09.04.2019 1015

Universitetimiz o`z bag`rida ko`plab iqtidorli va har tomonlama rivojlanishga chanqoq talabalarni jamlaganiga shubha yo`q, albatta. Bizning talabalarimiz o`quv jarayonidan tashqari sport, aktyorlik, amaliy san`at, rassomlik va yana turli sohalarda o`zlarining yuqori mahoratini ko`p bora isbotlaganlar. Bugun universitetda o`zining bo`sh vaqtini musiqaga oshnolikda o`tkazadigan, ayniqsa, rok-musiqa shinavandalari bo`lganlar uchun o`ziga xos kun. Negaki aynan bugun universitetimiz rok guruhi o`zining tashkil etilganiga uch yil to`lganini nishonlamoqda.

The Rock Ambassadors – 2016-yilda tashkil etilgan JIDU talabalar rok guruhi. Guruh, asosan, rok dunyosida mashhur bo`lgan kompozitsiyalarni ijro etadi va ularga kaverlar bastalaydi. Rok – bu dunyoga boshqacha nazar bilan qarovchi, o`z falsafasiga ega bo`lgan musiqadir. Guruh a`zolari mana shunday san`at turi bilan tanishtirish orqali o`z do`stlari bo`lmish universitet talabalarining, bo`lajak diplomatlarning dunyoqarashini yanada boyitishni asosiy maqsad etib belgilagan.

Rok-guruhi tashkil etilgan paytda uning tarkibi guruh asoschilari bo`lgan ikki kishidan, ya`ni Xalqaro munosabatlar fakulteti 1-kurs talabalari Sardor Xalikov (gitara) va Muhammadaziz Xakimov (zarbli cholg`ular)dan iborat edi. Maftunkor ovoz sohibasi, o`sha paytlari Xalqaro iqtisodiy munosabatlar fakulteti 2-kurs talabasi bo`lgan Ra`no Saparniyazova guruhga birinchi vokal ijrochisi bo`lib kirdi. Universitet tadbirlaridagi bir muncha muvaffaqiyatli chiqishlardan so`ng guruh tinglovchilarning e`tiborini torta boshladi. Keyinchalik guruhga birin-ketin gitarachilar – Behzod Rahmatullayev (XIM fakulteti) va Maqsud Mirjonov (XH fakulteti) lar qo`shildilar. Shundan so`ng rok-bend o`zining hozirgi “The Rock Ambassadors” nomini oldi.

Guruh rok-musiqaning turli janrlarida ijod qilgani uchun universitetning ko`plab iqtidorli talabalari bilan hamkorlik qilib boradi va doimiy tarzda o`z tarkibiga yangi a`zolarni jalb qiladi. Zulfiya Gafurova (vokal, klavishli cholg`ular, XH fakulteti), Sevara Sultanova (klavishli cholg`ular, XH fakulteti), Aziza Ibragimova (vokal, XM fakulteti), Fotima Xalmetova (klavishli cholg`ular, XM fakulteti), Fathullo Nigmanov (vokal, XH fakulteti) kabi talabalar turli yillarda guruh a`zolar sifatida ijod qilganlar va hamon hamkorlikni davom ettirmoqdalar. Bundan tashqari, guruh o`z faoliyatida vorislik tamoyiliga qattiq amal qiladi: universitetni tamomlayotgan guruh a`zolari o`rnini yangi avlod vakillari egallashi lozim. Niyoz Siddiqov (vokal, gitara, XM fakulteti) va Jahongir Berkinov (klavishli va zarbli cholg`ular, XH fakulteti)ning yangi a`zolar sifatida guruh tarkibiga qo`shilishlari esa The Rock Ambassadors faoliyatida ijobiy iz qoldirdi. Hozirda to`rt talaba guruhning doimiy a`zolari sifatida ijod qilmoqda – Niyoz Siddiqov, Behzod Rahmatullayev, Muhammadaziz Xakimov, Jahongir Berkinov.

Bugunga kelib The Rock Ambassadors JIDU talabalari orasida katta qiziqish uyg`otgan va o`z tinglovchilariga ega bo`lgan rok-guruhi bo`lib shakllandi hamda universitetdagi va boshqa muassasalardagi tadbirlarda o`zining yorqin chiqishlari, doimiy konsertlari bilan muxlislarini xursand qilmoqda. Rokerlarimizni musiqiy faoliyatning uch yilligi bilan qutlagan holda, ularga ijod sohasida omadlar, yana yangi marralarni zabt etishlarini va ular boshlagan musiqaviy faoliyatni munosib vorislar davom ettirishini tilab qolamiz.