15.06.2022 5119

Abituriyentlarning hujjatlarini Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetiga qabul qilishning boshlanishi 2022-yil 15-iyundan 5-iyulgacha onlayn ariza topshirish orqali amalga oshiriladi.

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti (JIDU) bakalavriat yo‘nalishlariga o‘qishga qabul qilishda dastlabki imtihonni o‘tkazish O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 21-iyundagi “Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-3795-sonli Qarori, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 28-iyuldagi “Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining bakalavriat va magistraturasiga qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 594-son Qaroriga asosan amalga oshiriladi.

Abituriyentlar JIDU abituriyentlarini elektron ro‘yxatga olish tizimida onlayn ariza toʻldirishadi (https://admission.uwed.uz) va ro‘yxatga olish paytida talab qilinadigan hujjatlarning elektron nusxasini yuklaydi va o‘z navbatida dastlabki imtihonga yo‘llanma oladi. Ro‘yxatga olingandan so‘ng, abituriyent dastlabki imtihon sanasi va vaqti haqida ma’lumot oladi.

▪️Dastlabki imtihon quyidagilarni belgilovchi savollarning uch blokidan iborat bo‘ladi:

1. Intellektual darajani aniqlash ( IQ test sinovlari, 40 ball):

1.1 mantiqiy va keng fikrlash darajasini aniqlash;

1.2 turli tushunchalar bilish darajasini aniqlash;

1.3 faktlarni taqqoslash hamda ularning o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni topish darajasini aniqlash;

2. Ona tilini bilish darajasini aniqlash (O‘zbekiston madaniyati, san’ati, tarixi, geografiyasiga oid va boshqa masalalar yuzasidan savodli va asosli tushuntirish qobilyati - 100 so‘zdan iborat qisqacha esse, 30 ball):

2.1 Abituriyent qisqa esse yozadi.

3. Xorijiy tillarni (ingliz, fransuz va nemis tillari) bilish darajasini aniqlash (Test, 30 ball):

3.1 Abituriyent test bajaradi.

❗️Diqqat! 2022-yilda dastlabki (ichki) imtihon JIDU hududida bo‘lib o‘tadi.

✅Dastlabki imtihonning maksimal ballari miqdori 100 ballni tashkil etadi.

▪️Barcha savollar bo‘yicha umumiy 50 ball va undan yuqori ballni to‘plagan abiturientlarga JIDUga o‘qishga kirish uchun Davlat test markazi tomonidan o‘tkaziladigan bakalavriatga kirish test sinovlarini belgilangan tartibda topshirishlariga ruxsat beriladi.

❗️Faqatgina dastlabki imtihonni muvaffaqiyatli topshirgan abiturientlargina Davlat test markazining abituriyentlarni ro‘yxatdan o‘tish portali – https://abitur.dtm.uz/ manziliga kirib yo‘riqnoma bo‘yicha JIDU ta’lim yo‘nalishlarini tanlash imkoni beriladi. 

⚡️Shuningdek, o‘zlari xohlagan turli OTMlardan JIDU ta’lim yo‘nalishlarini hisobga olganda jami 5ta gacha ta’lim yo‘nalishlarini tanlashlari mumkin.