06.04.2021 172

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektori Komiljon Karimov Oʻzbekistondagi JICA Vakolatxonasi rahbari Miyadzaki Suguru bilan uchrashdi. Suhbat avvalida rektor yaponiyalik ekspertlarga universitet faoliyati, xalqaro aloqalar, xalqaro huquq va xalqaro iqtisodiyot yoʻnalishlarida kadrlar tayyorlashda Oʻzbekistondagi talab va JIDU taʼlim uslublari, zamonaviy taʼlim standartlarining qoʻllanishi va xorijiy hamkorlar bilan faoliyatga oid masalari bilan tanishtirdi.

Uchrashuvda shuningdek, JICA Oʻzbekistonning administrativ masalalar boʻyicha koordinatori  Damir Xabirov, tashkilotning Oʻzbekistondagi vakili Omori Shun, JIDU Xalqaro aloqalar boʻyicha prorektori Saidmuhtor Saidqosimov, XIM fakulteti dekani Mirzoumid Hamdamov va “Sharq tillari” kafedrasi mudiri Hakima Gafurovalar ishtirok etishdi.

Oʻz navbatida, Oʻzbekistondagi JICA Vakolatxonasi rahbari Miyadzaki Suguru ham oʻzbek diplomatiyasida kadrlar yetkazib beruvchi OTM faoliyatini yuksak baholadi. JIDU bilan Nagoya, Saytama kabi Yaponiya universitetlari oʻrtasida yoʻlga qoʻyilgan hamkorlik aloqalarini alohida eʼtirof etdi. Tomonlar oʻrtasida ijtimoiy soha, siyosiy yoʻnalish, iqtisodiyot ilmi boʻyicha hamkorlikning keng istiqbollari muhokama qilindi. Bundan tashqari, JICA Chair dasturi doirasida iqtisodiy taraqqiyot, davlatlarning rivojlanish modellari, iqtisodiy geografiya, mamlakatlarning strategik maqsadlari, kabi mavzularda talabalar uchun maʼruzalar turkumini oʻtkazish, JICAning loyihalarida faol ishtirok etish kabi masalalar boʻyicha kelishuvlar qabul qilindi.

Maʼlumot oʻrnida, JICA (Yaponiya Xalqaro hamkorlik agentligi) 1954-yilda asos solingan, xalqaro hamkorlik va ijtimoiy-iqtisodiy barqarorlikni oʻrnatish, rivojlanayotgan hududlarning iqtisodiy rivojlanishini yoʻlga qoʻyish bilan Yaponiya va jahonning iqtisodiy barqarorligini taʼminlashni maqsad qilgan tashkilot hisoblanadi. Loyihaning oʻzbekistondagi asosiy faoliyati elektr energiyasi va temiryoʻl transporti infratuzilmasini rivojlantirishdan iborat. Oʻzbek-yapon markazi faoliyati tomonidan inson resurslarini taraqqiy ettirish, qishloq xoʻjaligi va sogʻliqni saqlash yoʻnalishildagi loyihalarda faoliyat yurituvchi tadbirkorlar uchun huquq tizimini rivojlantirish ham JICA vazifalaridandir.