11.09.2021 552

Barcha jonzotlar ichra eng qudratlisi Insondir, zero unga tafakkur qobiliyati ato etilgan. Biroq bu bebaho xislat yaratuvchilik, ezgulikka ham, vayronkorlik, buzgʻunchilikka ham xizmat qilishi mumkin. Hayot mazmunini insonning oʻzi boyitadi yoki qashshoqlikka mahkum etadi.

Inson komillikka intilishi, katta maqsad va orzular bilan yashashi, hazrat Navoiy aytganidek, “el gʻamini” oʻz gʻami deb bilishi, yoxud maydalashib, oʻz huzur-halovatidan boshqasini oʻylamasligi, jamiyatdagi jarayonlarga loqayd, befarq umrguzaronlik qilishi - oʻzining tanlovidir. Lekin gap faqat yashash tarzidagina emas, tanlovning atrofdagilar, umuman, jamiyatga taʼsiri haqida oʻylab koʻraylik. Maydagap, faoliyatsiz, har bir narsadan kir qidiradigan odamning buyuk maqsadi, kelajakka ishonchi, chiroyli orzularga intilib yashash tuygʻusi boʻlmaydi. Agar bu kayfiyatni boshqalarga ham yuqtiraversa, jamiyat tanazzulga uchrashi hech gap emas. Bu nafaqat uning, balki jamiyatning fojiasi boʻladi. Hayotda insonning ezgulik yoʻlida qilgan har bir yaxshi amallari xalqimizda savob deyiladi, bu esa uning maʼnaviy yuksakligi, keng tafakkuri, intellektual salohiyati, ezgu qarashlariga bogʻliqdir. Maʼrifatdan uzoqlashish esa odam ongining tobora qashshoqlashib, fikr doirasining torayib borishiga olib keladi. Mana shunday fikri tor insonlar jamiyatda boʻlayotgan tub islohotlarga goʻyoki oʻz nazdida baho berar ekan, yuzsizlarcha barcha jarayonga loy chaplayveradi, hammani tanqid ostiga olaveradi.

Taassufki, biz oʻqimay qoʻydik. Ulkan merosimiz, boy xazinamizni, ming afsuski, aksariyat yoshlarimiz chuqur bilmaydi. Vaholanki, buyuk allomalarimiz ham oʻz taʼlimotini, fikrini asoslashda diniy va dunyoviy qadriyatlar, ilmiy yutuqlar, bilim va tajribaga tayangan holda xulosa chiqarganlar. Xalqimiz shoiri “alif ham chiqmaydi qornini tilsang, hammani oʻziga oʻxshatadi u” deya taʼriflagan johil insonlarning ijtimoiy tarmoqlardagi fikrlarini oʻqirkansan, fikrlashdagi sayozlik, tafakkurning torligi yana shu ilmsizlik mevasi ekanligidan tashvishga tushasan.

Xoʻsh, bunday insonlarning oʻzlari dunyoga nima uchun kelganlari, yashashdan maqsadlari, atrofidagilarga boʻlgan munosabatlarida zigʻircha boʻlsa ham, axloqiy, huquqiy mezonlarga tayanib hukm chiqarayotganlari toʻgʻrisida mulohaza qilarmikan? Loaqal bir marta boʻlsa ham, inson oʻziga shu savolni berganda edi, bilim hamda diniy, maʼnaviy, milliy qadriyatlarga tayangan holda xulosa chiqargan boʻlardi. Axir oʻzbek millatiga xos bagʻrikenglik, mulohazakorlik, insonparvarlik, andishaliligi, hurmat, oʻylab gapirish buning barchasi yuksak tafakkur belgisidir. Jamiyatni faqat birgalikda taraqqiy ettirib, olgʻa siljitish mumkin. Hamjihatlik, ahillik, mushtaraklik, birdamlik bilan ezgu maqsadga erishiladi. Balandparvoz, siyqasi chiqqandek tuyulsa-da, bir fikrni aytishni joiz deb bildim: har bir inson jamiyatdagi jarayonga xudbinlarcha, oʻz manfaatidan kelib chiqib, baho berishga haqli emas.

Buyuk Amir Temur yozadi: “... bu martabada turib xalqqa yetkazayotgan yordaming va nafing, sen qilgan butun ishlaring-u harakatlaringning eng oliysidir”. Yana shuni eshitdimki, hazrati paygʻambarimizdan, unga Tangrining marhamatlari va salomlari boʻlsin, soʻrabdilar: “Agar siz nabiy va rasul etib yuborilmaganingizda, qaysi ish bilan mashgʻul boʻlardingiz”. Ular shunday deb javob bergan ekanlar: “Sultonlar xizmatida boʻlishni ixtiyor etib, Tangri taoloning bandalariga foyda va yaxshilik yetkazardim.” Shunday ekan, jamiyatimizda boʻlayotgan ulkan oʻzgarishlarga befarq tomoshabin boʻlib turishga hech birimizning haqimiz yoʻq.

Jamiyatimiz demokratik islohotlar jarayonida ulkan oʻzgarishlar silsilasida yashayapti. Saylovlar eng muhim demokratik jarayondir. Chunki bizning qarorimiz, ovoz berish huquqimiz va haqiqiy fuqarolik pozitsiyamizning mavjudligini koʻrsatuvchi jarayon. Bugungi jamiyatimizda biz saylovlarga muhim ahamiyat beramiz, zero demokratiyaning asosiy xususiyatlari saylovda amalga oshiriladi va odamlar kelajakdagi siyosiy jarayonlarga taʼsir koʻrsatish uchun munosib nomzodni qoʻllab-quvvatlaydi.

Demokratiyani kelajak avlod uchun ham saqlab qolishimiz zimmamizdagi oliy burchimizdir. Shu maʼnoda yurtimizning kelajagiga ovoz berish fuqarolik tuygʻusi, davlatimizga boʻlgan hurmat, boringki, vatanparvarlik va masʼuliyatni namoyon etishdir. Zero, saylov kelajak uchun masʼuliyatdir. Insoniyat tarixida ming yillar davomida yurt aholisi oʻz hukmdorlari, rahbarlarini saylashda ishtirok eta olmagan. Zamonaviy tarixda koʻplab taraqqiy etgan mamlakatlarda, shu jumladan, Oʻzbekistonda ham davlat rahbari umumiy ovoz berish yoʻli bilan saylanadi. Va davlat rahbari saylovlarida ishtirok etish har bir mamlakat fuqarosining vazifasidir.

Ishonchim komilki, har bir oʻzini va oʻz mamlakatini hurmat qilgan fuqaro butun yurtimiz taqdiri va kelajagini belgilovchi tadbirlarda albatta ishtirok etadi. Ota-bobolardan meros yurtni, ularning omonatini, farzandlar va nabiralar taqdiriga befarq boʻlmasdan, kelajak avlodga munosib yetkazish uchun ham saylovlarda ishtirok etishimiz zarur. Bu siyosat bizga taalluqli emas, bizning ovozimiz hech nimani hal qilmaydi, deb oʻylayotganlar nafaqat loqaydlik, befarqlik, balki buzgʻunchilik kayfiyatini tarqatib, jamiyatimizdagi yangiliklarga, oʻzgarishlarga oʻzi bilmagan holda gʻov boʻladi. Axir bu yurt uning avlodlarining ham vatani emasmi? Oddiygina falsafa: dunyo yorugʻ boʻlishini istasang, uyingda chiroq yoq, deydi xalqimiz. Shunday ekan, har birimiz gardanimizdagi masʼuliyatni unutmaylik.

Mehribon ABDURAHMONOVA,
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti oʻzbek va rus tillari kafedrasi mudiri.

Manba: Jamiyat №36(761) 2021 yil 9 sentyabr