12.01.2021 462

Oʼzbekistonning eng katta boyligi, bebaho xazinasi bu - shijoatli yoshlarimizdir.

Sh.Mirziyoev.

 

Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasida xotin-qizlar va yoshlar masalalariga alohida munosabat, ularga munosib oʼqish va hayot sharoitlarini yaratib berish, ularning muammolarini tizimli oʼrganish, mehnat faoliyati va tadbirkorlik faoliyatini ragʼbatlantirish masalalariga jiddiy eʼtibor qaratildi.

Shu maqsadda, joriy yilning 12- yanvar kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti “Xotin-qizlar maslahat kengashi” tashabbusi bilan xotin-qizlar va talaba yoshlar oʼrtasida kiyinish madaniyati targʼibotini tashkil etishga qaratilgan “Nafosat” festivali doirasida yosh dizaynerlar va shu soha mutaxassislari ishtirokida davra suhbati boʼlib oʼtdi. Tadbirga JIDU XQMK raisi, professor Sultanova Eʼtibor Siddiqovna moderatorlik qildi.

Davra suhbatini Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti Ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʼyicha prorektor, yuridik fanlari doktori Ismailova Gulnoza Saidganixodjaevna quyidagi kirish soʼzlari bilan ochib berdi. “Xotin-qizlarimizning salomatligini asrash, ularning zamonaviy bilim va kasb-hunarlar egasi boʼlib voyaga yetishi, intellektual va innovatsion salohiyatli kadrlar boʼlib, jamiyatimizda oʼz munosib oʼrnini topishi uchun barchamiz, jamoatchilik va mutasaddi rahbarlar javobgarlik va mas’uliyatimizni yanada kuchaytrishimiz zarur. Chunki ayollarimiz - oila bekasi, yoshlarimiz esa kelajagimiz egasidir. Bugun biz ularga qanday taʼlim-tarbiya berishimiz, ertaga ular yangi avlodga shunday tarbiya berishi garovidir”-deb taʼkidlab oʼtdi.

Tadbirda mehmonlardan, Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senatining “Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qoʼmitasi” bosh maslahatchisi -  Nodira Nosirovna Shotursunova, Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzosi – Malika Qodirxonova, “Oʼztoʼqimachiliksanoat” uyushmasi yangi dizayn ishlanmalari boʼlimi boshligʼi – Kamola Gʼulomova, “Buka” brendi kreativ direktori, yetakchi oʼzbek dizayneri - Elnora Rizaevalar qatnashdilar.

JIDU XQMK qoshidagi “Lider qizlar” klubi faollaridan XM fakulteti 1-bosqich talabalari Mushtariy Usmonova - “21- asr yoshlari-Uchinchi Renessans poydevori yaratuvchilari”, Saida Sattorova – “Imidj sovremennoy jenshini Uzbekistana”, XM fakulteti 2-bosqich talabalari Madina Ilmiddinova - “Imidj jenshin liderov mira” va Maftuna Xasanova - “Zamonaviy diplomat ayol boʼlishda intelektual salohiyat va yuksak maʼnaviy qiyofaning muhimligi” mavzusidagi taqdimotlari bilan faol ishtirok etdilar.

Oʼzbekiston xalqining koʼp asrlik boy tarixiga nazar tashlar ekanmiz, unda taraqqiyot choʼqqilarini zabt etishning mashaqqatli bosqichlarini koʼrishimiz mumkin. Bu bosqichlarda davlatchiligimizning shakllanishi, jamiyatda ilmu fan, sanʼat va madaniyatning yuksalishi, buyuk siymolarning oʼz ijodida erishgan yutuqlari jahon tamaddunining rivojiga hissa qoʼshishdek iftixorli jarayonlar gavdalanadi. Matonatli xalqimiz esa azal-azaldan oʼzgarish va qiyinchiliklarga tayyor boʼlgan. Bilamizki, jamiyat hech qachon bir joyda turmaydi va doim rivojlanish hamda yangilanishga intiladi. Shu sababli - qadriyatlar, urf-odatlar va anʼanalar oʼzgaradi. Yoshlar esa – shu taraqqiyot va oʼzgarishlarni harakatlantiruvchi kuch asosidir. Bugun oʼz tengdoshlariga ibrat boʼlayotgan, jamiyatdagi yangilanishlar jarayonida innovatsion gʼoya va loyihalari bilan faol ishtirok etayotgan yoshlar juda koʼpchilikni tashkil qilishi bizni, albatta, quvontiradi. Prezidentimiz Oʼzbekiston Respublikasi Mustaqilligining 29 yillik tantanalarida,- “Xalqimizning ulugʼvor qudrati joʼsh urgan paytda, mamlakatimizda yangi bir uygʼonish – Uchinchi Renessans davriga poydevor yaratilmoqda, yoshlar esa, Vatanimizning eng katta kuchi, boyligi, bebaho xazinasidir,- deb bejiz taʼkidlamadi. Darhaqiqat, mamlakatimizning kelajak ravnaqi va rivojlanishi salohiyatli yoshlarimizning bilimi va maʼnaviyatiga bogʼliqdir. Shuning uchun biz farzandlarimizning nafaqat bilimi va intelektual salohiyati balki, kiyinish madaniyati va maʼnaviy qiyofasiga ham katta eʼtibor berishimiz kerak.

Shuni alohida taʼkidlash joizki, kiyinish madaniyati – insonning tashqi koʼrinishi, maʼnaviy dunyosi, axloqiy sifatlari va salohiyatini, nafosat va odob borasidagi qarashlarini ifoda etadigan omil hisoblanadi. Shunday ekan, bugungi jadal rivojlanib borayotgan global davrda, xotin –qizlarimiz va yoshlarimizni o’zida milliylik aks etgan  kiyinish madaniyatiga eʼtiborni kuchaytirishimiz kerak. Shuningdek, demokratik davlat qurishdagi fuqarolik jamiyatini rivojlantirish borasida yuksak maʼnaviyatli, mustaqil fikrlovchi, qatʼiy hayotiy pozitsiya, keng dunyoqarash, chuqur bilimga ega boʼlgan tashabbuskor, shijoatli xotin-qizlar va yoshlar faolligini oshirish hamda ular safini kengaytirish masalasi, albatta, biz, ustoz – murabbiylarning yuksak kasbiy mahorat talab etuvchi vazifasi hisoblanadi.

S.Tillaxodjaeva