26.02.2021 706

25-fevral kuni Bangladesh Xalq Respublikasining Oʻzbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi janob Muhammad Jaxangir Alam bilan JIDU “Xalqaro munosabatlar” fakulteti talabalari ishtirokida uchrashuv tashkil qilindi. Unda dastlab talabalar Bangladesh davlati tarixi, madaniyati, iqtisodiy koʻrsatkichlari hamda uning Oʻzbekiston bilan oʻzaro hamkorlik masalalariga bagʻishlangan taqdimotlari bilan ishtirok etishdi.

Bangladesh Oʻzbekiston bilan koʻp yillik strategik hamkorlik va doʻstona munosabatlarni yoʻlga qoʻygan davlatlardan hisoblanadi. Ikki davlat oʻrtasida iqtisodiy, madaniy va ijtimoiy sohalardagi aloqalar yil sayin mustahkamlanib bormoqda. Tadbir davomida muhtaram Elchi tomonidan Oʻzbekiston va Bangladeshning tashqi siyosat tamoyillari oʻxshashligi ham alohida qayd etib oʻtildi.

Uchrashuvda shuningdek, J.Alam oʻz tajribasidan kelib chiqqan holda talabalarga kelajakdagi faoliyatlari uchun muhim tavsiyalar bilan ham boʻlishdi. Suhbat yakunida Bangladesh elchisi ishtirokchilar tomonidan berilgan savollarga javob berdi.

Maʼlumot oʻrnida. Moxammad Djaxangir Alam 2020-yilning 23-oktyabrida Bangladeshning Oʻzbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi vazifasida ish boshlagan. Bir vaqtning oʻzida Afgʻoniston, Qirgʻiziston va Tojikistonda ham akkreditatsiyaga ega. Hozirgi lovozimiga qadar u Bangladesh TIVda (huquqiy masalalar boʻyicha) kotib vazifasini bajargan. Oʻzining uzoq yillik faoliyati davomida Bangladesh hukumatining turli Vazirliklar va Mahalliy Adminstratsiyalarida mehnat qilgan. Shuningdek, 5 yil davomida Saudiya Arabistoni Qirolligida Jidda shahrida konsul vazifasini ham bajargan. Janob J.Alam Dakka Universitetida ingliz tili adabiyoti va lingvistikasi yoʻnalishida Magistr darajasini olgan.