02.04.2021 254

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida "Biznes yuritish reytingi: mamlakat pozitsiyasini yaxshilashning uslubiy va amaliy jihatlari" mavzusida ilmiy-amaliy seminar tashkil etildi. Ushbu seminarda xalqaro reytinglardagi, shu jumladan Jahon Bankining “Doing Business” reytingida mamlakat pozitsiyasining yuqoriga ko‘tarilishini targ'ib qilish masalalari ko‘rib chiqildi.

Ilmiy seminarni kirish soʻzi bilan universitet rektori Komiljon Karimov ochib berdi. Rektor o‘z nutqida O'zbekistonning xalqaro maydonda ijobiy nufuzini oshirish maqsadida xalqaro reytinglarda mamlakat mavqeini ko'tarish bo'yicha tavsiyalar ishlab chiqishga qaratilgan ilmiy tadqiqotlarni o'tkazish muhimligini ta'kidladi.

Yuridik fanlari doktori, professor Isa Hamedov JIDUda "Xorijiy tajribani o'rganish asosida "Biznesni yuritish" reytingdagi mamlakat mavqeini oshirish" nomli amalga oshirilayotgan loyiha bilan seminar ishtirokchilarini tanishtirdi. Bu loyihaga Xalqaro iqtisodiyot va menejment, Xalqaro munosabatlar va Xalqaro huquq fakultetlarining professor-o'qituvchilari, shuningdek, yuqori kurs talabalari, magistrantlar va tadqiqotchilar jalb qilinganligi haqida ma’lumot berdi.

Ilmiy seminarda o’z ma’ruzalari bilan “Iqtisodiyot nazariyasi” kafedra mudiri, i.f.n., dotsent Laylo Toshpo‘latova, ushbu kafedra dotsenti, i.f.n., Ra’no Juraeva, Xalqaro iqtisodiyot kafedrasi dotsenti, i.f.n. Gavhar Sultonova, Xalqaro iqtisodiyot va menejment fakulteti 4-bosqich talabalari Ruslan Yakovlev, Firdavs Salohiddinov, Omon Jalolov, Xalqaro huquq fakulteti 4-kurs talabasi Ildar Timoshevlar ishtirok etdi.

Ma’ruzalarda quyidagi masalalar muhokama qilindi:

  • mamlakat pozitiv imidjini shakllantirishda xalqaro reytinglarning ahamiyati;
  • Doing Business reytingini shakllantirish metodikasi;
  • Doing Business reytingida O'zbekiston pozitsiyasini yaxshilash muammolari va ularni hal qilish yo'llari;
  • Markaziy Osiyo davlatlarining reytingdagi pozitsiyalarini tahlil qilish;
  • mazkur reyting turli indikatorlari bo'yicha eng yaxshi ko‘rsatkichlarga ega bo’lgan mamlakatlarning tajribasi;
  • "Xalqaro savdo" indikatori bo'yicha pozitsiyasini yaxshilash muammolari;
  • ushbu ko'rsatkich bo'yicha O'zbekistonning pozitsiyasini yaxshilash uchun huquqiy normalarni takomillashtirish yo'nalishlari.

Seminar yakunida ma’ruzalarda ko’tarilgan masalalar bo’yicha fikr almashildi va xulosalar umumlashtirildi.

Ilmiy seminar ishida yoshlar bilan ishlash bo'yicha prorektor PhD Laziz Mingishev, Xalqaro iqtisodiyot va menejment fakulteti dekani, i.f.n. Mirzoumid Hamdamov, "Xalqaro huquq" fakulteti dekani Shuhrat Urunbaev, "Iqtisodiyot nazariyasi" va "Xalqaro iqtisodiyot" kafedralari professor-o'qituvchilari hamda mustaqil izlanuvchilar, magistrantlar va talabalar faol qatnashishdi.