07.02.2020 2121

2020-yil 6-fevral kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlisga yoʻllagan murojaatnomasi kontekstida Oʻzbekiston tashqi siyosatining ustuvor yoʻnalishlari” mavzusida davra suhbati boʻlib oʻtdi. Tadbir Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti tomonidan Xalqaro munosabatlar axborot-tahlil markazi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Davra suhbatida Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, Taraqqiyot strategiyasi markazi, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi va Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti vakillari ishtirok etdilar. 

Maʼruzachilar ushbu murojaatnoma mamlakatni modernizatsiya qilishning strategik vazifalarini hal etishga qaratilgan keng koʻlamli demokratik oʻzgarishlar va tarkibiy islohotlarni amalga oshirishning eng muhim masalalariga bagʻishlanganligini taʼkidladilar. Oʻzbekistonning 2020-yildagi taraqqiyotiga aniq va loʻnda baho berildi.

Tashqi siyosat sohasida milliy manfaatlarimizga javob beradigan ochiq, pragmatik va chuqur oʻylangan tashqi siyosatni amalga oshirish uchun keng koʻlamli vazifalar belgilandi. Oʻzbekiston barcha yaqin va uzoq xorijiy davlatlar bilan hamkorlikni doimiy ravishda kengaytirish tarafdori ekanligi taʼkidlandi.

Shunday qilib, faqatgina 2019-yilda davlat rahbari 18 ta davlat va rasmiy tashriflarni amalga oshirdi. Oliy va yuqori darajadagi tadbirlar doirasida 122 ta ikki tomonlama hujjatlar, shu jumladan toʻrtta davlatlararo bitimlar, 31 hukumatlararo va 52 idoralararo bitimlar, shuningdek institutlar va mintaqalar oʻrtasida 35 ta boshqa hujjatlar imzolandi.

2020-yilda MDH, Markaziy Osiyo, Yevropa Ittifoqi va Osiyoning qator davlatlari rahbarlari bilan ikki va koʻp tomonlama sammitlar oʻtkazilishi kutilmoqda.

Ekspertlar taʼkidladilarki, tashqi siyosat va tashqi iqtisodiy siyosatning asosiy vazifalari keng koʻlamli islohotlar va modernizatsiya jarayonlarini amalga oshirish uchun qulay sharoitlar yaratish, Oʻzbekiston fuqarolarining manfaatlarini va huquqlarini har tomonlama taʼminlash, xalqaro iqtisodiy munosabatlar tizimida mamlakatning oʻrni va rolini mustahkamlash, dunyo hamjamiyatida davlatning obroʻsi va ijobiy nufuzini mustahkamlashdan iborat.

Davlatimiz rahbari Oʻzbekiston tashqi siyosatining asosiy poydevori sifatida Markaziy Osiyo davlatlari bilan ishonchli va doʻstona munosabatlarni yana-da mustahkamlash ekanligini belgilab oʻtdilar. Ushbu ongli tanlov Markaziy Osiyoning qoq markazida joylashgan mamlakatimiz mintaqada barqarorlik, barqaror rivojlanish va yaxshi qoʻshnichilik hududini yaratishga bevosita qiziqish bildirayotgani bilan bogʻliq. Shu nuqtayi nazardan, 2019-yil uchun asosiy tashqi siyosiy tadbir Sh.Mirziyoyev tashabbusi bilan 29-noyabr kuni Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining ikkinchi maslahatlashuv uchrashuvini oʻtkazishi boʻldi.

Tadbir ishtirokchilari Rossiya, Xitoy, AQSH, Yaponiya, Koreya Respublikasi, Turkiya, Birlashgan Arab Amirliklari, Yevropa Ittifoqi va Osiyo davlatlari bilan siyosiy, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, transport-kommunikatsiya, madaniy-gumanitar aloqalarni yana-da rivojlantirish va chuqurlashtirish masalalarini muhokama qildilar.

BMT, YEXHT, MDH, SHHT, Islom hamkorlik tashkiloti va Turkiyzabon davlatlar hamkorlik kengashi singari nufuzli xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar doirasidagi koʻp tomonlama diplomatiya va oʻzaro hamkorlikning oʻsib borayotgan imkoniyatlariga alohida eʼtibor qaratildi. Bu yil mamlakatimizning Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligiga raisligining tarixiy ahamiyati taʼkidlandi.

Soʻzga chiqqanlar Prezident Sh.Mirziyoyev rahbarligida Oʻzbekistonda iqtisodiy diplomatiyani tubdan oʻzgartirish muhimligini taʼkidladilar. Shu munosabat bilan respublikaning iqtisodiy salohiyatini toʻliq amalga oshirish, eksportni rivojlantirish, xorijiy investitsiyalar va texnologiyalarni jalb qilish, mamlakatning transport va logistika holatini yaxshilash masalalari boʻyicha xorijiy davlatlar bilan oʻzaro taʼsir samaradorligini oshirish muammolari muhokama qilindi.

Umuman olganda, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlisdagi murojaatida kelgusi yilda tashqi siyosat va tashqi iqtisodiy siyosatning asosiy ustuvor yoʻnalishlari belgilab berilgan. Maqsad va vazifalarga erishish, shubhasiz, asosiy xorijiy sheriklar bilan hamkorlikni yana-da chuqurlashtirish va mamlakatning xalqaro hamkorligi samaradorligini oshirish uchun faol harakatlarni talab qiladi.