15.04.2021 1088

Bugun boʻlib oʻtgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri oʻrtasidagi onlayn-sammit ikki tomonlama hamkorlikning barcha sohalarini atroflicha qamrab olgani bilan chuqur ahamiyat kasb etadi.

Unda koʻtarilgan muhim masalalar qatori taʼlim va fan yoʻnalishlariga ham ustuvor ahamiyat qaratilgani ilmiy jamoatchilikda katta qiziqish uygʻotdi.

Chunki tarixi, urf-odat va madaniyati oʻzaro uygʻun boʻlgan xalqlarimiz mazkur yoʻnalishda hamkorlik borasida nihoyatda katta salohiyat va imkoniyatlarga egadir.

Avvalo, taʼkidlash kerakki, taʼlim sohasidagi hamkorlik Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Pokiston Islom Respublikasi Hukumati oʻrtasida 1992-yil 27-iyunda imzolangan “Madaniyat, sogʻliqni saqlash, fan, texnika, kadrlar tayyorlash, turizm, sport va ommaviy axborot sohasida hamkorlik qilish toʻgʻrisida”gi Bitim doirasida amalga oshirib kelinmoqda.

Shu bilan birga, tomonlarning oʻnga yaqin oliy oʻquv yurtlari oʻrtasida taʼlim sohasidagi hamkorlik toʻgʻrisidagi qator memorandum va bitimlar imzolangan.

Maʼlumki, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti nafaqat respublikamizda, balki Markaziy Osiyo va butun MDH davlatlari orasida urdushunos mutaxassislar tayyorlaydigan asosiy oliy taʼlim muassasalaridan biri hisoblanadi.

Janubiy va Janubiy Osiyo tillari kafedrasi 1947-yilda tashkil topgan boʻlib, unda malakali professor-oʻqituvchilar tomonidan urdu tili, urdu adabiyoti, shuningdek, urdu tili leksikologiyasi, nazariy grammatikasi hamda tarixi kabi maxsus kurslar oʻqitib kelinmoqda. Bu yerda 2009-yildan beri “Pokiston markazi” faoliyat yuritib kelayotgani tahsinga sazovordir.

Oʻzbek olimlari – T. Xolmirzayevning “Urdu tili xrestomatiyasi”, A. Ibrohimovning “Urdu-oʻzbek mushtarak soʻzlar lugʻati” va “Urdu tili leksikografiyasi” kabi qoʻllanma va darsliklari keng oʻqitib kelinmoqda. Filologiya fanlari doktori Ansoriddin Ibrohimovning mazkur lugʻatida 3 mingdan ziyod ikki xalqqa mansub umumiy soʻz va birikmalar kiritilgani ham elu yurtlarimiz til, madaniy va maʼnaviy jihatdan qanchalik yaqin ekanligini yana bir bor koʻrsatadi.

Soʻnggi yillarda pokistonlik talabalarning respublikamiz oliy taʼlim maskanlariga qiziqishi ortib borayotgani eʼtiborga molik. Bu Oʻzbekistonning taʼlim sohasida oʻziga xos mintaqaviy xabga aylantirish strategiyasining hayotga muvaffaqiyatli tatbiq etilayotganini ham tasdiqlaydi.

Jumladan, Oʻzbekiston Milliy universiteti, Toshkent tibbiyot akademiyasi, Toshkent Xalqaro Vestminster Universiteti, Andijon davlat tibbiyot instituti, Namangan muhandislik-texnologiya instituti, Samarqand davlat tibbiyot instituti, Toshkent tibbiyot akademiyasi Urganch filiali, Fargʻona jamoat salomatligi tibbiyot instituti, Buxoro davlat tibbiyot institutlarida yuzlab pokistonlik talabalar tahsil olmoqda. Shuningdek, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti mazkur oyda Pokiston diplomatik xizmat Akademiyasi bilan yaqin aloqalar oʻrnatdi.

Oʻz navbatida taʼkidlanganidek, joriy yil fevralda Panjob universiteti huzurida Bobur tavalludining 538-yilligiga bagʻishlab, “Bobur merosi markazi” hamda Peshavor universitetida Alisher Navoiy tavalludining 580-yilligi munosabati bilan “Alisher Navoiy markazi” tashkil etilgani Pokiston jamoatchiligini oʻzbek milliy adabiyoti va buyuk ajdodlarimiz merosi bilan yaqindan tanishtirishga xizmat qiladi.

Albatta kelgusida, urdushunoslik, manbashunoslik sohalarida ikki davlat oliygohlari oʻrtasida aloqalarni kuchaytirish, qoʻshma ilmiy tadqiqotlar oʻtkazish, professor-oʻqituvchilar va tadqiqotchilarning qisqa muddatli malaka oshirish kurslarida ishtirok etishi katta samara berishi shubhasiz.

Gulnoza Ismailova,
yuridik fanlari doktori,
JIDU ilm-fan va innovatsiyalar boʻyicha prorektori

Manba: OʻzA