10.10.2018    12:16    2294

Shu kunlarda OAV va analitik doiralarda prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Fransiya Respublikasiga qilgan davlat tashrifi qizg`in muhokama qilinmoqda. Mazkur siyosiy voqeaning muvaffaqiyatli kechishi uchun qulay muhit yaratishda uning mohiyati, ikki davlat uchun ahamiyati haqidagi fikrlarni keng jamoatchilikka munosib tarzda yetkazish alohida o`rin tutadi. Ushbu jarayonda siyosiy sharhlovchilar, jurnalistlar va siyosatshunos-ekspertlardan yuksak professional mahorat talab etiladi.

Bugun aynan shu masala bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi vakili, siyosatshunoslik fanlari doktori, JIDU bitiruvchisi Sardor Usmonov Xalqaro munosabatlar fakulteti 4-kurs talabalari bilan uchrashdi. Bo`lib o`tgan uchrashuvda ikki davlat o`rtasidagi aloqalarga bag`ishlangan ma`ruzani tinglash bilan birgalikda talabalar, xalqaro munosabatlar sohasidagi bo`lajak kadrlar sifatida, ushbu davlat tashrifi, ahamiyati va uni keng ommaga yoritish masalalari bo`yicha professor bilan o`zaro fikr-mulohazalarini almashdilar.

O`z ma`ruzasi boshida O`zbekiston-Fransiya aloqalari tarixi va hozirgi holati haqida gapirar ekan, professor ularni har tomonlama tahlil etish va real tarzda baholash lozimligiga urg`u berdi. O`tmishdagi obyektiv siyosiy vaziyatlar tufayli ikki davlat o`rtasidagi siyosiy, madaniy va ayniqsa, savdo-iqtisodiy munosabatlar anchayin sust holda bo`lganligi va bu har ikkala tomonning salohiyatiga umuman mos kelmaganligi eslab o`tildi.

Fransiya davlat rahbari taklifi bilan uyushtirilgan ushbu tashrif davlatlarimiz o`rtasidagi aloqalarni jonlantirishga qaratilgan. Shu o`rinda ma`ruzachi mavjud istiqbolli aloqalarni yanada rivojlantirish uchun o`zbek diplomatiyasi oldida turgan vazifalarga ham to`xtaldi. Munosabatlarning yangi bosqichga ko`tarilishidan ikkala tomon ham manfaatdor ekanini qayd etgan holda, “...hattoki, ko`plab fransuz analitiklari ham O`zbekiston bilan aloqalarni mustahkamlash borasida Fransiya uchun qulay geosiyosiy muhit yuzaga kelganini ta`kidlamoqdalar” – deydi professor Sardor Usmonov.

Professorning fikriga ko`ra, shu davlat tashrifi kabi muhim siyosiy voqealarning tomonlar uchun samarali natija berishida OAV ning muhim o`rni bor. Bu borada ham professor O`zbekistondagi OAV ning yutuq, xato va kamchiliklarini sanab o`tib, ular haqida o`z fikr-mulohazalarini bildirdi. Ma`ruzadan so`ng professor talabalar tomonidan berilgan savollarga batafsil javob berdi.

Uchrashuvdan so`ng professor JIDU tarbiyalanuvchilarining hozirgi avlodiga iliq tilaklarni izhor etib, o`zining alma mater rivojiga har tomonlama hissa qo`shishga tayyor ekanini bildirdi.