12.06.2018    13:16    283

Yoshlarni mamlakatimizda yuz berayotgan o‘zgarishlarga keng jalb qilish hamda islohotlar jarayonida ularning faol ishtirokini ta’minlash – davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Bugungi kunda ularga amalga oshirilayotgan islohotlarda faol ishtirok etishlari uchun ko‘plab imkoniyatlar berilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoev 2017 yil 12 iyuldagi Oliy Majlis palatalari, siyosiy partiyalar hamda O‘zbekiston Ekologik harakati vakillari bilan bo‘lib o‘tgan video selektor yig‘ilishidagi ma’ruzasida “Oliy Majlis Qonunchilik palatasi binosiga yigit-qizlar erkin kirib chiqadigan muhit va sharoit yaratilishi zarururligi, yoshlar qonun qabul qilish jarayonlaridan boshlab, partiyalar o‘rtasida raqobat bo‘ladigan majlis va tortishuvlarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rishi va deputatlar bilan muloqot qilishi lozim”ligi xaqida to‘xtalib o‘tgan edi.

Shu munosabat bilan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari institutida “Yosh qonunshunoslar klubi” tuzilib, u Institut hodimlari, oliy ta’lim muassasalari talabalari, magistrantlari va iqtidorli yoshlar vakillaridan iborat tarkibda tashkil etildi.

2018 yil 11 iyun kuni Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti qoshida tashkil etilgan “Yosh qonunshunoslar klubi” Muvofiqlashtiruvchi hay’atining Klub a’zolari bilan birinchi majlisi o‘tkazildi. Majlisda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis huzuridagi Qonunchilik muammolari instituti Direktori tashkil qilingan Klubning maqsad va vazifalari, kelajakdagi rejalariga to‘xtalib o‘tib, Klub a’zolarini qiziqtirgan savollarga javob berdi. Majlis davomida Klub a’zolari yo‘nalishi bo‘yicha seksiyalarga taqsimlanib, tegishli bo‘limlarga biriktirildi.

Majlisning ikkinchi qismida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga tashrif buyurgan BMT Bosh kotibining yoshlar masalalari bo‘yicha elchisi – Djayatmi Vikramanayake bilan suhbat bo‘lib o‘tdi. Suhbat davomida “Yosh qonunshunoslar klubi”ning faoliyati, maqsad va vazifalari, uning yosh qonunshunoslarni shakllantirishda tutgan o‘rni haqida so‘z yuritilib, jamiyatimizda yoshlarning siyosiy-huquqiy madaniyatini oshirish haqida o‘zaro fikr almashildi.

Djayatmi Vikramanayake bugungi kunda yoshlarning jamiyatdagi faolligini yanada oshirishga doir bir qator taklif va tavsiyalar berdi.

Tadbir ishtirokchilari taqdimot marosimi yakunida Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlislar zali, o‘quv xonalari, kutubxona hamda milliy parlamentimiz tarixi bilan yaqindan tanishdilar.