01.04.2021 174

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti xalqaro aloqalar boʻyicha prorektori Saidmuxtor Saidqosimov Pokiston Islom Respublikasining Diplomatik akademiyasi Bosh direktori Imran Ahmad Mirzo bilan onlayn muloqot qildi. Dastlab JIDU prorektori pokistonlik diplomatga universitet faoliyati, uning oʻzbek diplomatiyasidagi mavqei va bitiruvchilarning muvaffaqiyatli faoliyati borasida maʼlumotlar berdi.

Suhbat davomida Pokiston diplomatik akademiyasi bilan ikki tomon uchun ham dolzarb boʻlgan amaliy hamkorlikni yoʻlga qoʻyishga universitetning tayyorligi bildirildi. Xususan, professor-oʻqituvchilar, tadqiqotchi va talabalar uchun onlayn maʼruzalar, master-klass va seminarlar tashkil etilish, ikki davlat ilmiy tadqiqotchilarining hamkorlikda loyiha va dasturlarni amalga oshirish, ilmiy-amaliy konferensiyalar tashkil etish va keyinchalik kadrlar almashish orqali ularning malakasini mustahkamlash jihatlari muhokama qilindi.

Oʻz navbatida, Pokiston Diplomatik akademiyasi Bosh direktori Imran Ahmad Mirzo bu kabi hamkorlikni pandemiyadan keyin oflayn davom ettirish, uning ikki davlat ilm-fan rivojiga hissa qoʻshishini eʼtirof etdi.

Uchrashuv yakuniga koʻra, JIDU Pokiston tomoni yoʻllagan hamkorlik kelishuvi loyihasini koʻrib chiqib oʻz munosabatini bildirishiga, pokistonlik professorlar tomonidan oʻzbek talabalariga Akademiya toʻgʻrisida axborot beruvchi onlayn taqdimotlarni oʻtkazishga kelishildi.