30.10.2020 1019

Joriy yilning 29-oktyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi Boshqaruv kadrlarining malakasini oshirish va hududiy filiallar bilan ishlash fakulteti dekani, yuridik fanlar doktori Mahkamov Otabek Muxtarovich tomonidan Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti talabalariga davlat xizmati tizimida rahbar kadrlar bilan ishlash siyosati boʻyicha seminar trening tashkil etildi. Onlayn muloqot “Davlat xizmati” fani doirasida boʻlib, uchrashuvni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti prorektori, “Davlat xizmati” fani maʼruzachisi Ismailova Gulnoza Saydiganixodjayevna olib bordi.

Video muloqot davomida Otabek Muxtarovich talabalarga “Oʻzbekiston Respublikasi davlat xizmati tizimida rahbar kadrlar bilan ishlash siyosati” mavzusidagi taqdimoti asosida Davlat boshqaruv sohasining strategik  yoʻnalishlari, rahbar kadrlarni tayyorlash, ularning tajriba va koʻnikmalarini oshirish, liderlik salohiyatlarini mustahkamlashning ahamiyatli jihatlari haqida maʼlumot berdi.

Onlayn suhbat davomida talabalar davlat xizmati, boshqaruv tuzilmalari, yosh rahbarlarning koʻnikmalarini oshirish borasidagi oʻzlarini qiziqtirgan savollariga batafsil javoblar oldilar. Vaqtdan unumli foydalanish maqsadida ular yozma ravishda ham oʻz savollarini berib borishga muvaffaq boʻldilar va muloqot soʻngida ularga javob hamda tavsiyalar berildi.

Yuridik fanlar doktori Otabek Muxtarovichning tajribasidan kelib chiqib talaba-yoshlarga bergan bilim va koʻnikmalari muhim ahamiyatga ega boʻldi. Hamkorligimiz bardavom boʻlishini tilab qolamiz.