30.06.2021 509

Tanlov

Tashqi ishlar vazirligida 29-iyun kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti talabalari oʻrtasida oʻtkazilgan “Eng yaxshi ilmiy maqola” tanlovi gʻoliblarini taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi.

Tanlov bakalavr va magistratura bosqichi talabalari hamda stajyor ilmiy tadqiqotchilar oʻrtasida oʻtkazildi. Undan koʻzlangan maqsad talabalarni milliy va umumbashariy qadriyatlar haqida mulohaza yuritishga, xalqaro aloqalar, iqtisodiy, huquqiy munosabatlar toʻgʻrisida mantiqiy fikrlashga jalb qilishdan iborat.

– Biz kadrlar zaxirasini Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti bitiruvchilari safidan olamiz. Talabalarga ilmiy izlanishlariga koʻmaklashish, mustaqil hayotga yordam berish maqsadida har bir yoshga vazirlikning tajribali xodimlari biriktirilgan. 

Bundan tashqari, har yili talabalar orasida turli koʻrik-tanlovlar oʻtkazamiz. Jumladan, oʻtgan yili “Eng yaxshi diplom ishi” tanlovini oʻtkazdik. Gʻoliblar Oʻzbekiston Respublikasining Avstriya, Fransiya va Rossiya Federatsiyasidagi elchilari tomonidan faxriy yorliq va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlangan. Bu yil esa anʼanaviy tanlovni biroz kengaytirishga qaror qildik. 

Shu maqsadda talabalar oʻrtasida “Eng yaxshi ilmiy maqola” tanlovini tashkil etdik. Ushbu ilmiy izlanishlar yoshlarga xalqaro munosabatlarda qiyosiy, ilmiy va tahliliy mulohaza yuritishni oʻrgatadi, – dedi Tashqi ishlar vazirligi Kadrlar va taʼlim boshqarmasi boʻlim boshligʻi Shaydogul Zokirova.

Tadbirda tanlovga kelib tushgan 59 ta ilmiy ish Tashqi ishlar vazirligining tajribali diplomatlaridan iborat kengash tomonidan koʻrib chiqildi. Gʻoliblar vazir tashakkurnomasi va qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlandi.

– Tanlovda “Germaniya hukumatining koronavirus davrida tutgan yoʻli” nomli ilmiy maqolam bilan qatnashib gʻolib boʻldim. Ilmiy ishimni yozish mobaynida Germaniya haqida yanada koʻproq maʼlumotlarga ega boʻldim. Vazirlik tomonidan amalga oshiriladigan har bir loyiha biz kabi boʻlajak diplomatlar uchun juda muhim. 

Ushbu jarayonda ishtirok etar ekanmiz, bilimlarimizni sinovdan oʻtkazamiz, amaliyotda qoʻllaymiz va tajriba almashamiz, – dedi JIDU Xalqaro iqtisodiyot va menejment fakulteti 3-bosqich talabasi Gulmira Hamdamova.

Yulduz OʻRMONOVA, OʻzA

Manba: OʻzA