11.01.2021 182

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasini katta hayajon bilan tingladik.

Prezidentimiz Murojaatnomada “Biz oʻz oldimizga mamlakatimizda Uchinchi Renessans poydevorini barpo etishdek ulugʻ maqsadni qoʻygan ekanmiz, buning uchun yangi Xorazmiylar, Beruniylar, Ibn Sinolar, Ulugʻbeklar, Navoiy va Boburlarni tarbiyalab beradigan muhit va sharoitlarni yaratishimiz kerak. Bunda, avvalo, taʼlim va tarbiyani rivojlantirish, sogʻlom turmush tarzini qaror toptirish, ilm-fan va innovatsiyalarni taraqqiy ettirish milliy gʻoyamizning asosiy ustunlari boʻlib xizmat qilishi lozim”ligini taʼkidladi.

Zero, navqiron avlodga barcha davrlarda katta umid bilan qaralgan, yurtning kelajakdagi farovonligi hamda ravnaqi aynan yoshlarning salohiyati, bilimi, gʻayrat-shijoatiga bogʻliq.

Yoshlar masalasi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev davlat boshqaruvining ilk qadamlaridanoq jamiyatimizdagi ulkan islohotlarning bosh mavzularidan biriga aylandi. Xususan, yurtimiz rahbari BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida yuksak minbardan turib soʻzlagan nutqida ham ushbu masalaga alohida urgʻu bergan edi: “Sayyoramizning ertangi kuni, farovonligi farzandlarimiz qanday inson boʻlib kamolga yetishi bilan bogʻliq. Bizning asosiy vazifamiz – yoshlarning oʻz salohiyatini namoyon qilishi uchun zarur sharoitlar yaratishdan iborat”.

Qisqa davr ichida taʼlim sohasida amalga oshirilgan ulkan islohotlar, bunyodkorlik ishlari, taʼlim dargohlari sonining ortganligi, bilim olish imkoniyatlarining oldingisi bilan qiyoslab boʻlmas darajada kengayganligi va yana boshqa koʻplab chora-tadbirlar ana shu vazifani ado etish borasidagi amaliy harakatlarning yorqin isbotidir.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasida yoshlarga berilgan eʼtibor mazkur sohada boshlangan harakatlar rivoji yangi – yuqori bosqichga koʻtarilganidan dalolatdir.

“Umuman, har qanday jamiyat taraqqiyotida uning kelajagini taʼminlaydigan yosh avlodning sogʻlom va barkamol boʻlib voyaga yetishi hal qiluvchi oʻrin tutadi. Shu sababli biz islohotlarimiz koʻlami va samarasini yanada oshirishda har tomonlama yetuk, zamonaviy bilim va hunarlarni puxta egallagan, azmu shijoatli, tashabbuskor yoshlarimizga tayanamiz”, – deya taʼkidlanadi murojaatnomada.

Prezidentimiz yetuk, komil avlodga katta umid bildirar ekan, ayni paytda bu boradagi kamchiliklarga ham toʻxtaldi. “Bugungi kunda ishimizdagi eng katta kamchilik – bilim yetishmasligi, afsuski, barcha sohalarda sezilmoqda”, dedi prezident.

Taassufki, ushbu haqiqatni inkor etib boʻlmaydi. Bu esa biz – taʼlim beruvchilar zimmasiga katta talab va masʼuliyat yuklaydi: bilim yetishmasligi sabablarini izlash, taʼlim sifati va samaradorligini oshirish, qanday bilim va koʻnikmaga ehtiyoj zarurligini belgilab olish, oʻqitishda qanday muammolar bor – shularni aniqlash zarur. Qayerda xatoga yoʻl qoʻyilmoqda? Zaif jabhalardan biri, bizningcha, nazariy hamda amaliy bilimlar oʻrtasidagi uzilishdadir.

Zamonaviy dunyoda taʼlim oldiga qoʻyiladigan talablar oʻzgargan, shunchaki, oliy maʼlumotli kadrlar tayyorlash va ularning son koʻrsatkichi bilan kifoyalanish yetarli emasligi hech kimga sir emas. Taʼlim bilan ishlab chiqarish jarayoni oʻrtasida chambarchas bogʻliqlik boʻlishi, talaba uchun OTMda olgan bilimlari amaliyotda asosiy poydevor boʻlishi va bu bilimlarsiz yetuk mutaxassis boʻla olmasligi oddiy qoidaga, zarur ehtiyojga aylanishi lozim.

Bu oʻrinda oliy taʼlim tizimida, xususan, til oʻqitish sohasida jiddiy islohotlarga ehtiyoj katta. Zero, til barcha bilimlarni oʻzlashtirish va uni yetkazib berishning yagona vositasidir. Shuni taʼkidlash joizki, avvalgi til oʻqitish hamda talabalarning til bilimlariga qoʻyiladigan talab va mezonlar hozirgi talabalar ehtiyojlaridan va ular oldiga qoʻyilayotgan talablardan tamomila farq qiladi. Talabalarni oʻquv jarayoniga jalb qilish, ularda yuksak motivatsiyani uygʻotish hozirgi kunda umuman boshqa yondashuvni talab qilmoqda. Aksariyat talabalarda tezroq diplomni qoʻlga kiritish va biror moliyaviy barqaror manbaga ega boʻlish istagi yetakchilik qilayotgani achinarli hol. Lekin buni faqat hozirgi avlod qadriyatlarining oʻzgarishi bilan bogʻlash ham uncha toʻgʻri boʻlmaydi. Bozor iqtisodiyoti sharoitida masalaning moddiy tomoniga eʼtibor ortishi tabiiy. Bizningcha, buning asosiy sababi yana oʻsha taʼlim bilan ishlab chiqarish oʻrtasidagi uzilishdadir. 

Masalan, oliy taʼlim tizimida davlat tilini oʻqitish masalasi hozirgi kunda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Davlatimiz tomonidan bu borada olib borilayotgan oqilona siyosat va saʼy-harakatlarni eʼtirof etish lozim. Chunonchi, davlat muassasalarida ish yuritishni oʻzbek tilida olib borilishi borasidagi talablarning kuchaytirilishi, oʻzbek tili va adabiyoti targʻiboti ortganligi, barcha oliy oʻquv yurtlarida oʻzbek tili va adabiyoti kafedralarining tashkil etilishi, oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kunning rasman bayram sifatida nishonlanishi, internet sohasida oʻzbek tilini keng tatbiq qilinishi kabi chora-tadbirlar tahsinga sazovordir. Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning BMT minbaridan ilk marotaba oʻzbek tilida nutq soʻzlagani esa mislsiz tarixiy hodisa, katta ibrat boʻldi. Ana shu imkoniyatlardan foydalangan holda, ayni paytda, zimmaga yuklatilgan masʼuliyatni his qilib, til taʼlimi samaradorligini oshirish ustida jiddiy bosh qotirish lozim, chunki tajriba talabaga mavjud dasturlar asosida berilgan til bilimlari amaliyotda kerak emasligini, boshqa bilimlarga zarurat koʻproq ekanligini koʻrsatmoqda. Shunday ekan, xorijiy tillarni bosqichli hamda akademik oʻqitish tajribalaridan oʻrganib va ulardan ijodiy foydalanib, til taʼlimi va ishlab chiqarish oʻrtasida bogʻliqlik vujudga keltirish va soha mutaxassislaridan til amaliyotida qanday til bilimlari zarurligi haqida maʼlumotga ega boʻlish, oʻquv dasturlarini mutlaqo yangicha yondashuv asosida qayta koʻrib chiqish, yangi oʻquv fanlari joriy etish zarur. Oliy taʼlim muassasasi bitiruvchisi yozma va ogʻzaki savodxonlikka ega boʻlish, fikrini usluban toʻgʻri ifodalay olish, bir nechta tilda erkin muloqot qila bilishi, oʻz mutaxassisligi boʻyicha manbalarni oʻzbek, ingliz, rus tillarida mutolaa qilib, tahliliy xulosalar bera olish, sohaga oid hujjat va xizmat xatlarini benuqson rasmiylashtira olish kabi koʻnikmalarni faqat boʻlgʻusi kasbiy faoliyatida emas, balki aynan taʼlim jarayonida egallashi lozim. U amaliyotga ana shu bilim va koʻnikmalar bilan qurollangan holda kelganidagina taʼlim oʻz maqsadiga erishadi.

Muhimi, barcha sohalar kabi til taʼlimi davr talabi hamda ehtiyojlariga nisbatan sezgir va moslashuvchan boʻlishi lozim. Ayni paytda, amaliyot yosh mutaxassis oldiga shunday sinovlar qoʻyishi kerakki, u oliy oʻquv yurtidagi til, xususan, davlat tili bilimlarisiz uzoqqa keta olmasligini his qilsin.

Prezidentimizning Murojaatnomasida shunday jumlalarni oʻqiymiz: “Buyuk mutafakkir shoirimiz Mir Alisher Navoiy oʻz davrida yoshlarga murojaat qilib, “Quyoshliq istasang, kasbi kamol et”, deb yozganlar. Chindan ham, odamlarga quyoshdek beminnat nur taratishni, yaxshilik qilishni istaydigan inson, kamolotga intilib, turli ilm va kasb-hunarlarni oʻzlashtirishi lozim”.

Oliy taʼlimda olgan bilim va koʻnikmalari talabaning kelgusida jamiyat rivoji va taraqqiyotiga quyoshdek beminnat xizmat qilish uchun non va suvdek zaruratga aylansin.

Shoira Normatova,
Mehribon Abdurahmonova,
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti oʻzbek va rus tillari kafedrasi oʻqituvchilari