09.04.2021 437

Oʻzbekiston tarixi davlat muzeyi 1876-yil tashkil etilgan boʻlib, u Markaziy Osiyodagi eng yirik ilmiy-maʼrifiy maskanlardan biri hisoblanadi. Koʻp qirrali ilmiy muassasa boʻlgan mazkur muzey ilmiy-tadqiqot instituti, moddiy va maʼnaviy yodgorliklar ombori hamda tarixiy ilmlarni ommalashtirish markazi sifatida faoliyat yuritib kelmoqda. Qayd etish joizki, mazkur bebaho muzey Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi tarkibiga kiradi.

JIDU Magistratura fakultetining “Gid hamrohligi va tarjimonlik faoliyati” yoʻnalishi magistr talabalari uchun bu muzeyda sayyor oʻquv mashgʻuloti tashkil etildi. Bunday  oʻquv mashgʻulotining asosiy maqsadi talabalar uchun ingliz tilida tarixiy muzeylar boʻyicha ekskursiya oʻtkazish koʻnikmalarini shakllantirishdan iborat. Ekskursiya mashgʻuloti davomida magistrantlarga mamlakatimiz boy tarixining eng qadimgi bosqichlaridan boshlab to hozirgi kunga qadar boʻlgan davrlari haqida batafsil maʼlumotlar berildi.

Maʼlumot oʻrnida aytish mumkinki, magistraturaning “Gid hamrohligi va tarjimonlik faoliyati” yoʻnalishi 2018-yilda oliy darajadagi hukumat delegatsiyalariga hamrohlik qilish, tarjima sanʼati, mamlakatimizning boy tarixi, madaniyati va urf-odatlarini puxta oʻrganish, turizm sohasida professional kadrlar tayyorlash hamda Oʻzbekistonning turistik salohiyatini keng targʻib qilish maqsadida tashkil etilgan.