26.06.2020 330

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti O‘zbekiston Respublikasi Tashqi Ishlar vazirligining Iqtisodiy diplomatiya boshqarmasi bilan birgalikda joriy yilning 25-iyun kuni Nazariya va amaliyotda iqtisodiy rivojlanishning dolzarb masalalari hamda zamonaviy jihatlari mavzusida vebinar o‘tkazdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 5-apreldagi №3654 sonli Farmoniga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Tashqi Ishlar vazirligi tizimidagi islohotlar “Iqtisodiy diplomatiya” yo‘nalishini ilgari surgan holda O‘R TIV ning iqtisodiy diplomatiya departamentida ushbu yo‘nalish hamda savdo, investitsiyalar va jahon iqtisodiyoti rivojlanishining dolzarb masalalari bo‘yicha xodimlarning malakasini oshirishga qaratilgan bir qator chora-tadbirlarni amalga oshirish rejalashtirilgan.

Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda ilm-fan vakillari hamda iqtisodiy diplomatiya, iqtisodiy integratsiya, transport koridorlari, investitsiyalarni jalb etish va eksport sohasidagi mutaxassislar bilan o‘zaro fikr-mulohazalar, xulosalar va takliflar almashish, shuningdek, mamlakatning yetuk olimlari bilan birgalikda professional hamkorlikni kuchaytirish ushbu vebinarning asosiy maqsadlari sifatida belgilab olindi.

Vebinarda JIDU professor-o‘qituvchilari vakillari va O‘zbekiston Respublikasi Tashqi Ishlar vazirligining tarkibiy bo‘linmalari rahbarlari qatnashdilar. Shu jumladan, professor, i.f.d., I.R.Mavlyanov “Iqtisodiy diplomatiya sohasida ilmiy tadqiqotlar va kadrlar tayyorlashni takomillashtirish” mavzusidagi ma’ruzasi bilan qatnashdi. Professor o‘z nutqida iqtisodiy diplomatiyaning ustuvor yo‘nalishlari va uning asoslarini chuqur o‘rganishning ahamiyatiga e’tibor qaratdi.

Professor, i.f.d., N.Sirojiddinovning “O‘zbekistonning iqtisodiy integratsion birlashmalardagi ishtiroki” mavzusidagi ma’ruzasida dunyoda yuz berayotgan iqtisodiy o‘zgarishlar jarayonida O‘zbekistonning YeOII bilan iqtisodiy hamkorlik borasida qilingan tahlillari batafsil yoritib berildi.

Iqtisodiyot fanlari nomzodi T.Dergachevaning ma’ruzasi alohida ahamiyatga ega bo‘lganligini ta’kidlab o‘tish joiz. Xususan, tadqiqotchi “Zamonaviy bosqichda mamlakatimizning bank tizimini takomilllashtirish doirasida xorijiy investitsiyalarni jalb etish” mavzusidagi ma’ruzasida bank-moliya tizimini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlariga alohida to‘xtalib o‘tdi.

Vebinar davomida iqtisodiy rivojlanishning dolzarb masalari va zamonaviy yo‘nalishlari muhokama qilindi. Xususan, bugungi kunda belgilangan vazifalarni bajarish uchun zamonaviy sharoitda iqtisodiy diplomatiyaning faollashuvi alohida ahamiyatga ega bo‘lib borishi hamda O‘zbekistonning tashqi iqtisodiy manfaatlarini ilgari surishda yangi, nostandart yondashuvlarni ishlab chiqish zarurligi ta’kidlab o‘tildi.

Jahonda davom etayotgan Covid-19 pandemiyasi sharoitida jahon iqtisodiyoti jar yoqasiga kelib qolganligi ta’kidlab o‘tildi. BMT ning hisob kitoblariga ko‘ra, pandemiya keltirib chiqargan zarar 8,5trln. dollarga baholanmoqda hamda jahon iqtisodiyotining o‘sishi 3.2% ga kamayishi bashorat qilinmoqda. Bu 1930-yillardagi Buyuk Depressiya davridan beri kuzatilgan o‘sishning eng keskin pasayishi hisoblanadi.

Ushbu o‘tkazilgan vebinarda nazariy bilimlar hamda yangi takliflar ishlab chiqish uchun kerak bo‘ladigan amaliy ko‘nikmalarni birlashtirish ahamiyati alohida ta’kidlab o‘tildi.


Uchrashuv videosi