06.09.2018    16:33    1390

Joriy yilning 5-sentabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida Fridrix Ebert nomidagi Fondning mintaqaviy direktori X. Kifer hamda ushbu fondning O’zbekistondagi ofisi rahbari N. Rezyapova bilan uchrashuv bo’lib o’tdi.

Mazkur uchrashuv davomida mehmonlar O’zbekistonda amalga oshirilayotgan keng qamrovli siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy o’zgarishlar haqida batafsil ma’lumot oldilar. O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning “Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti faoliyatini tubdan takomillashtirish to’g’risida”gi Farmoni ijrosi doirasida Universitetda olib borilayotgan ulkan o’zgarishlar haqida to’liq ma’lumot oldi.

Muzokaralar davomida tomonlar JIDU va Fridrix Ebert nomidagi Fond o’rtasidagi sherikchilik munosabatlarining yanada rivojlanish istiqbollarini muhokama qilishdi. Germaniyalik vakillar JIDU akademik salohiyatidan foydalangan holda qo’shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish, hamda germaniyalik yetakchi mutaxassislarni jalb qilgan holda ijtimoiy-siyosiy va ilmiy-ma’rifiy tadbirlar o’tkazishga katta qiziqish bildirishdi. Fridrix Ebert Fondi vakillari JIDU qoshida faoliyat olib borayotgan Xalqaro iqtisodiy va siyosiy tadqiqotlar markazi hamda Xalqaro huquqiy tadqiqotlar va qiyosiy ommaviy huquqi markazi bilan o’zaro manfaatli hamkorlikni o’rnatishga tayyor ekanliklarini bildirishdi.

Fridrix Ebert fondi Germaniyaning ulkan sotsial-demokratik an’analarga ega eng nufuzli siyosiy fondi hisoblanadi. Fondga 1925-yilda asos solingan. Fondning asosiy faoliyati sotsial-demokratiyaning eng muhim ideallari va qadriyatlarini hayotga tatbiq qilishdan iborat. Notijorat tashkilot bo’lgan holda Fond o’zining faoliyatini mustaqillik tamoyillariga asoslanib amalga oshirmoqda.

Fondning ofisi Toshkentda 1997-yildan buyon faoliyat yuritib kelmoqda.