13.04.2019 1849

Anjumanni oʻtkazishdan maqsad: Jamiyatda xotin-qizlar faolligini oshirish.

Hayotimiz asosi, koʻrki va millatimiz kelajagi ayol boʻlib kelgan va shunday boʻlib qoladi. Bugungi kunda oʻz aqli, bilimi va isteʼdodi, mehnatsevarligi va shijoati bilan hayotning hal qiluvchi sohalarini tebratib – bu oila bekaligi boʻladimi, davlat va jamiyat boshqaruvi, tibbiyot taʼlim-tarbiya, madaniyat ilm-fan taraqqiyoti boʻladimi, fermerlik harakati va kasanachilik, kichik biznes tadbirkorlik boʻladimi mana shunday murakkab vazifalarni ayollar samarali ado etib kelmoqdalar. Bugungi kun ayolining ilmi, iqtidori, zakovati ijodkorligi, yaratuvchanligi dunyoni yana bir karra lol qoldirmoqda. Oʻzlikni anglash, barkamol shaxsni voyaga yetkazish, sogʻlom turmush tarzini yaratish, tarixiy qadriyatlar, milliy anʼanalar davomiyligini taʼminlash, xatto jamiyatni demokratlashtirish kabi global muammolarni ayolsiz, uning ishtirokisiz tasavvur etish qiyin. Shunday ekan, bugungi Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi Ishlar vazirligi qoshidagi Jaxon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, Havo Xujumidan Mudofaa va Harbiy havo Qoʻshinlari qoʻmondonligi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat Boshqaruv Akademiyasi bilan xamkorlikda oʻtkazilayotgan anjumanning asosiy maqsadi aynan quyidagilarga qaratilgan.

Jamiyat rivojida ayollarning oʻrnini koʻrsatib berish. Ayniqsa, onalik va bolalikni muhofaza qilishga qaratilgan qonunlar ijrosini taʼminlash hamda fidoyi, yuksak salohiyatli, izlanuvchan, bilimdon, oʻz kasb-korining ustasi boʻlgan xotin-qizlarning jamiyat ijtimoiy hayotidagi faolligini oshirish, xotin-qizlarning huquqiy, ijtimoiy, madaniy manfaatlarini muhofaza qilish, ularning faoliyatiga halaqit berayotgan toʻsiqlarni bartaraf etishning chora-tadbirlarini koʻrish masalalari boʻyicha fikr yuritish. Shuningdek, xotin-qizlarning bandligi masalasini hal qilishga koʻmaklashish, mehnat qilish va dam olishlarini tashkil etish kabi masalalarga koʻproq eʼtibor qaratish.

Qizlarni oilaviy hayotga tayyorlash, shuningdek, yoshlar tarbiyasiga qaratilgan madaniy tadbirlar, anjumanlar va forumlar, seminarlar, uchrashuvlar, koʻrik-tanlovlar, koʻrgazmalar va sport tadbirlarini koʻproq tashkil etish masalalarini muxokama etishdan iboratdir.

Anjuman ishtirokchilarining “JIDU olimalarining diplomatik kadrlarni tayyorlashdagi oʻrni”, Fuqarolik jamiyati rivojlanishida “Sogʻlom avlod uchun” jamgʻarmasining oʻrni, “Xarbiy xizmatchilar oilalarining jamoat tashkilotlari bilan oʻzaro xamkorlikda olib borayotgan ishlari”, “Oʻzbekiston taraqqiyotida ayollarning maʼnaviyati”, “Bugungi kun ijodkor ayolining jamiyatdagi oʻrni” va “Davlat xizmatlarida gender tenglikni taʼminlashning nazariy-huquqiy asoslari ” boʻyicha oʻqilgan maʼruzalari anjuman masalalarining mazmun-moxiyatini belgilab berdi.