01.03.2021 308

Birlashgan Millatlar Tashkiloti dunyodagi 200 ga yaqin mamlakat a’zo bo‘lgan eng yirik xalqaro tuzilma hisoblandi. O‘zbekiston mustaqillikka erishgach birinchi bo‘lib a’zo bo‘lgan xalqaro tashkiloti ham aynan BMTdir. Bugungacha bu hamkorlik tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlash, sog‘liqni saqlash, ekologiya, ta’lim, madaniyat, turizm kabi ko‘plab sohalardagi o‘zaro davom etib kelmoqda. 

2-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Birlashgan Millatlar Tashkilotiga a’zo bo‘lgan sanaga 29 yil to‘ladi va shu munosabat bilan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qoʻmitasi tomonidan Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida yirik davra suhbati tashkil etildi. Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikerining 1-oʻrinbosari, Inson huquqlari boʻyicha milliy markaz direktori Akmal Saidov, BMTning Oʻzbekistondagi Doimiy vakili Helena Freyzer, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Qodir Jo‘rayev, Oliy Majlis Xalqaro ishlar va parlametlararo aloqalar qoʻmitasi rahbari Dilorom Fayziyeva, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari, BMT va uning ixtisoslashgan tashkilotlarining Oʻzbekistondagi vakolatxonalari rahbarlari, Tashqi ishlar vazirligining mutasaddi xodimlari qatnashishdi.

Ishtirokchilar tomonidan Oʻzbekiston oʻtgan yigirma toʻqqiz yil mobaynida BMTning faol aʼzolaridan biriga aylanganligi, ayniqsa 2020-yilning 23-sentyabrida boʻlib oʻtgan BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev global va mintaqaviy ahamiyatga ega tashabbuslarni ilgari surganligi eʼtirof etildi.

So‘zga chiqqanlar tomonidan O‘zbekistonning Xalqaro hamjamiyatdagi o‘rni, diplomatiyasi va BMT prinsiplariga mos keluvchi olib boradigan siyosatini e’tirof etdilar. Jumladan, BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 46-sessiyasida nutqi bilan ishtirok etgan O‘zbekiston Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning “O‘zbekiston Inson huquqlari bo‘yicha kengash a’zosi sifatida Xalqaro huquqning inson huquqlariga oid umum e’tirof etilgan prinsip va normalarini qat’iy himoya qiladi va faol ilgari suradi” so‘zlari ham bu fikrni tasdiqlaydi.

BMT Inson huquqlari boʻyicha kengashining 46-sessiyasida davlatimiz rahbarining ishtirok etishi va nutq soʻzlashini koʻrib, uni tahlil qilib  xalqaro hamjamiyatning mamlakatimizga boʻlgan munosabati qanday ekanligini anglash mumkin. Prezidentimizning nufuzli minbardagi nutqi mamlakatimiz inson va uning huquqlari yoʻlida oʻzi tanlagan yoʻldan ortga qaytmasligini, xalqaro huquqning inson huquqlariga oid umum eʼtirof etilgan prinsip va normalarini qatʼiy himoya qilishini va uni faol ilgari surishini yana bir bor namoyon etdi.

Jumladan, “2030-yilgacha moʻljallangan Barqaror rivojlanish maqsadlari mamlakatimizda har bir insonning huquq va qonuniy manfaatlarini taʼminlashni koʻzda tutadigan “Hech kimni eʼtibordan chetda qoldirmaslik” tamoyili asosida amalga oshiriladi” - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Bugunga kelib Oʻzbekiston BMTning toʻlaqonli aʼzosi, shuningdek, 2015-yil sentabrda BMTga aʼzo barcha 193 ta davlat tomonidan qabul qilingan 2030-yilgacha boʻlgan davrda barqaror taraqqiyot sohasidagi kun tartibini imzolagan tomon sifatida xavfsiz va sogʻlom sayyorada barcha odamlar uchun tenglik, taraqqiyot, qadr-qimmat va adolat hukm suradigan tinchlikka intilish boʻyicha global majburiyatni oʻz zimmasiga olgan. Hozirgi paytda O‘zbekistondagi BMT tuzilmalariga quyidagilar kiradi:

  • BMT Taraqqiyot Dasturi (BMTRD),
  • BMT Aholishunoslik jamg‘armasi (YuNFPA),
  • BMT Bolalar Fondi (YuNISEF),
  • Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JST),
  • Birlashgan Millatlar Tashkilotining Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkiloti (YuNESKO),
  • BMTning giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi (BMT GJB),
  • BMTning Markaziy Osiyoda preventiv diplomatiya bo‘yicha hududiy boshqarmasi (MOPDHB),
  • Xalqaro mehnat tashkiloti (ХMT), Birlashgan Millatlar Tashkilotining oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO),
  • Migratsiya bo‘yicha xalqaro tashkilot (MXT)
  • BMT Ko‘ngillilari dasturi (BMTK).

BMTning mustaqil ixtisoslashtirilgan agentligi bo‘lgan Jahon banki ham mamlakatda tashkilot ishiga salmoqli hissa qo‘shmoqda.

Davra suhbati qatnashchilari Oʻzbekiston va BMT oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlikning asosiy bosqichlari va ustuvor yoʻnalishlari; BMT doirasida eʼlon qilinayotgan Oʻzbekiston tashabbuslari va ularning amalga oshirilishi; BMT Inson huquqlari boʻyicha Kengashida Oʻzbekiston Respublikasi aʼzoligining asosiy vazifalari; Oʻzbekistonning BMT Taraqqiyot dasturi va uning ixtisoslashgan muassasalari bilan hamkorligining hozirgi holati va istiqbollari yuzasidan keng fikr almashdilar.