30.09.2020 1468

QADRLI JAHON IQTISODIYOTI VA DIPLOMATIYA UNIVERSITETI PROFESSOR-O‘QITUVCHILARI, AZIZ HAMKASBLARIM!

Sizlarni qutlug‘ sana – 1-Oktyabr, O‘qituvchi va murabbiylar kuni bilan chin dildan muborakbod etaman.

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining O‘zbekiston Respublikasi oliy o‘quv yurtlari orasida alohida o‘rni va mavqeyi bor. Bu universitetning minglab O‘zbekiston yoshlarining orzusiga aylangani, mazkur dargoh bitiruvchilarining yurtimiz ravnaqi yo‘lidagi sifatli va halol mehnatlari e’tirof etilayotganida Sizning hissangiz katta.

Yosh avlodni har tamonlama yetuk, o‘z sohasining bilimdonlari qilib tarbiyalashda, ularning salohiyatlari va imkoniyatlarini yuzaga chiqarishda, ijodkorlik xislatlarini kashf etishda, jahon kadrlar bozorida raqobatbardosh mutxassislarni yetishtirishda zamon talablariga hamohang fikrlaydigan, tinmay izlanish va rivojlanishda bo‘lgan  – Siz aziz o‘qituvchilarning o‘rningiz beqiyosdir.

O‘qituvchilik, ayniqsa, bugungi shiddatli va talabchan davrda naqadar mas’uliyatli, sharafli va mashaqqatli kasb ekanligini chin dildan his etaman. Ayniqsa, butun dunyoning umumiy dardiga aylangan pandemiya sharoitida masofaviy ta’lim shaklida faoliyat ko‘rsatish ushbu kasbning mas’uliyati va javobgarligini yanada oshiradi. Biz, barchamiz, hamjihat va yelkadosh bo‘lib zimmamizdagi mashaqqatli burchimizni ado etishimizga hamda odatdagi osoyishta kunlarga munosib tarzda yetishimizga ishonaman.

O‘zim ham shu qadrdon go‘shada tahsil olganman, shu bois menga aziz ustozlarimni-kasbdoshlarimni hammamizning ayyomimiz bilan yana bir bor samimiy qutlashga ijozat bergaysiz.

Samimiy tilaklar ila,
JIDU rektori Komiljon Hamidovich Karimov