan mulohaza o'z tasdig'ini topdi desak mubolag'a bo'lmaydi. Prezidentimiz tomonidan bog' yaratilishi avvalida quyidagicha fikrlar bildirilgan edi: "Bu bog‘ xalqimizning Gʻalabaga qo‘shgan hissasini namoyon etishi, ota-bobolarimizning qahramonligini abadiylashtirishi kerak. Bu yerda Ikkinchi jahon urushi muhiti, vatandoshlarimiz qatnashgan janglar haqida ma’lumotlar aks etishi zarur".

JIDU katta o'qituvchisi Farruh Tashev